“UzCDL-milliy kompyuter huquqlari” tizimini joriy etish boshlandi
19.10.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Joriy yil 14 oktabr kuni O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasida O‘zbekistonda kompyuterni bilish darajasini aniqlash tizimini tashkil etish bo‘yicha “UzCDL-milliy kompyuter huquqlari” loyihasi amalga oshirilishi munosabati bilan matbuot anjumani bo’lib o’tdi.

pic

Loyihaning mazmun-mohiyati shundan iboratki, endi har bir kishi axborot texnologiyalari sohasida standart bilim darajasiga egaligi haqida sertifikat olishi mumkin. Loyiha sinovdan o‘tkazildi va keng ko‘lamda joriy etishga tayyor. UzNet maydonchasidagi web-server qurilmasida texnik ishlar amalga oshirildi. Axborot web-sayti yaratilib, sinov topshiriqlari bazasi shakllantirildi.

Joriy qilinayotgan mazkur tizim unchalik murakkab emas va hozirgacha mavjud bo‘lgan hamda keng joriy etilgan shu kabi dasturlarga o‘xshash tarzda yaratiladi. Ular orasida eng keng tarqalgani ECDL – (European Computer Drive License) Yevropa kompyuter huquqlari dasturidir. Ushbu dasturdan Yevropa Ittifoqi hududida o‘nlab yillar davomida samarali foydalanib kelinmoqda va u kompyuter bilimlarini sertifikatlashda amaliy mexanizm sifatida xizmat qilmoqda.

Kompyuter huquqlari tizimining amalga joriy qilinishi IT-sohasining barcha ishtirokchilari uchun juda foydalidir. Ish beruvchilar ishga qabul qilingan xodimni qo‘llanilayotgan axborot tizimlarida bemalol ishlay olishi, uning malakali bilimga ega ekanligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Chunki, mazkur kurs standartlashtirilgan bo‘lib, barcha turdagi zarur bilimlarni o‘z ichiga olgan. Yana bir muhim jihati shundaki, kompyuter huquqlarini beruvchi sertifikatni qalbakilashtirib bo‘lmaydi. Sababi, guvohnoma berish bilan bir qatorda sertifikat egasining ism-familiyasi hamda raqami Internet tarmog‘idagi dastur saytining umumiy foydalaniladigan ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Foydalanuvchilar o‘z sertifikatining qog‘oz nusxasini har safar ko‘rsatishi shart emas, balki raqamini aytsa bas, uning bor-yo‘qligini aniqlash oson.

Axborot texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim markazlari o‘z maqsad va vazifalari, imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘ziga xos reja va uslublar asosida o‘qishni tashkil etadi. Bunday reja va uslublar esa xilma-xildir. Bu borada o‘quvchilarga o‘zlari ishlab chiqqan mahsulot bo‘yicha bilim berishga ixtisoslashgan ko‘plab jahon vendorlari kurslari mavjud. Shu bois egallangan bilimni faqat sertifikatga ega bo‘lishga asoslangan tarzda baholab bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda IT-foydalanuvchilarining malakasini tasdiqlaydigan milliy tizimning mavjud bo‘lishi nihoyatda zarur.

Milliy sertifikatlangan standartning joriy qilinishi shaxsiy kompyuterni va asosiy dasturiy ilovalarni bilish ko‘nikmasini takomillashtirish, barcha odamlarning yoshi, jinsi, kasbi, yashash joyi, avvalgi ma’lumoti darajasidan qat’i nazar, axborot resurslaridan teng foydalanishini ta’minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan oqilona foydalanish hisobidan xususiy biznes korxonalari va davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Bu borada qo‘yilgan vazifalarni O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi BMT Rivojlanish dasturining “AKT siyosati” loyihasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. Bugungi kunda mualliflashtirilgan UzCDL tizimini o‘qitish bo‘yicha to‘rtta kompaniya – UCD “Micros”, Intelligence Solutions, NetDec hamda Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi ro‘yxatdan o‘tgan. Keyinchalik viloyatlarda ularning soni ko‘payadi.

pic

Taqdimot marosimida dastlabki besh kishiga “UzCDL-milliy kompyuter huquqlari” tizimining elektron sertifikatlari topshirildi.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o‘rinbosari, Axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi raisi A.Xodjayev, BMTning “O’zbekistonni rivojlantirish uchun AKT siyosatini shakllantirish va joriy etishda O’zbekiston Respublikasi H’ukumatiga ko’maklashish” rivojlanish loyihasi menejeri S.Saidhodjaev va boshqalar ishtirok etishdi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq