Kriptografiya sohasida yangi kitoblar
22.04.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Oydin Axmedova.

pic

Hozirgi kunda har qanday rivojlangan davlatda axborot va telekommunikatsiya texnologiyalarining jamiyatda egallagan o’rni tobora yuksalib bormoqda. O’zbekiston Respublikasi ham axborotlashtirish sohasida keskin o’zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. O’zbekiston Respublikasining «Telekommunikatsiyalar to’g’risida», «Axborotlashtirish to’g’risida»gi, «Elektron raqamli imzo», «Elektron hujjat aylanishi» to’g’risidagi qonunlari va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to’g’risida» gi Farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Telekommunikatsiyalar va ma’lumotlar uzatishning milliy tarmog’ini rivojlantirish, davlat boshqaruviga elektron texnologiyalarni joriy etish, elektron tijoratni rivojlantirish kabi farmonda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi O’zbekiston Respublikasining bu sohada buyuk davlatlar qatoridan munosib o’rin egallashiga katta ishonch paydo qildi.

Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanib borishi, jamiyat faoliyatining keng sohasida turli axborot xizmatlarining vujudga kelishiga olib keldi. Ayniqsa bank va boshqa to’lov tizimlarida, davlat va jamiyat manfaatlari bilan bog’liq muhim ma’lumotlarni almashish hamda tahlil qilishda, tez va ishonchli ma’lumot almashinuvi talab etiladigan tizimlarda axborot muhofazasi masalalari dolzarb hisoblanadi. Haqiqatan ham har qanday ma’lumot u yoki bu ma’noda axborot-kommunikatsiya tizimi foydalanuvchilarining manfaati bilan bog’liq. Axborot muhofazasini ta’minlash: huquqiy-me’yoriy hujjatlar, texnik vositalar va kriptografik algoritmlar hamda protokollar negizida yaratilgan milliy dasturiy, apparat-dasturiy va apparat-texnik vositalarning birgalikda qo’llash bilan samarali amalga oshiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qator farmon va qarorlarida Respublikamizda axborot texnologiyalarini rivojlantirishning aniq yo’nalishlari belgilab berilib, bu soha mutaxassislariga faollik ko’rsatish uchun shart-sharoitlar yaratilib berilmoqda. Ayniqsa, axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida asosiy yo’l bo’lgan kriptografiya yo’nalishini rivojlantirishga davlatimiz tomonidan ham katta ahamiyat berilmoqda. Prezidentimizning 2007-yil 3-aprelda qabul qilgan «O’zbekiston Respublikasida axborotning kriptografik himoyasini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risidagi» PQ-614-son qarori shular jumlasidandir. Mazkur qarorning asosiy vazifalaridan biri axborotning kriptografik muhofazasi sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iborat. Buning uchun kriptografiya yo’nalishida o’zbekzabon talabalar, aspirant-tadqiqotchilar va ilmiy xodimlar uchun mo’ljallangan o’quv qo’llanmalar, darsliklar, uslubiy qo’llanmalar va kitoblar ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu sohada O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazining mutaxassis xodimlari faollik ko’rsatib kelmoqda. Ularning kriptografiya sohasida olib borgan tadqiqot natijalari ishlab chiqilgan bir qancha davlat standartlari va me’yoriy hujjatlar sifatida namoyon bo’ldi.

2008-yilda O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchi Xasanov Xislat Po’latovich tomonidan yozilgan «Takomillashgan diamatritsalar algebralari va parametrli algebra asosida kriptotizimlar yaratish usullari va algoritmlari» kitobi bosmadan chiqdi. Ushbu kitob tadqiqotchining so’nggi yillarda olib borgan tadqiqotlari natijasini o’z ichiga olib, unda kriptografiya sohasidagi yetakchi davlatlar AQSH, Rossiya va Yevropa mamlakatlari davlat standartlari va algoritmlari bilan bir qatorda hozirgi kunda eng ko’p qo’llaniladigan, eng ishonchli deb tan olingan kriptografik algoritmlarni yaratishga asos bo’lgan umumiy yondashuvlar, algebraik strukturalar va funktsiyalar bayon etilgan. Kitob kriptografiya sohasida o’zbek tilida chiqarilgan ilk ochiq nashr bo’lib, unda asosan kriptografik tizimlar yaratishga yangicha yondashuvlar, yangi algebraik strukturalar yoritilgan.

Ushbu kitobda yoritilgan barcha kriptoalgoritmlar va takomillashgan diamatritsalar algebrasi va parametrli algebraik strukturalar respublikamizda axborot va kommunikatsiya tizimlarining axborot xavfsizligi muammosini hal qilishda, yangi kriptotizimlar ishlab chiqishda va kriptografiya yo’nalishida ilmiy-tadqiqotlar olib borishda keng qo’llanilishi mumkin.

2009-yilda esa Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi katta ilmiy xodimi f-m.f.d. Akbarov Davlatali Yegitaliyevich tomonidan yozilgan «Axborot xavfsizligini ta’minlashning kriptografik usullari va ularning qo’llanilishi» kitobi bosmadan chiqdi.

Ushbu kitobda kriptografiyani fan sifatida shakllanish davrlari, uning ilmiy asoslari, axborot xavfsizligini ta’minlashning asosiy masalalari, bu masalalar yechimlarining kriptografik vositalari va uslublari, ularni axborot-kommunikatsiya tizimlarida qo’llanilishi ilmiy asosda yoritilgan. Axborot xavfsizligini ta’minlashning kriptografik vositalari bo’lgan: shifrlash, xesh-funktsiya va elektron raqamli imzoning mavjud standart algoritmlari tahlil qilinib, apparat-texnik va apparat-dasturiy ta’minotlari qulay bo’lgan yangi, samarali va kriptobardoshli algoritmlar taklif etilgan. Kriptoalgoritmlar uchun bardoshli kalitlar ishlab chiqish va ularni boshqarish masalalarining mavjud yechimlari tahlil qilinib, yangi kriptobardoshli kalitlar generatsiya qilish algoritmlari va kalitlarni boshqarish protokollari taklif etilgan.

Yuqorida keltirib o’tilgan kitoblar kriptologiya fanini o’rganuvchilar, bu sohada ilmiy izlanishlar olib boruvchilar, bakalavr va magistrantlar uchun qo’llanma sifatida tavsiya etilishi hamda o’quv muassasalarida kriptografiya fanidan ta’lim berishda keng qo’llanilishi mumkin.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq