Ta’lim tizimini axborotlar bilan ta’minlash
03.05.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Ulug'bek Karimov.

pic

Uzluksiz ta’lim tizimini axborotlar bilan ta’minlash muammosi bugungi kunda ta’lim muassasalari oldidagi hal qilinishi zarur bo’lgan o’ta dolzarb vazifalar qatoriga kiradi. Axborotlar oqimining yuqori sur’atlarda ortib borishi, ularni yig’ish, qidirish, saqlash, ishlov berish va iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlarini murakkablashtirib yubormoqda.

Texnika va texnologiyalarning jadal sur’atlarda rivojlanishi ham axborotlar oqimining kundan-kunga ortib borishiga sabab bo’lmoqda. An’anaviy kutubxonalar negizida tashkil qilinayotgan elektron kutubxonalar bu muammolarni yechishda asosiy omillardan biri hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlardagi axborot resurslari ishlab chiquvchi yetakchi firma va kompaniyalari ishtirokida o’tkazilgan xalqaro seminar-taqdimot O’zbekistonlik kitobxonlarni chet ellarda yaratilgan elektron resurslar bilan tanishtirish bilan cheklanib qolmay, balki o’zaro foydali shartnomalar tuzishni ham nazarda tutgan edi.

pic

Elektron kutubxona tarmoqlarida ilmiy-texnikaviy, ilmiy-ta’limiy axborotlar yaratish va ulardan foydalanish texnologiyalari bo’yicha muammolarni o’rganish va ularni yechish masalalariga bag’ishlangan xalqaro seminar 18-20 mart kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasida va Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetida o’tkazildi.

Seminarda jahondagi elektron resurslar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalarning ilmiy-ta’limiy resurslar bo’yicha dolzarb elektron ma’lumotlar bazalari va O’zbekistonda yaratilayotgan elektron resurslar hamda avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlarining taqdimotlari o’tkazildi.

Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan mutaxassis Daniel Verner Scott — «Emerald Group Publishing», Yevropa mamlakatlari bo’yicha savdo menejerining «Emerald Management Xtra — ta’lim olish va tadqiqotlar olib borish uchun muhit» taqdimoti ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mazkur taqdimotning maqsadi «Emerald Group» va akademik tadqiqotlar bazasi «Emerald Management Xtra» ni foydalanuvchilarga tanishtirishdan iborat. «Emerald Management Xtra» ma’lumotlar bazasi tarkibiga menejment bo’yicha taqriz berilgan jurnal maqolalarining to’liq matnlari va elektron kitoblar; menejment bo’yicha yetakchi jurnallarning sharhlari va annotatsiyalari kiritilgan.

pic

Ma’lumotlar bazasi on-layn rejimida kutubxonachi, muallif, o’qituvchilar, tadqiqotchi va dekanlarning ehtiyojlarini qondiradi. Ma’lumotlar bazasiga biznes, menejment, kutubxonashunoslik, axborot va texnika fanlari sohasiga oid 200 nomdagi jurnallar kiritilgan bo’lib, jurnallar kolleksiyasining egiluvchan modeli va o’ziga xos baholar tizimiga ega. «Emerald Management Xtra» — xalqaro ma’lumotlar bazasi bo’lib, unda 140 mamlakatdan mualliflar o’z maqolalari bilan ishtirok etadilar. Jurnallarga cheklanmagan, global va doimiy kirish ta’minlangan. Taqdimotda Emerald Management Xtra’ning asosiy funksiyalari va foydalanuvchilarga yaratilgan qulayliklar yoritildi.

Koreyalik mutaxassis, EBSCO Publishing kompaniyasining Osiyo va Afrika mamlakatlarida savdo bo’yicha direktori KYUNG SOO YI’ning — «EBSCOhost 2.0: Enhancing the Electronic Resource Searching» mavzusidagi taqdimoti O’zbekistonga taklif qilingan EBSCOhost’ning akademik va tadqiqotlarga mo’ljallangan on-layn-resurslarini yoritdi. EBSCOhost 2.0 Web’ning takomillashtirilgan interfeysi resurslarni tez va qulay qidirishni ta’minlaydi. Foydalanuvchilarni har tomonlama testdan o’tkazish orqali EBSCOhost 2.0 rivojlantirildi. EBSCOhost 2.0 texnologik jihatdan murakkab, ammo tanish egiluvchan qidiruvni turli variantlarda sozlashni taklif qiladi. EBSCOhost’dagi kompleks qidiruv, takomillashtirilgan qidiruvni, qidiruv sifatini va tezlikni oshirish hamda mijozlarga xizmat ko’rsatish va bahoni taqdim qilishga mo’ljallangan. Taqdimotda axborotlar, ma’lumotlar bazalarining sharhi, mazmuni va bilimlar sohasi bo’yicha berilgan. EBSCO Publishing kompaniyasining mahsulotlari O’zbekistondagi barcha OTM kutubxonalarida mavjud. Bugungi kunda mazkur kompaniyaning O’zbekistonga taklif qilayotgan ma’lumotlar bazalarida 25 000 dan ortiq nomdagi jurnallarning to’liq matnlari joylashtirilgan. Bu ma’lumotlar bazalaridan O’zbekistonlik shifokorlar samarali foydalanishmoqda.

pic

«Elektron Arxiv» korporatsiyasi, muzeylar bilan ishlash departamenti menejeri E.S. Mokeyev tomonidan taqdim etilgan «Madaniyat muassasalari uchun elektron axborot resurslari yaratish» mavzusidagi taqdimotida madaniyat sohasida faoliyat olib borayotgan muassasalar uchun elektron axborot resurslari yaratish masalalari yoritilgan. «Elektron arxiv» (ELAR) korporatsiyasi faoliyati, vazifasi va taklif qilinayotgan xizmatlar hamda kutubxona kartochkalarini skanerlash usullari haqida ma’lumotlar berilgan. Bulardan tashqari, arxivlarda va kutubxonalarda ishlatishga mo’ljallangan skanerlarning funksional imkoniyatlari to’g’risida ma’lumotlar keltirilgan.

«Elektron arxiv» korporatsiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasida amalga oshirilgan loyihalar haqida batafsil axborot berilgan.

pic

Rossiyalik mutaxassis Galina Karmishinskayaning «ProQuest: fan, ta’lim va amaliyotda universal axborot resurslari» mavzusida dissertatsiyalarning to’liq matnli ma’lumotlar bazalari to’g’risidagi ma’ruzasi ma’lumotlarga boyligi bilan yig’ilganlarni juda qiziqtirdi. ProQuest bazasiga obuna bo’lish shartlari va undan foydalanish imkoniyatlari tushuntirib berildi.

Texnika fanlari doktori, professor M. A. Raxmatullayev tomonidan «O’zbekiston kutubxonalari tarmoqlarida ilmiy-ta’limiy va ilmiy-texnikaviy axborot resurslari» mavzusidagi ma’ruza seminar ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Ma’ruzada elektron resurslardan foydalanish va yaratish tizimini takomillashtirish, axborot va kutubxona sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo’yicha xalqaro loyihalar to’g’risida so’z bordi. Bundan tashqari, axborot-resurs markazlari, O’zbekiston Milliy kutubxonasi, arxivlar va boshqa tashkilotlar orasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Ilmiy-ta’limiy va ilmiy-texnikaviy axborotlarning elektron kutubxona tarmoqlari bazasida respublikaning axborot infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish konsepsiyasi taklif qilindi.

pic

Seminar ishtirokchilari diqqatiga O’zbekistonda ishlab chiqarilgan AKM, ARM va kutubxonalar faoliyatini avtomatlashtirishga mo’ljallangan tizimlarning taqdimoti ham havola qilindi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «Axborot texnologiyalari markazi» direktori — S. Arziqulov tomonidan taqdim etilgan — TUIT eLIB «Integrallashgan kutubxona-axborot tizimi» deb nomlangan taqdimot kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirishga mo’ljallangan bo’lib, O’zbekistonda ishlab chiqilgan tizimlardan biridir. TUIT eLIB 1.0 dasturiy ta’minoti zamonaviy veb-texnologiya asosida yaratilgan bo’lib, unda JSP, JSF, XML, XQuery, XPath, Hibernet (ORM) kabi bir qator dasturlash texnologiyalaridan ham foydalanilgan. Tizimning o’ziga xos jihatlaridan biri unda bibliografik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlashda zamonaviy XML texnologiyasidan foydalanilganidadir.

pic

Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi va Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat instituti mutaxassislari tomonidan hamkorlikda yaratilgan umumta’lim maktablari axborot-resurs markazlari faoliyatini avtomatlashtirishga mo’ljallangan tizim (KARMAT M) Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ARM xodimlarining e’tiborini tortdi. Mazkur dastur Maktab ARM faoliyatini avtomatlashtirishga mo’ljallangan bo’lib, uning interfeysi ikki tilda, tizimning ichki formati MARC 21 asosida tashkil qilingan.

Seminarda «Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasining elektron resurslari» mavzusidagi taqdimoti Milliy kutubxonaning «Avtomatlashtirish» bo’limi mudiri N. Mardiyev tomonidan tinglovchilar e’tiboriga havola qilindi. Taqdimotda Milliy kutubxonaning elektron resurslari to’g’risida batafsil axborot berildi. Resurslar orasida Turkiston tarixiga oid ma’lumotlarning 594 tomlik to’plami tinglovchilarning e’tiborini tortdi.

Seminarda Respublikamiz OTM axborot-resurs markazlari rahbarlari, yetakchi mutaxassislar, mazkur sohada ilmiy-tadqiqot olib boruvchi olimlar, aspirantlar, magistrantlar talabalar ishtirok etishdi. Xalqaro seminar ta’lim tizimini axborotlar bilan ta’minlash ishini rivojlantirish, takomillashtirish va ta’lim samaradorligini yuksaltirishga munosib hissa qo’shishiga umid bildiramiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq