Maqsad — har jihatdan yetuk mutaxassislarni tayyorlash
20.04.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: O. Meliyev.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi PQ-91 sonli «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to’g’risida»gi qaroriga asosan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va uning viloyatlardagi 5 ta filiali, jumladan, Samarqand filiali ham 2005-2006 o’quv yilidan boshlab faoliyat ko’rsata boshladi. TATU Samarqand filiali faoliyati uchun Samarqand shahri markazidan bino ajratildi va juda qisqa vaqtda zamonaviy talablar asosida sifatli ta’mirlandi. Jumladan, kompyuter va o’quv, laboratoriya xonalari ta’lim standartlari asosida jihozlandi. Filialning axborot resurs markazi (ARM) tashkil etilib, kerakli adabiyotlar bilan ta’minlandi, hozirgi kunda uning fondi o’n to’rt mingdan ortiq ilm manbalarini o’z ichiga oladi.

Filial o’z faoliyatini «Axborot va pedagogik texnologiyalar» fakultetining «Informatika va axborot texnologiyalari» yo’nalishi bilan boshlagan bo’lsa, hozirda fakultetda to’rtta yo’nalish, ya’ni «Informatika va axborot texnologiyalari», «Kasb ta’limi (informatika va axborot texnologiyalari)», «Telekommunikatsiya» va «Servis (axborot servisi)» yo’nalishlarida mingdan ortiq yoshlar axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilm sirlarini o’rganmoqdalar.

Fakultetda 5 kafedra mavjud, bular: Informatika va axborot texnologiyalari; umumkasbiy fanlar; tabiiy fanlar; ijtimoiy-gumanitar fanlar; tillar va jismoniy tarbiya kafedralaridir.

Filialda 93 nafar professor-o’qituvchi, jumladan, 8 nafar professor va fan doktorlari, 37 nafar dotsent va fan nomzodlari talaba-yoshlarga ta’lim yo’nalishlari bo’yicha bilim berish bilan birga, ularning ma’naviy yetuk inson sifatida, jonajon Vatanimizni sevish, unga sidqidildan xizmat qilishlari yo’lida tarbiyaviy ishlarni amalga oshirmoqdalar. Filial faoliyatida qulayliklarni yaratish va boshqaruvni zamonaviylashtirish maqsadida ma’muriyat xodimlari, fakultet dekanati, o’quv, ma’naviyat va ma’rifat, talabalar bilan ishlash hamda xodimlar bo’limi, axborot-resurs markazi, kafedralar, shuningdek, xo’jalik bo’limi bilan lokal tarmoq orqali bog’lanish yo’lga qo’yilgan.

Filialda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining qarorlari, farmoyish hamda buyruqlari, «Ta’lim to’g’risidagi qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» va davlat ta’lim standartlari kabi me’yoriy hujjatlarda belgilangan vazifalar muntazam ravishda bajarilib kelinmoqda. Talabalar o’qitilayotgan barcha fanlar o’quv mashg’ulotlarida zamonaviy pedagogik va innovatsiya texnologiyalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Filial o’quv va talabalar turar joyi binolarida 9 ta zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan xonalar, 2 ta elektron kutubxona, Internet tarmog’i va o’quv hamda ilmiy laboratoriyalardan talabalar, professor-o’qituvchilar unumli foydalanmoqdalar. 2005-2008 yillar mobaynida filial professor-o’qituvchilari ilmiy, ilmiy-uslubiy va yoshlar tarbiyasiga oid Respublika hamda xalqaro miqyosda o’tkazilgan bir qator ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etdilar.

2005-2008 yillarda filialning iqtidorli va faol talabalari 15 ta yo’nalish bo’yicha turli tanlovlarda ishtirok etib, 400 dan ortiq shahar, viloyat, mintaqaviy respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar g’olibligini qo’lga kiritdilar. Uch yil mobaynida o’tkazilgan talaba va magistrantlarning ilmiy anjumanlari materiallari asosida ikki yuzdan ortiq maqolalarni jamlagan anjuman to’plamlari chop etildi. Xalqaro va respublika anjumanlarda 50 ga yaqin iqtidorli talaba va magistrantlar ma’ruza bilan ishtirok etdilar. Nazariy va amaliy jihatdan qiziqish uyg’otgan iqtidorli talaba va magistrantlarning ilmiy ishlari natijalarining o’ndan ortig’i xalqaro va 30 dan ortig’i respublika anjumanlari materiallarida chop etildi.

Filialning 80 nafar talabalari xalqaro «Yosh dasturchilar» kursini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat sohibi bo’ldilar. «Yosh dasturchilar» kursida hozirgi kunda 20 nafar talaba ta’lim olmoqda. Iqtidorli talabalar tomonidan erishilgan yutuqlar shahar, viloyat va respublika ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilib kelinmoqda. Filialning iqtidorli talabalari xalqaro va respublika ilmiy anjumanlarida faol ishtirok etib keladilar. Filialning iqtidorli talabalaridan: 1 nafar (magistrant) — Prezident stipendiyasi, 3 nafar (3-bosqich talabalari) — Beruniy nomidagi stipendiyasi, 3 nafar (3-bosqich talabalari) — Aloqa va axborotlashtirish agentligi stipendiyasi, 5 nafar (3-bosqich talabalari)-Radioaloqa va elektronika ilmiy tekshirish jamiyatining stipendiyasi sohiblari, 3 nafar (1-3 bosqich talabalari)-Mehr nuri stipendiyasi tanlovi g’oliblari, 1 nafar (magistrant) — «Yoshlar yili» davlat dasturi bo’yicha «Talabalar bahori — 2008» tanlovi g’olibi, 4 nafar (1-4 bosqich talabalari) — «Kelajak ovozi» megatanlovining respublika bosqichi g’oliblari, 6 nafar (2005-2006 o’quv yilda II va III o’rinlar — Fanlar olimpiadasining 2 fan bo’yicha respublika bosqichi g’oliblari, 2006-2007 o’quv yilida II va III o’rinlar, 2007-2008 o’quv yilda III va II o’rinlar), 3 nafar (Middle Asia regioni — Dasturlash bo’yicha jahon birinchiligi, 47 jamoa o’rtasida III o’rin), 18 nafar (Middle Asia regioni -Dasturlash bo’yicha jahon birinchiligining chorak finali g’oliblari (6 jamoada 3 nafardan iqtidorli va faol talabalar) ekanligi bilan faxrlansa arziydi.

2008-yil 10-12 may kunlari Urganch shahrida o’tkazilgan «Al-Xorazmiy-2008» hududiy tanlovida filial iqtidorli talabalari jamoasi ishtirok etib, faxrli ikkinchi o’rinni egalladilar. Shuningdek, filial talabalari jamoasi dasturlash bo’yicha jahon chempionatining chorak va yarim final musobaqasida ishtirok etdilar. 2008-yilda «Kelajak ovozi» tashabbuslar markazi tomonidan o’tkazilgan tanlovning respublika bosqichida filial talabalari faol ishtirok etib, «Axborot texnologiyalari» yo’nalishi bo’yicha faxrli birinchi o’rinni egalladi. «Kelajak ovozi» tashabbuslar markazi tomonidan o’tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida filial jamoasi birinchi o’rinni egalladi. Samarqand viloyatida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan va boshqa yo’nalishlardagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bilan, jami 12 ta o’rta maxsus ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda faoliyat yo’lga qo’yilgan. Filial talabalari ushbu ta’lim muassasalarida o’quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini o’tamoqdalar. Samarqand viloyati va shahrida turli yo’nalishlar hamda mavzularda tashkil etilayotgan xalqaro, ilmiy, amaliy-uslubiy anjumanlar, tadbirlar, seminarlarda TATU Samarqand filialida mehnat faoliyatini o’tayotgan axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi olimlar, mutaxassislar tajribalaridan hamda texnik jihozlaridan samarali foydalanilmoqda, jumladan: 2007-yil 22-26 may kunlari Samarqand shahrining 2750 yilligiga bag’ishlangan «Samarqand shahrining umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan o’rni» mavzusidagi ilmiy simpoziumi; 2007-yil 19-20 oktabr kunlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Matematika va axborot texnologiyalari instituti hamda Samarqand davlat universiteti hamkorligida «Dinamik sistemalar va nokorrekt masalalar nazariyalarida yangi yo’nalishlar» mavzusida xalqaro anjuman; 2007-2009 yillarning yanvar oylarida Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarining shahar, tuman hokimlari va ularning o’rinbosarlari ishtirokidagi mintaqaviy o’qish dasturini amalga oshirish anjumani; 2009-yil 9-10 fevral kunlari Yevropa tajribasi asosida O’zbekiston oliy ta’lim muassasalarining reyting tizimini rivojlantirishga qaratilgan TeMPUS fondining SCM-T076V06 loyihasi bo’yicha xalqaro seminar; 2009-yil 9-12 fevral kunlari «O’zbektelekom» AK ning «Muhandislik-texnikaviy markazi» rejasi bo’yicha «Samarqand telekom» mutaxassislari uchun «ADSL modemlarni o’rganish va qo’llash» bo’yicha mintaqaviy seminarni alohida ko’rsatish mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, ko’rsatmalari, asar va ma’ruzalarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, o’quv yili davomida amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha alohida tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uning ijrosi muntazam ta’minlanib kelinmoqda. Bulardan tashqari, O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda mahalliy hokimiyatlar qarorlari, buyruqlari, modemnomalari, shuningdek, topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida jamoa tomonidan amalga oshirilishi zarur bo’lgan vazifalar belgilanib, dasturlar tayyorlanmoqda.

Talabalar o’rtasida sog’lom turmush tarzini yaratish bilan birga, yoshlarning milliy-ma’naviy qadriyatlarini e’zozlashlari, Milliy istiqlol g’oyalari ruhida hamda mustaqilligimizni ardoqlovchi va unga xizmat qiluvchi talaba-yoshlarni tarbiyalash maqsadida akademik guruhlar murabbiylari faoliyati yo’lga qo’yilgan. Talabalarning darslardan bo’sh vaqtlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, turli to’garaklar, sport seksiyalari mavjud. Hozirgi vaqtda filialda 12 turdagi fan to’garaklari va 4 ta sport seksiyalari faoliyat ko’rsatmoqda.

Filialda muddatli harbiy xizmatni o’tagan yuzdan ortiq talabalar tahsil olib kelmoqdalar, ular o’quv yili davomida fanlarni o’zlashtirishda tengdoshlariga namunali bo’lish bilan birga, filial o’quv va talabalar turar joyi binolarida navbatchilikni o’tamoqdalar. Ular filial va viloyat miqyosida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda tinchlikni ta’minlash maqsadida tuzilgan «Alpomish» guruhi a’zolari hisoblanib, barcha tadbirlarda va jamoat ishlarida faol bo’lib, muntazam hushyorlikni ta’minlab kelmoqdalar.

Bulardan tashqari, harbiy xizmatni o’tagan yoshlar talabalarning yozgi ta’tili davomida «Kamolot» YOIH rahbarligida tashkil etilayotgan «Bunyodkor yoshlar» mehnat otryadlarining faol a’zolari hamdir, masalan, 2008-yilning yozgi ta’tilida 25 nafar talabalardan iborat 1-otryad agentlik topshirig’iga asosan Chiroqchi tumanida optik tolali kabel liniyasining yotqizilishida to’liq ishtirok etgan bo’lsalar, 30 nafardan iborat 2-sonli otryad esa viloyatimiz miqyosida turli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etdilar. Filialda talabalarning axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yetuk mutaxassis kadrlar sifatida shakllanishlari uchun turli haftaliklar, «Axborot soat» mashg’uloti, har oyda «Ma’naviyat kuni» tadbiri hamda filialda «Xabar» radio studiyasi faoliyati yo’lga qo’yilgan.

TATU Samarqand filiali talaba-yoshlari o’rtasida mamlakatimiz ravnaqi yo’lida olib borilayotgan jadal rivojlanish jarayonida faol ishtiroklarini ta’minlash, «Sog’lom turmush tarzi»ni amalda qo’llash, Milliy istiqlol g’oyalari ruhida hamda uning tamoyillariga rioya qilgan holda bilim olish bilan birga, yomon illatlarga qarshi kurashga undash maqsadida Samarqand viloyatining huquq-tartibot idoralari, sog’liqni saqlash, xalq ta’limi, madaniyat va sport ishlari, ichki ishlar boshqarmalari, «Kamolot» YOIH viloyat kengashi bo’limi, «Ma’naviyat» targ’ibot markazi viloyat bo’limi hamda «Mahalla», «Nuroniy» jamg’armalari bilan hamkorlikdagi tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, o’quv yillari davomida turli tadbirlar (uchrashuv, ma’ruza, badiiy tadbirlar, davra suhbati va boshqalar) tashkil etib kelinmoqda.

Filial talabalar turar joyida barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan bo’lib, ikkita kompyuter zali, ma’naviyat maskani, axborot-resurs markazi, sog’lomlashtirish markazi, sport maydonchalari va talabalar oshxonasi faoliyat ko’rsatmoqda. Talabalar turar joyida «Eng yaxshi xona» va «Eng yaxshi qavat» kabi tadbirlar tashkil etilib, g’oliblar muntazam taqdirlanib kelinmoqda, filialning barcha kafedralari tomonidan «Kafedra haftaligi» tashkil etilgan bo’lib, turli mavzularda tadbirlar va sport o’yinlari muntazam ravishda o’tkazilib kelinmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq