Chet tillarini axborot texnologiyalari vositasida samarali o’rganish
11.03.2009
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Zamira Abdujabborova.

pic

Bugungi kunda yuqori kasbiy malakaning asosiy talablaridan biri chet tillarini mukammal bilish bo’lib qoldi. Xalqaro muloqot tillar o’rtasida yetakchi o’rinni egallab kelayotgan ingliz tilini o’rganishga alohida e’tibor berilayotgani ham bejiz emas. O’zbekiston Respublikasi ta’lim tizimida ingliz tili o’qitish, o’rgatish ilmiy yondashuv asosida, davr talablariga to’la javob bera oladigan yangi axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar joriy etilishi asosida yangi sifat darajasiga ko’tarilib bormoqda.

Yurtboshimiz I. Karimov «Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch» nomli asarlarida ta’kidlanganlaridek: «Agar O’zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug’ kelajagini ulug’lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo’lsak, avvalambor bo’lajak buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak».

Demak, kasb-hunar kollejlarida ingliz tilida qo’shimcha matnlar o’qitish texnologiyasini ishlab chiqish va shu maqsadda kasbiy dasturlarni tuzish tamoyillarini amalga oshirishda, chet tillarni chuqur o’rganishga qaratilgan har bir ilmiy izlanishlarga alohida e’tibor zarur bo’ladi. Bu modellashtirilayotgan dasturda konseptual asosni oldindan belgilab olish demakdir. O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimiga ingliz tilida kasbiy qo’shimcha matnlar o’qitish texnologiyasiga ham yuqorida qayd etilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish masalalarining bir qirrasi deb qarash mumkin. Mutaxassislar tayyorlash jarayonlarida ta’lim tizimi ustuvorligini, jumladan, chet tillar o’qitish yangi-yangi texnologiya-mexanizmlarini joriy qilishni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, tafakkurning ifodasi, xalqlar o’rtasidagi aloqa, ma’naviy va boshqa muloqotlar til orqali namoyon bo’ladi.

Bunday texnologiyalar ta’lim tizimida o’z aksini topishi chet tili o’qitish saviyasini o’stiradi. Chet tilida, jumladan, ingliz tilida mutoala qilish malakalarini shakllantirishga yordam beradi. Kasb-hunar kollejinig har bir kasbiy yo’nalishi bo’yicha, shuningdek, ingliz tilini mukammal o’zlashtirganlarga istiqboldagi ehtiyojlarni belgilash bo’yicha tarmoqlar metodikasini yaratishimiz (bular Klassifikator, malakali tavsiflar va Davlat ta’lim standartiga muvofiq amalga oshiriladi) lozim.

Ta’lim va tarbiyani kelishish va ularning o’zaro bog’liqligi, uzluksiz ta’lim tizimida ingliz tilini o’zlashtirgan mutaxassislar tayyorlashda izchillikni ta’minlash bunda samarali shakllar va usullarni, yangi qo’shimcha matnlar o’qitish texnologiyasi metodikasini joriy etish va shu kabi boshqa ilg’or ta’lim uslublaridan keng foydalanish ijobiy natijalar garovidir.

Kasb-hunar kollejlarida mutaxassislar tayyorlanayotgan soha yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda, ingliz tili o’qitish jarayonida qo’shimcha matnlar texnologiyasini qo’llash bo’lajak mutaxassislarni til o’rganish imkoniyatlarini oshiradi. Bunda muqobillik usullaridan ham foydalanish mumkin, ya’ni boshqa davlatlarning ta’lim tizimidagi muqobil uslublarini qabul qilish yo’li bilan o’quvchi, talabalarga bo’lgan talabni qondirish, bashoratlashga yuqorida qayd etilgan barcha yondashuvlardan turli kombinatsiyalarda foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Chet tilida munosabatlar shartlari nutq, qo’shimcha kasbiy matnlar o’rganishning ko’plab turlarini bilish davr talabi ekanligini ko’rsatib beradi. Boshqa tillar mohiyatini kamsitmagan holda, ayniqsa, ingliz tilida muloqot qilishda, nutqini tushunish mutolaa qilish va yozish, nutqiy faoliyat amaliyotida, ixtisoslik, mutaxassisligi bo’yicha keng tarmoqli va kasbiy adabiyotlarni o’qishda ularga tushuntirish annotatsiyalar, tezislar, shuningdek, yozma axborot almashish jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ahamiyati yaqqol namoyon bo’ladi va aniqlanadi. Metodist olimlarimiz, ta’kidlaganlaridek, talabalar matn mazmunini obrazga kirib ifodalash, matnda aks etgan voqelikni, unda ishtirok etayotgan personajlar fikrini bayonidan boshqa, o’z fikr-mulohazalarini ham suhbat mavzusiga qo’shimcha tariqasida bayon etishi, o’quvchini lug’at boyligini ortishiga ingliz tilida to’g’ri fikrlashga yordam beradi. Bunday uslubdan o’quv jarayonida to’g’ri foydalanilsa, o’zlashtirish bo’yicha ham, o’qitish muddatlari bo’yicha ham, ingliz tilini mukammal o’rganishda ham ijobiy natijalarga erishishga imkon yaratiladi.

O’quv jarayoniga yo’naltirilgan qo’shimcha matn dasturlari qo’llanilishi ingliz tili o’qitish masalasini munosib ravishda hal etishga yaxshi imkon beruvchi metodik yondashuvlarning biridir. Bunday metodika asosida o’qitishga yondashuvlar hozirgi kunda milliy uslubiyatda keng tarqalib bormoqda.

Mana shu barcha yondashuvlar sof ko’rinishda emas, turli kombinatsiyalarda foydalanilgan holda namoyon bo’ladi. Ingliz tili o’qitishda bunday yondashuv e’tibordan chetda qolib ketmasligi zarurligini aytib o’tish muhim, chunki bu kabi yondashuv texnologiyasi hisobiga boshqa texnologiyalarga qaraganda, qator o’quv masalalarini ancha muvaffaqiyatli hal etish mumkindir. Kasb-hunar kollejlarida ingliz tili darslarida nutqni rivojlantirish uchun kompyuter texnika vositalari, magnit disklaridan foydalangan holda, turli dasturlar asosida axborotni, matn mazmunini qabul qilish osonlashadi.

Qo’shimcha matn mohiyatidan kelib chiqib, kompyuter vositasida ta’limiy til o’rganish bo’yicha turli o’yin shaklida yaratilgan dasturlar vositasida tuzilgan kompozitsiyani yozib ko’rsatish yoki so’zlab berish taklif etilishi, yoki oldindan ajratib olingan rasmlar yordamida ma’lum vaziyatni yaratish so’ngra o’sha kompozitsiyani so’zlab berish kabilardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, matnning qismlari yoki matndagi mazmun bo’yicha suhbat o’tkazish nutqni rivojlantirish uchun foydalidir. Bunda o’quvchilarda olgan bilimlarini amalda qo’llashlari uchun so’z boyliklarini kengaytirish, izlanish faoliyatida ishtirok etish imkoniyatlari yaratiladi.

Matbuot, davriy nashrlar, ommaviy axborot vositalari materiallaridan foydalanib qo’shimcha matn mavzularini tayyorlash mumkin. Qiziqarli izlanishlar va ilmiy kashfiyotlar haqidagi matnlarni o’quvchilar qiziqish bilan o’rganadilar. Matnda tushunishga qiyin bo’lgan qandaydir so’z birligi yoki iboralar bo’lsa, ularni o’quvchilar tushunib olishlariga yordam beradigan va bir muncha soddalashtirilgan sharkllarini ko’zda tutish lozim. Bunday ishlar natijasida o’quvchilar olgan bilimlarini amalda qo’llash, o’z bilim doiralarini kengaytirish hamda izlanish jarayonida qatnashish uchun ularda imkoniyat paydo bo’ladi. Eng quvonarli tomoni til o’rganish bilan bir qatorda, talabalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, Internetning beqiyos imkoniyatlaridan keng foydalanishga qiziqishlari ortadi.

Ingliz tiliga o’qitishda yangi g’oyalar, texnologiyalardan foydalanilgandagina rivojlanishga, taraqqiyotga erishish mumkin bo’ladi. Mashg’ulotlar jarayonida ularga amal qilinsa, yaxshi samara berishi shubhasizdir. Qo’shimcha matn o’qitish texnologiyasidan foydalanishdan maqsad, ta’lim olishda eng umumiy g’oyalar bilan o’quvchilarni tanishtirishdan iboratdir. Bu texnologiya shaxsga yo’naltirilgan yondashuvni aks ettiradi, har bir o’quvchining bilim, malaka va ko’nikmalarni egallashlarigina emas, balki uning rivojlanish individual xususiyatlarini hisobga olgandagina unumli, ijobiy natijalarga erishish mumkindir.

O’qilgan qo’shimcha matnni tushunganligini tekshirishga mo’ljallangan mashqlar quyidagicha ifoda etilishi mumkin: Answer the questions on the text Tashkent. Savol-javob mashqlaridan o’qilgan matnni o’zlashtirilganini bilish uchun, foydalanilganda ayrim savollarni soddalashtirish mumkin.

Qo’shimcha matn o’qitishda maxsus xonalarda dars olib borish, haqiqatda samarali bo’lishi uchun darsda lingofon qurilmasidan foydalanib, o’quvchilarning mustaqil ishlashlariga sharoit yaratish kerak bo’ladi. So’nggi paytlarda darsda bunday uslubdan foydalanishga e’tibor kuchaymoqda. So’nggi ilg’or metodikalarga tayanib, ingliz tili darslarida o’quvchilarning mustaqil ishlari deb ularning nutqiy ko’nikmalarini shakllantirish va takomil-lashtirish, berilgan topshiriq bilan o’quv jarayoni uslublari ma’lum tartibda nutqiy malakalarini rivojlantirishga oid mustaqil ishlarni tushunamiz.

Shunday qilib, chet tilini o’rganish hozirgi davr talabi ekan, o’sib kelayotgan yosh avlodga til o’rganishning yangi uslublarini, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ga asoslangan holda ishlab chiqib, o’qish jarayoniga tavsiya etish olimlar, mutaxassislar oldida turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi. Iste’dodli yoshlarimizning o’z qiziqqan sohalarida yetuk mutaxassislar bo’lishlari uchun, avvalambor chet tilini jumladan, ingliz tilini mukammal bilishlari zarur.

Demak, texnologiyalarni joriy qilish, o’qitish uslublarini davr talabiga javob berishini ta’minlash pedagog-olimlarning kechiktirib bo’lmas asosiy vazifalaridir. Mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish ham dolzarb ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq