Xizmat ko’rsatishining yangi usuli
26.05.2009
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Jasur Atajanov.

pic

Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlarida (AAKT) kitobxonlar asosan tizimning elektron katalogidan foydalanib, buyurtmalar beradilar va buyurtmalarning bajarilishi to’g’risidagi ma’lumotlarga ega bo’ladilar.

Faraz qilamiz, kutubxonaning fondida 50 000 nomdagi adabiyotlar saqlanmoqda. AAKT kutubxonaga tatbiq qilina boshlangach, 5000 kitobning bibliografik elementlari (kitob sarlavhasi, muallifi, nashriyot nomi, nashr etilgan yil va boshqalar) kiritilgan. AAKT to’liq faoliyat ko’rsatishi uchun 50 000 nomdagi kitoblarning bibliografik tavsifi AAKTning elektron katalog (EK) bazasiga kiritilishi shart, aks holda, faqat EK bazasidagi ma’lumotlar bilangina xizmat ko’rsatish mumkin bo’ladi. Bu holat AAKTning samarasini keskin pasaytirib yuboradi.

pic

Shunday qilib, AAKTdan foydalanib EK orqali xizmat ko’rsatishni yo’lga qo’yishda EK bazasida bo’lmagan adabiyotlarga «maxsus buyurtma» asosida buyurtma berishni tashkil qilishga ehtiyoj tug’iladi. Boshqacha qilib ayt-ganda, kutubxonaning EK bazasida bo’lmagan adabiyotlarga kutubxonaga bormay turib, masofadan buyurtmalar berish algoritmini ishlab chiqish va u asosida dasturiy vosita yaratish zarurati tug’ildi. Mazkur algoritm va dasturiy vositadan AAKTlar yaratishda foydalanish mumkin. Maxsus buyurtma EK asosida shakllantiriladigan buyurtmadan farqli ravishda, kitobxon o’ziga kerakli adabiyotni quyida keltirilgan beshta ko’rsatkich orqali o’z buyurtmasini shakllantiradi:
I. sarlavha (kiritish majburiy bo’lgan ko’rsatkich);
II. muallif yoki mualliflar (kiritish majburiy bo’lgan ko’rsatkich);
III. ISBN raqam;
IV. nashr etilgan yili;
V. nashriyot nomi.

Sanab o’tilgan ko’rsatkichlar asosida EK maydonlarini to’ldirish kitobxonlarga ortiqcha qiyinchilik tug’dirmaydi. Bu ko’rsatkichlar orasida kitobxon so’ralayotgan adabiyotning muallifi va sarlavhasini yozib to’ldirishi majburiydir. Quyida maxsus buyurtma berish jarayonining algoritmi berilgan:
— kitobxon AAKT orqali o’z shaxsiy kabinetiga kiradi;
— kerakli adabiyot kutubxona EKdan topilmagach (biz shu holni ko’ramiz), adabiyotni yuqorida sanab o’tilgan beshta ko’rsatkichdan tashkil topgan so’rovnomani to’ldiradi va kutubxonachi ishchi sahifasiga jo’natadi;
— kutubxonachi so’ralgan ko’rsatkichlar asosidagi adabiyotni avval EKdan qidiradi, agar topilmasa, kutubxona fondidan izlaydi. Qidirish boshlanishidan oldin kutubxonachi buyurtmaga «izlan-moqda» degan statusni o’rnatadi. Bu status kitobxonga uning buyurtmasi qidirilayotganligi haqidagi ma’lumotni beradi;
— qidiruv tugagach, kutubxonachi qidiruv natijasiga mos status («tayyor», «qo’lda», «o’quv zalida», «mavjud emas») ni o’rnatadi;
— kitobxon o’z buyurtmasiga «tayyor» statusini o’rnatilganligini ko’rsa, adabiyotni qabul qilib olish uchun kutubxonaga tashrif buyurishi mumkin. 1-rasmda kitobxonning EKda topilmagan adabiyotlarga buyurma berish (maxsus buyurtma) va uni qayta ishlash jarayonini axborotli modeli keltirilgan.

pic

Ushbu xizmat turi KARMAT oilasiga kiruvchi AAKT’larda mavjud. Quyida kitobxonning maxsus buyurtma berishi va buyurtmani bajarilish jarayoni KARMAT-M tizimi misolida keltirilib o’tilgan. Kitobxon o’ziga kerakli adabiyotni EKdan topa olmagach, o’z shaxsiy kabinetidagi Maxsus buyurtma menyusiga kiradi va quyida keltirilgan ko’rsatkichlar asosida o’z buyurtmasini shakllantiradi (2-rasm).

Kutubxonachi kitobxon buyurtmasi Maxsus buyurtmalar bilan ishlash sahifasi orqali qayta ishlashi mumkin. Kutubxonachi buyurtmani ko’rgach, «Qidirilmoqda», «Qo’lda», «O’quv zalida», «Mavjud emas», «Tayyor» statuslaridan mosini o’rnatadi, ya’ni agar adabiyot izlanayotgan bo’lsa, «Qidirilmoqda», bunday adabiyot kutubxonada mavjud bo’lmasa yoki boshqa bir sabab bilan kitobxonlarga berilmaydigan bo’lsa «Topilmadi», agar buyurtma topilsa, «Tayyor» statusini o’rnatadi (3-rasm). Kitobxon esa o’z shaxsiy kabineti orqali, buyurtmasining holati haqidagi ma’lumotga ega bo’ladi.

pic

Agar kitobxon so’rayotgan adabiyot topilsa, u kitobni qabul qilish uchun kutubxonaga keladi va so’ragan adabiyotini qabul qiladi.
— Buyurtma esa bajarilgan buyurtmalar bo’limiga borib tushadi va kitobxonning shaxsiy kabinetida ham tasvirlanadi. Adabiyotni qabul qilish va qaytarib berish jarayoni xuddi EK asosidagi buyurtmalarni qayta ishlash jarayoniga o’xshash bo’lganligi sababli ular ustida to’xtalib o’tirmaymiz.

Xulosa qilib aytganda, ushbu texnologiya EK ga kiritilmagan adabiyotlarga buyurtma berish hamda buyurtmani bajarish muammosini hal etibgina qolmasdan, balki kutubxonachilik ishida eng muhim o’rinni egallagan:
— kutubxonaga qanday yangi kitoblar olamiz;
— elektron kataloglashtirishni dastlab qaysi adabiyotlardan boshlaymiz;

kabi muammolarni hal qilishda statistik ma’lumot vazifasini ham bajaradi. Bundan tashqari, maxsus buyurtma bajarilmagan ya’ni kutubxonadan topilmagan holatda ham, kitobxon uchun ham, kutubxona uchun ham juda foydali hisoblanadi. Chunki, kitobxon kutubxonaga tashrif buyurmasdan turib, o’ziga kerak bo’lgan adabiyotni kutubxonada mavjud emasligi haqidagi ma’lumotga ega bo’ladi, kutubxonaga esa yuqorida sanab o’tilgan muammolarni hal qilishda qimmatbaho axborot rolini o’ynaydi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq