Axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlari va kutubxonalar uchun dasturiy ta’minot: muammolar, yechimlar
12.03.2009
Rukn: Internet.
Muallif: Ulug'bek Karimov, Jasur Atajanov.

pic

Respublikamiz Prezidentining 2006-yil «Aholini kutubxona-axborot bilan ta’minlashni tashkil etish to’g’risida»gi qarori ijrosini ta’minlash borasida kutubxonachilik ishi sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Qarorda ko’zda tutilgan yangi tipdagi axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlarini (AKM, ARM) tashkil qilish, katta mablag’ va vaqt talab qiladigan murakkab masala hisoblanadi.

Ma’lumki, zamonaviy talablarga javob beradigan kutubxonada avtomatlashtirilgan kutubxona-axborot tizimini (AKAT) yaratmasdan turib, qarorda ko’zda tutilgan vazifalarni to’liq bajarish mumkin emas. AKATning ta’minotlari (dasturiy, texnik, axborot, lingvistik, tashkiliy-texnologik va kadrlar) orasidan bugungi kunda ko’pchilikning e’tiborida turgani bu dasturiy ta’minotdir [1,2,3,4,14].

O’zbekiston kutubxonalarida AKAT dasturiy ta’minoti sifatida Rossiyada ishlab chiqilgan IRBIS tizimining qo’llanilayotganligi diqqatga sazovordir. Integrallashgan kutubxona-axborot tizimi (IRBIS) o’tgan asr 90-yillarining oxirlaridan boshlab O’zbekiston kutubxonalarida tatbiq qilina boshlagan bo’lsada, u bugungi kunda mamlakatimizning ko’pchilik AKM, ARM va kutubxonalarida o’z o’rnini topmadi. Buning birinchi sababi tizimning bahosi mamlakatimiz kutubxonalarining moliyaviy imkoniyatlariga mos emasligida bo’lgan bo’lsa, ikkinchi sababi tizimning O’zbekiston kutubxonalariga to’liq moslashtirilmaganligi bo’ldi. Tizim o’zbek tiliga tarjima qilinmadi, buning sababi «Axborot, kutubxonachilik va nashriyot ishi» (SIBID) turkumiga kiruvchi kutubxona standartlari o’zbek tilida mavjud emas edi. Kataloglashtirish qoidalari ham O’zbekiston kutubxonachilik ishi uchun «ochilmagan qo’riq» edi [9].

2007-yili O’zbekiston Milliy kutubxonasining tashabbusini «Aloqa va axborotlashtirish agentligi» qo’llab-quvvatladi va Respublika axborot-kutubxona markazining sa’y harakati bilan kutubxonachilik sohasiga oid standartlar tizimining birinchi varianti ishlab chiqildi. Demak, nazariy jihatdan kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beruvchi dasturiy vositalar yaratishga imkoniyat yaratildi.

Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasining mutaxassislari va Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat Madaniyat instituti o’qituvchilari t.f.d., professorlar M. A. Rahmatullayev rahbarligida kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirishga mo’ljallangan dasturiy vosita yaratishga kirishdilar [5,6,7].

Kutubxonalar tipologiyasi va avtomatlashtirilgan tizimlar
Kutubxonalar uchun dasturiy vosita yaratuvchilarning ba’zi birlari «Biz shunday tizim yaratdikki, uni ixtiyoriy tipdagi kutubxonaga tatbiq qilish mumkin» deya da’vo qilmoqdalar. Ular kutubxonalardagi tipologiyalarni bilmasliklari tufayli turli tipdagi kutubxona oldiga o’ziga hos vazifalar qo’yilganligini va bu vazifalar turlicha ekanligini tushunmaydilar. Bu birinchidan, ikkinchidan esa ARM, AKM va kutubxonalarning moliyaviy imkoniyatlari ham turlicha demak, dasturiy vositalarni sotib olish imkoniyatlari ham turlicha. Bunday holatda «universal dasturiy vosita» yaratish maqsadga muvofiq emas. Shunday dasturiy vositalar kompleksini yaratishimiz lozimki, u turli tipdagi AKM, ARM va kutubxonalarning bajaradigan vazifalariga, funksional talablariga va moliyaviy imkoniyatlariga mos kelsin. Shunday qilib, barcha ARM, AKM va kutubxonalarga tatbiq qilinadigan yagona tizimni emas, balki turli vazifalarni bajaruvchi turli tipdagi AKM, ARM va kutubxonalar uchun dasturiy vositalar kompleksini taklif qilamizki, AKM, ARM va kutubxonalar o’z imkoniyatlaridan (funksional va moliyaviy) kelib chiqqan holda o’zlariga kerakli dasturni tanlab olsinlar. Dasturiy kompleks modul prinsipiga asoslanib yaratilganligi tufayli kerakli tizimni yaratish unchalik mushkul ish bo’lmaydi. Shunday qilib, kutubxona jarayonlarini kompleks avtomatlashtirishga mo’ljallangan tizim bilan tanishishga o’tamiz [8].

«KARMAT» oilasiga kiruvchi dasturiy vositalar
Korporativ axborot-resurslar markazining avtomatlashtirilgan tizimi (KARMAT) besh variantda taklif qilinmoqda.
1. KARMAT-M: Maktab ARM faoliyatini avtomatlashtirishga mo’ljallangan
2. KARMAT-ITA; Ilmiy-texnika adabiyotlari elektron kutubxonasi
3. KARMAT-AK; OUYu/Akadem litsey/kollej ARM lari uchun
4. KARMAT-U; ARM, AKM va kutubxonalar.

KARMAT-K; Korporativ kataloglashtirish, yig’ma EK
1. Bugungi kunda tizimning asosiy (bazaviy) modullari ishlab chiqildi. Modullar kutubxonadagi asosiy axborot jarayonlarini (axborotlarni yig’ish, ishlov berish, saqlash, qidirish va uzatish) avtomatlashtirish imkoniyatini beradi.
2. «Kataloglashtiruvchining» avtomatlashtirilgan ish joyi (AIJ).
3. «Kitobxonning shaxsiy elektron kabineti» Kitobxon uchun AIJ.
4. «Kitob berish va qaytarib olish» bilan shug’ullanuvchi xodimning AIJ.
5. «Fondni butlash» bilan shug’ullanuvchi xodimning AIJ.
6. «Tizimni boshqarish/yuritish» bilan shug’ullanuvchi xodimning (Administratorning) AIJ.
Kataloglashtiruvchining AIJ asosan tizimning elektron katalogi (EK) bazasini shakllantirishga mo’ljallangan bo’lib, bu yerda kutubxona fondiga kelib tushayotgan adabiyotlarga bibliografik ishlov berish va kitobxonlarning elektron formulyari yaratiladi.

pic

Ma’lumotlar EK bazasiga kiritiladi, ayni paytda EK bazasini shakllantirishda avvaldan tayyorlangan bibliografik yozuvlar bazasidan o’z EK bazasini yaratishda foydalanish imkoni yaratilgan. Bu yerda shuni alohida qayd qilish lozimki, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasining shu paytgacha xalqaro talablarga mos holda yaratilgan 150 000 dan ortiq elektron bibliografik resurslaridan samarali foydalanishga keng yo’l ochilgan.

Demak, KARMAT tizimi bilan ishlaydigan AKM, ARM va kutubxonalar o’z EK bazalarini shakllantirishda tayyor elektron bibliografik resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Bu esa o’z navbatida EK yaratish jarayonini tezlashtiradi, uning sifatli bo’lishiga olib keladi. Fonddagi bir kitobning bibliografik tavsif elementlarini EK bazasiga kiritish uchun o’rtacha 15-25 daqiqa sarf bo’layotganligini nazarda tutadigan bo’lsak, KARMAT tizimidan foydalanishning naqadar afzalligini tushunib yetamiz.

pic

Tizim Web-texnologiyalarining so’nggi yutuqlaridan foydalanib yaratilganligi tufayli KARMATning maxsus moduli AKM, ARM va kutubxonalarning elektron-bibliografik resurslarini Internet tarmog’ida taqdim qila oladi [11,12,13]. Tizim EK interfeysi 1-rasmda keltirilgan.

Kitobxonning shaxsiy elektron kabineti (KShEK), lokal va global tarmoqlarda ishlay oladi. Kitobxon o’z shaxsiy elektron kabinetida AKM, ARM va kutubxonalar EK bazalari bilan tanishib chiqishi, kerakli adabiyotlarni qidirishi, ularga buyurtmalar berishi va berilgan buyurtmalarning bajarilishi to’g’risida ma’lumotlarni o’z shaxsiy kabineti orqali olishi mumkin (2-rasm).

Kitobxon o’z shaxsiy elektron kabinetida elektron resurslarning to’liq matnini ko’rishi ham mumkin. U EK bazasidan o’ziga kerakli ma’lumotlarni topa olmagan holda «maxsus buyurtma» orqali EK bazasiga kiritilmagan adabiyotlarga buyurtmalar berish imkoniyatiga ega.

Bu holat KARMAT tizimining AKM, ARM va kutubxonalarda samarali tatbiq qilinishiga keng yo’l ochadi, zero bugungi kunda AKM, ARM va kutubxonalarning ko’pchiligida xalqaro talablarga mos bibliografik resurslar yaratish talab darajasida emas, ya’ni fond to’g’risidagi ma’lumotlarning juda kam qismi EK bazasiga kiritilgan. KShEK kitobxonlarga masofadan xizmat ko’rsatish tizimining [10] moduli sifatida ham ishlay oladi.

Kitob berish va qaytarib olish bilan shug’ullanuvchi xodimning AIJda buyurtmalarning bajarilishi nazorat qilinadi, boshqariladi, KShEK buyurtmaning qabul qilinganligi, topilganligi to’g’risidagi axborotlarni yuborish, kitob berish va qaytarib olish funksiyalari avtomatlashtirilgan. Tizimning bu modulida AKM, ARM va kutubxonalar faoliyati uchun zarur bo’lgan statistik ma’lumotlarga ishlov beriladi va maxsus formalarda tegishli jadvallarni bosib chiqarish imkoniyati yaratilgan. Mazkur modul tizimning yagona bibliografik ma’lumotlar bazasidagi bibliografik ma’lumotlar maqomini o’zgartirish orqali fonddagi kitoblarning «bo’sh» yoki «band» ekanligini aniqlaydi.

Fondni butlash bilan shug’ullanuvchi xodimning AIJda kutubxona fondini butlovchining standart funksiyalari avtomatlashtirilgan bo’lib, bu yerda undan tashqari O’zbekiston kutubxonachilik ishida keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari hisobga olingan. Masalan, maktab axborot-resurs markazlari fondini butlash masalasini yechish uchun professor M.A. Rahmatullaev tomonidan taklif etilgan texnologiyadan foydalanilgan. AKAT foydalanish AKM, ARM va kutubxonalardagi fondni butlash jarayonlarini ham tizimli tahlil qilish orqali yangicha yondashuvlarni talab qilmoqda. Bu esa AKM, ARM va kutubxonalardagi an’anaviy kitob yo’lini ham qaytadan ko’rib chiqilishini, bo’limlar ishini qayta taqsimlash masalasini kun tartibiga qo’ymoqda.

«Tizimni boshqarish/yuritish» bilan shug’ullanuvchi xodimning (Administratorning) AIJda yangi bazalar ochish, kerak bo’lmaganlarini o’chirish, tizimdan foydalanuvchilarga (administrator, kataloglashtiruvchi, kitobxon va boshqa) tegishli statuslar berish amallari bajariladi. Administratorning AIJda bibliografik yozuv elementlarini EK bazasiga kiritish maydonlarini yaratishga mo’ljallangan maxsus «konstruktor» yaratilganki, uning yordamida har qanday MARC formatlar oilasiga kiruvchi ichki yoki kommunikativ format yaratish mumkin. Bu yerdagi universallik ma’lumotlarni bazalarga kiritish uchun ixtiyoriy ko’rinishdagi ishchi varaqlarni yaratish hamda bibliografik ma’lumotlarni eksport/import qilishga imkon beruvchi formatlarni yaratishga yo’l ochadi.

Tizimning interfeysi o’zbek va rus tillarida yaratilgan bo’lib, uni boshqa tilga tarjima qilish unchalik murakkab ish emas. Maxsus ishlab chiqilgan jadvaldagi so’zlar tegishli tilga tarjima qilingach, tizim interfeysi kerakli tilda ishlay boshlaydi. O’zbekistonda EK bazasini shakllantirish bilan shug’ullanuvchi kataloglashtiruvchilarning malaka darajalarini nazarda tutib va ularga kataloglashtirish paytida yordam berish maqsadida har bir maydonga kiritiladigan ma’lumot uni kiritish tartibi va shakli to’g’risida maslahat berib boriladi. Bunday maslahatni olish uchun kataloglashtiruvchi tegishli maydonga sichqoncha bilan chertishi kifoya.

Tizimning asosiy modullari taqdimoti Rossiya va Ukrainada har yili bo’lib o’tadigan «LIBKOM» va «Krim XX» xalqaro konferensiyalarida O’zbekiston kutubxonachilarining Farg’ona shahrida bo’lib o’tgan eng katta forumi «Markaziy Osiyo-2008″da va Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutining ilmiy seminarlarida o’tkazildi.

KARMAT tizimining boshqa tizimlardan afzalliklari:
1. Korporativ kataloglashtirish texnologiyasining mavjudligi tayyor bibliografik yozuvlardan foydalanib tezda va sifatli o’z EK bazasini shakllantirish imkoniyatini yaratadi.
2. Tizim Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasida yaratilgan avtoritet fayllardan foydalanishi hisobiga kataloglashtirish jarayoni tezlashadi, mualliflarning ismi, sharifini (taxalluslarini), sarlavhalarni kiritishda bunday yondashuv birinchidan, kataloglashtirish jarayonini tezlashtirsa, ikkinchidan, yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan xatoliklarning oldini oladi.
3. Tizimda kitobxonlarga masofadan xizmat ko’rsatish texnologiyasini amalga oshirilganligi kitobxonlarning bevosita kutubxonaga kelmasdan elektron katalog va elektron katalogdan foydalanmay buyurtmalar berish va buyurtmalarni qabul qilinganligi, ularning bajarilishi to’g’risidagi axborotlarni olish imkoniyatini yaratgan.
4. Tizim bibliografik tavsif yaratishda O’zbekistonda ishlab chiqilgan (xalqaro) standartlar tizimiga rioya qiladi.
5. Tizim ishlatish uchun juda qulay bo’lib, u O’zbekiston kutubxonachilarining bugungi kundagi malaka va ko’nikmalarini e’tiborga olib yaratilgan.
6. Tizimdan foydalanuvchilar uchun sodda va barchaga tushunarli tilda uslubiy qo’llanma (o’zbek va rus tillarida) yaratilgan.
7. Tizimni tatbiq qilish, AKM, ARM va kutubxona xodimlarini tizimni boshqarishga o’rgatish maqsadida maxsus o’quv kurslari tashkil qilingan. Kelajakda masofadan o’qitish tizimini ishga tushirish mo’ljallanmoqda.
8. Tizim tarkibiga kiritilgan maydonlarni yaratuvchi maxsus «Konstruktor» ixtiyoriy tipdagi va kerakli xossaga ega bo’lgan maydonlarni tuza oladi. Bu esa o’z navbatida, ichki va tashqi (kommunikativ) formatlarini kutubxona texnologiyalariga moslab loyihalash imkoniyatini yaratadi.

Xulosa qilib aytganda:
1. AKM, ARM va kutubxonalar uchun yagona universal AKAT emas, balki kutubxonalar tipologiyasini va kutubxonalarning moliyaviy imkoniyatini hisobga olib dasturiy vositalar yaratish lozim.
2. AKM, ARM va kutubxonalar uchun yaratiladigan tizimlar korporativ (hamkorlikda elektron bibliografik resurslar yaratish va ulardan birgalikda foydalanish) faoliyat yuritishga moslashgan bo’lishi kerak.
3. AKAT yaratish bilan cheklanib qolinmasdan doimiy ravishda uni rivojlantirib turishga imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilishi kerak.
4. Tizimni AKM, ARM va kutubxonalarga muvaffaqiyatli tatbiq qilish uchun doimiy ravishda faoliyat ko’rsatadigan o’quv kurslari (masofaviy ta’lim) tashkil qilinishi zarur.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq