Axborot texnologiyalari ta’lim tizimini takomillashtirish omilidir
23.04.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Maxsuda Tillyashayxova.

pic

Global kompyuter tarmog’i — Internetning rivojlanishi natijasida, jahon ta’lim tizimi takomillashuvining yangi istiqbollari paydo bo’ldi. Hozirda ta’limning an’anaviy usullari Internet, kompyuter va kommunikatsiya tizimlarini qo’llashga asoslangan o’qitishning yangi uslublari bilan boyib bormoqda.

Ta’limni isloh qilish bo’yicha 1997-yilda davlatimiz tomonidan qabul qilingan asosiy hujjatlardan biri O’zbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlovchi ta’lim muassasalarida o’quv jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), kompyuterlashtirish va kompyuter tarmoqlari negizida tashkil etish zarurligi alohida ta’kidlangan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-mayda qabul qilingan «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risidagi qarorda kadrlar tayyorlash sohasini takomillashtirish, mamlakatimiz salohiyatini oshirishning demokratik davlat va bozor iqtisodiyotiga asoslangan fuqarolik jamiyati qurishning muhim shartlaridan biri sifatida belgilandi.

XXI asrning har bir ma’rifatli, ziyoli kishisi albatta, axborot texnologiyalarini yaxshi egallagan bo’lishi shart. Binobarin, aksariyat hollarda, inson faoliyati uning axborotga ega bo’lganlik darajasi, ushbu axborotlardan samarali foydalana olish qobiliyatlariga bog’liq bo’lib qolmoqda. Ixtiyoriy soha bo’yicha zamonaviy mutaxassis vaqt sayin oshib borayotgan axborot oqimida bemalol yo’l topa olishi uchun, u kompyuterlar, telekommunikatsiya va boshqa aloqa vositalari yordamida tegishli axborotni ola bilishi, qayta ishlay hamda ulardan foydalana olishi kerak. Axborot texnologiyalari hozirgi kunda insonlar ish faoliyatining samaradorligi va ish unumini oshiruvchi vosita sifatida qaralmoqda.

Ta’lim jarayonini axborotlashtirish:
— shaxsning intellektual va ijodiy qobiliyatini rivojlantirishiga;
— jamiyatning har bir a’zosini o’z malakasini oshirish va faoliyat sohasini o’zgartira olishiga;
— tezkor ta’lim uchun shart-sharoit yaratish va masofaviy ta’lim samarasini oshirishga imkon beradi.

Axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish bo’yicha jamiyatimizning tez sur’atlar bilan o’sib boruvchi ehtiyojlari oliy ta’lim muassasalarida auditoriya va auditoriyadan tashqari mashg’ulotlarda elektron qo’llanmalar, virtual stendlar, Internet tarmog’i imkoniyatlaridan foydalangan holda masofaviy o’qitish, shuningdek, masofaviy ta’limni joriy etish bilan bog’liq izchil nazariy hamda amaliy tadbirlar bajarilishini taqozo etadi. Axborot texnologiyalariga asoslangan holda masofaviy ta’lim bo’yicha mavjud ilmiy nashrlarning tahlili shuni ko’rsatadiki, ta’lim jarayonida bunday ta’lim usulidan foydalanish masalasiga asosan, jahon miqyosida yangi pedagogik texnologiyalarga o’tish bilan bog’liq muammo sifatida e’tibor qaratilgan va bu borada sezilarli natijalarga erishilgan.

Masofaviy ta’lim (MT) — bu turli geografik mintaqalarda joylashgan o’qituvchi va talabani bir-biri bilan bog’lovchi jarayon bo’lib, o’zaro aloqalar maxsus texnologiyalar yordamida amalga oshirilib, unda pochta, telefaks orqali tipografik bosma materiallar almashish, audiokonferensiya, videokonferensiya, kompyuter orqali virtual konferensiya kabi turlicha usullar qo’llaniladi. Ta’lim muassasasidan uzoqda yashovchilar, qatnab o’qish uchun sharoiti bo’lmaganlar, malakasini oshirishni xohlovchilar, nogironlar va yana boshqa turli sabablarga ko’ra, bevosita oliy ta’lim muassasalarida bilim olish imkoniyatiga ega bo’lmaganlar o’rtasida masofadan turib, bilim va ta’lim olishga talab ortib borishi tabiiy. Ayniqsa, ish bilan band bo’lgan katta yoshdagi kishilar, ikkinchi mutaxassislik bo’yicha ta’lim olishni xohlovchilar uchun masofaviy ta’lim juda qulay vositadir.

O’zbekistonda masofaviy ta’lim tizimining rivojlanishi, xalqimizga faqat sifatli ta’lim berishnigina ta’minlab qolmasdan, u yana mamlakatimizning ta’lim xizmatlari xalqaro bozorida o’z o’rnini egallashiga ham imkon yaratadi. Axborot olamida o’zining muhim o’rniga ega bo’lib borayotgan iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichi inson hayotida tanlagan kasblarini qayta o’zgartirishlari va muntazam ravishda, malakalarini oshirib borishlarini talab etmoqda. Shu bois, ta’lim sohasi ham jamiyat hayotining iqtisodiy sohasida o’ziga xos ahamiyatga ega bo’lib, ta’lim faoliyati esa, jamiyat iqtisodiy rivojlanishining muhim bo’lagi bo’lib qolmoqda.

Bugungi kunda O’zbekistonda MT tizimiga asosan, aholining quyidagi qatlami:
— kichik shahar, tuman va qishloqlardagi o’rta umumta’lim maktablari o’quvchilari;
— turli darajadagi menejerlar;
— boshqaruvning hududiy tashkilotlari rahbarlari;
— harbiy xizmat zobitlari tarkibi;
— mehnat birjalarida ro’yxatdan o’tgan, ishsiz va ish joyi qisqartirilgan kishilar;
— ikkinchi oliy ma’lumot olmoqchi bo’lgan yoki kasbini o’zgartirmoqchi bo’lgan kishilar;
— ilmning biror-bir sohasida o’z malakasini oshirish istagi bo’lgan kishilar;
— nogironlar muhtoj hisoblanadi.

Umuman olganda, iqtisodiy rivojlangan davlatning asosiy omili, bu, aholining o’qimishlilik darajasi va sifati hamda ta’lim tizimining bozor talablariga mosligidan iborat. Hozirda iqtisodiyotning ilmiy jihati yuksak bo’lishida aholi savodxonligi, shu jumladan, oliy ma’lumotli aholi salmog’ining yuqori bo’lishi, shu bilan birga, axborot-kom-munikatsiya texnologiyalarining aholi o’rtasida keng tarqalgan bo’lishi muhim o’rin tutadi. Davlat statistika qo’mitasining ma’lumotlariga ko’ra, Oliy ta’lim muassasalarida (OTM) ta’lim olayotgan talabalar soni o’zgarishiga e’tibor qaratilsa, uning tendensiyasi barqaror ravishda ortib borayotganligini kuzatish mumkin. Agar mamlakatimizda 2005-yilda oliy ta’lim muassasalarida 263600 nafar talaba ta’lim olayotgan bo’lsa, 2006 yilda talabalar soni 278700, 2007-yilda 286300 nafarni tashkil qilgan. Bugungi kunda esa mamlakatimizning 65 ta OTM da 300000 dan ortiq talaba ta’lim olmoqda ([url=http://www.prostranstvo.ru/news/news/show/1190369371.htm]http://www.prostranstvo.ru/news/news/show/1190369371.htm[/url]).

pic

OTMda bir kompyuterga to’g’ri keladigan talabalar soni 2006-yilda — 14,9 ta; 2007-yilda — 14,4 ta; 2008-yilda esa — 12,8 talabani tashkil qilgan (2-rasm).

Mamlakatning jahon axborot hamjamiyatiga kirib borishining rivojlanish dinamikasini aniqlashda so’nggi yillarda mobil aloqa abonentlarining va Internet foydalanuvchilari sonining o’sish dinamikasi mezon bo’la oladi. O’zbekiston Respublikasida Internet tarmog’idan foydalanuvchi aholining asosiy qismini shahar markazlarida yashovchilar tashkil qiladi. Internetdan foydalanuvchilar soni 2008-yilning yanvar oyida 2,01 mln. kishi, ya’ni 1000 fuqaro hisobiga 74 foydalanuvchini tashkil etmoqda. (Security.uz). Respublika bo’yicha Internetlashtirishning 2002-2008 yillardagi ma’lumotlari quyidagi jadvalda keltirilgan (1-jadval).

O’zbekistonda mobil telefon aloqalarining texnologiyalari ham yetarli darajada jadal rivojlanmoqda. O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining ma’lumotlariga ko’ra, 2008-yil 1-iyulida mamlakatda 9 million atrofida mobil aloqa abonentlari hisobga olingan. 2008-yilning 1 yanvarida mobil aloqadan foydalanuvchilar soni 5,8 mln. nafarni tashkil qilgan edi (2-jadval).

Hozirgi vaqtda Internet tarmog’iga ulanish usullaridan «Mobil aloqa yordamida bog’lanish» keng qo’llanilmoqda va ushbu xizmat turidan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda. Bu esa aholiga ta’lim olishda, xususan, masofaviy ta’lim olishda keng imkoniyatlar yaratadi.

pic

O’zbekiston hukumati axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida ko’plab ishlarni amalga oshirmoqda. Buni qabul qilinayotgan qonunlar, mamlakat Prezidenti farmon va qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan ham ko’rish mumkin. Aholiga Internet-xizmatlari ko’rsatish huquqini beruvchi litsenziyalar olishda hech qanday cheklanishlarning mavjud emasligi ham bunga misol bo’la oladi. Internet-provayderlar sonining ortib borishi, Internet-kartalarning barcha joylarda keng tarqalishi ham aholiga tarmoqda ishlashni qulaylashtirmoqda. Hozirda ADSL-bog’lanishlarni taklif qiluvchi xizmat turlari rivojlanib bormoqda.

2008-yil 1-yanvar holatiga ko’ra, ma’lumotlar uzatish, jumladan, Internet tarmog’iga ulanish xizmatini ko’rsatuvchi xo’jalik yurituvchi subyektlar soni — 781 ta, jamoa punktlarining umumiy soni 776 tani tashkil etdi. Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 362 Mbit/s.ga yetdi (O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 2007-yil yakunlari. [url=http://www.aci.uz]www.aci.uz[/url])

Yuqoridagi tahlillarga ko’ra, xulosa sifatida aytish mumkinki, O’zbekiston Respublikasi ta’limi, xususan, oliy ta’limga talab yillar davomida ortib borayotganligidan dalolatdir. Shu bilan birga, O’zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yuqori darajada rivojlanganligi ham masofaviy ta’limni amalga oshirish uchun yetarli shart-sharoitlar mavjudligini bildiradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq