Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo’stlikning elektr aloqa operatorlari kengashi hamda Elektr aloqa bo’yicha mintaqaviy hamdo’stlik komissiyasining qo’shma majlisi
12.11.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yil 11-12 noyabr kunlari Toshkentda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo’stlikning elektr aloqa operatorlari kengashi hamda Elektr aloqa bo’yicha mintaqaviy hamdo’stlik komissiyasining qo’shma majlisi ish boshladi. Unda O’zbekiston, Rossiya, Belarus, Moldova, Qirg’iziston, Tojikiston aloqa ma’muriyatlari vakillari ishtirok etmoqda.

pic

Forumda davlatlararo yo’nalishlarda tarmoqlarning ishonchligini oshirish, yangi elektr aloqa xizmatlarini ishlab chiqish va joriy qilish, bir-biriga o’zaro ta’sir ko’rsatadigan aloqa kanallarining axborot xavfsizligini yaxshilash masalalari ko’rib chiqilmoqda. Shuningdek, majlisda telegraf tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ularni ma’lumotlar uzatish kanal va tarmoqlariga o’tkazish, ayrim mamlakatlarda raqamlashtirish rejalari, universal telekommunikatsiya xizmatlari fondini shakllantirishda aloqa operatorlarining birgalikda ishtirok etishi ham muhokama etiladi.

O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi o’rinbosari H.Muhitdinov mamlakatimizda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan 2010 yilgacha O’zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmog’ini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish milliy dasturi bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilayotganini ta’kidladi. O’zbekistonning eng yirik telekommunikatsiya operatori hisoblangan “O’zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi o’z tarmoqlarini tubdan modernizatsiya qilmoqda, zamonaviy texnologiyalarni o’zlashtirish barobarida ma’lumotlar uzatish, Internetdan foydalanish va IP-telefoniya bo’yicha yangi turdagi xizmatlarni joriy etishga asosiy e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda “O’zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining mahalliy telekommunikatsiya tarmog’ida 2 milliondan ortiq raqamga ega 2 mingtadan ortiq ATS mavjud. Ushbu raqamlarning 86 foizi raqamlashtirilgan. Tarmoqlarning ishlash sifati oshirildi, Internet tizimidan yuqori sur’atda foydalanish ta’minlandi.

“O’zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo’stlik bilan samarali hamkorlik qilmoqda, hamdo’stlikning operatorlari kengashi tarkibiga kiradi, uning yirik xalqaro loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda, xorijiy operatorlar va telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan birgalikda harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, qo’shma majlis ishtirokchilari MDH mamlakatlarining bir-biri bilan o’zaro bog’liq telekommunikatsiya makonini bosqichma-bosqich tashkil etish jarayoni, yaqin kelajakda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo’stlik faoliyat dasturini muhokama etmoqda, jahon axborot hamjamiyatiga integratsiyalashish zarurligini ta’kidlamoqda. Hozir butun dunyoda bo’lgani kabi MDH mamlakatlarida ham eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal sur’atda joriy qilinmoqda va bu jarayon Hamdo’stlik makonida eng ustuvor vazifalardan biri bo’lib qolishi kerak.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq