Doimiy modernizatsiya qilish, rivojlantirish va kengaytirish — ustuvor vazifalardir
17.03.2009
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Shuhrat Sadiqov.

pic

2009-yil 21-fevralda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining kengaytirilgan Hay’ati yig’ilishi bo’lib o’tdi. Yig’ilish soha faoliyatining 2008-yil yakunlari, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish jarayonlari hamda 2009-yildagi pirovard vazifalarga bag’ishlandi. 2008-yil davomida olib borilgan iqtisodiy islohotlar, tarkibiy o’zgarishlar, iqtisodiy va ijtimoiy jabhalarda olib borilgan chuqur siyosat o’zining aloqa va axborotlashtirish tizimida yaqqol samarasini ifodaladi.

pic

Birgina «O’zbektelekom» AK misolida olib qaraydigan bo’lsak, Kompaniya tomonidan 2008-yil davomida telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kengaytirish va rivojlantirish, yangi xizmat turlarini tatbiq etish, ko’rsatilayotgan xizmatlar hajmi va sifatini oshirish, infratuzilma obyektlarini telefonlashtirish va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

«O’zbektelekom» AK 2008-yil davomida muttasil iqtisodiy o’sish ko’rsatgichlarini saqlab qoldi. O’tgan yilda kompaniya bo’yicha asosiy faoliyatdan olingan daromad 237,5 mlrd. so’mni tashkil etib, belgilangan reja 121,4 foizga bajarildi va 2007-yilga nisbatan 33,8 foizga ko’p daromad olindi.

pic

Zamonaviy telekommunikatsiya uskunalarini kompaniya telekommunikatsiya tarmoqlariga joriy etilishi natijasida nafaqat ko’rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bilan bir o’rinda yangi turdosh aloqa xizmatlarini joriy etish imkonini bermoqda. Xususan, o’tgan yil davomida kompaniya tomonidan 645 ming mijoz uchun qo’shimcha xizmat turlarini ko’rsatishga erishildi va olingan daromad miqdori 2 mlrd. 849 mln. so’mni tashkil etdi. Mazkur ko’rsatkich 2007-yildagi nisbatan 83% ortganini namoyon etmoqda.

Hisobot davrida kompaniyaning Xalqaro Internet kanallari sig’imini oshirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada, yil yakuniga kelib, Kompaniyaning xalqaro Internet kanallari sig’imi 819 Mb/s.ga yetkazildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2009-yil 13-fevralda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2009-yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag’ishlangan majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, «2009-yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturini izchil amalga oshirish, qishloqlarimizda hayot sifatini tubdan yuksaltirish bo’yicha kompleks chora — tadbirlarni amalga oshirish va dasturda belgilangan vazifalarning umumiy yo’nalishi belgilab berilgan.

pic

Bugungi kunga kelib, «O’zbektelekom» AK qishloq telekommunikatsiya tarmog’ida umumiy sig’imi 362,3 ming raqamga ega bo’lgan 1 553 ta qishloq telekommunikatsiya stansiyalari ekspluatatsiya qilinmoqda. Mazkur stansiyalarining 37 foizi zamonaviy, ya’ni raqamli stansiyalar asosida jihozlangan. Asosiy apparatlar soni 269,5 mingtani, shundan aholining ulushi 89 foizni tashkil etadi. Qishloq aholi maskanlari soni 11 948 ta bo’lib, shundan 73 foizi simli aloqa tarmog’i bilan qamrab olingan.

Kompaniya tomonidan 2008-yil davomida infratuzilma obyektlarini telefon aloqasi bilan ta’minlash yuzasidan joylardagi mahalliy hokimiyat organlari, turli vazirlik va idoralarning joylardagi bo’linmalari bilan hamkorlikda qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hozirgi kunga qadar respublikadagi mavjud bolalar maktabgacha ta’lim muassasalari va mehribonlik uylari to’liq telefonlashtirilgan. Mavjud litseylarning 98,4 foizi, kasalxonalarning 96,7 foizi, shifoxonalarning 96,4 foizi, minibanklarning 93,3 foizi, kollejlarning 92,3 foizi, sanatoriylarning 91,2 foizi telefon aloqasi bilan ta’minlangan.

Maktab, maktabgacha tarbiya muassasalari va qishloq vrachlik punktlarini telefonlashtirish darajasi 60-65 foizni tashkil etadi. «O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 26-yanvardagi «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» Davlat dasturiga muvofiq, 2009 — 2010 yillar davomida Kompaniya tomonidan qishloq joylarda ijtimoiy ahamiyatli infratuzilma obyektlarini telefonlashtirish (3363ta maktab, 2388 maktabgacha ta’lim muassasalari, 1249 qishloq vrachlik punkti, 93 kollej va 70ta kasalxona)larni telefonlashtirish bo’yicha aniq chora — tadbirlar belgilab olingan.

pic

Shuningdek, mazkur davlat dasturi doirasida Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida va boshqa viloyatlarda 72 ta analog qishloq telefon stansiyalarini tubdan rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlarni joriy qilish bo’yicha chora — tadbirlar amalga oshirilishi boshlab yuborildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-yanvardagi «Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’rsida»gi qaroriga muvofiq 2009-yilda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini jadal barpo etish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash dasturining asosiy parametrlari qabul qilingan bo’lib, unga ko’ra «O’zbektelekom» AK tomonidan umumiy summasi 30,8 mln AQSh dollaridagi to’qqizta yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish belgilab olingan. Mazkur loyihalar quyidagilardan iborat:
— «Toshkent — Buxoro» Trans-Osiyo Yevropa optik tolali telekommunikatsiya tarmog’ini DWDM texnologiyalari asosida kengaytirish;
— Andijon — O’sh (Qirg’iziston), Kung’irot — Beyneu (Qozog’iston), Denov — Tursunzoda (Tojikiston), Termez — Hayraton (Afg’oniston) yo’nalishlari bo’yicha xalqaro aloqa liniyalari barpo etish;
— «Toshkent — Farg’ona vodiysi» raqamli radiorele liniyasini kengaytirish;
— DWDMG’SDHG’IPG’MPLS texnologiyalari asosida Toshkent shahar ma’lumotni uzatish tarmog’ini kengaytirish;
— Qishloq joylarida simsiz radioaloqa tarmog’ini kengaytirish;
— Qishloq analog telefon stansiyalarini rekonstruksiya qilish
— Qishloq aholi punktlariga uchun kichik hajmdagi «Koinot elSGM» raqamli telefon stansiyalarini ishlab chiqarish uchun qo’shimcha qismlar xarid qilish;
— Toshkent shahar Maxsus aloqa bog’lamasini rekonstruksiya qilish (Call Center);
— DSLAM texnologiyasi asosida keng polosali kirish tarmog’ini kengaytirish loyihalaridir.

pic

E’tiborli jihati shundaki, qishloq joylaridagi telekommunikatsiya tarmog’ini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihalarini moliyalashtirishda kompaniyaning o’z mablag’lari bilan bir qatorda Agentlik ko’magi asosida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg’armasi, qolaversa, Xitoy Xalq Respublikasining moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag’larini jalb qilinishi rejalashtirilgan.

«O’zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining 2009-yil uchun asosiy ustuvor yo’nalishlari mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan qator dasturlarni amalga oshirish, qishloq joylarida telekommunikatsiya xizmati sifatini tubdan yaxshilash va tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qishloq joylarida telekommunikatsiya xizmatlariga ixtisoslashgan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, jahonda ro’y berayotgan iqtisodiy inqirozning mamlakatimizga ta’sirining oldini olish maqsadida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, xususan xizmatlar hajmini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish, moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq telekommunikatsiya tarmog’ini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash maqsadida amalga oshirishga kirishilgan loyihalarni yakuniga yetkazishdan iboratdir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq