Toshkentda XEI ko’magida yoshlarning 6- xalqaro ilmiy-texnik anjumani o’z ishini boshladi
19.10.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

pic

Bugun, 9 oktyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Aloqa sohasidagi hududiy hamdo’stlikning (ASHH) «Aloqa texnologiyasi va texnika» mavzusidagi VI xalqaro ilmiy-texnik anjumani o’z ishini boshladi. Mazkur anjuman mamlakatimiz yosh mutaxassislari, talaba va aspirantlarini jamlabgina qolmay, unda MDH mamlakatlari o’quv yurtlaridan tashrif buyurgan talabalar ham o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etishmoqda.

pic

Tadbir O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) ko’magida o’tkazilmoqda. Uning ochilish marosimida O’zAAA Bosh direktorining o’rinbosari A.Xodjaev, XEIning MDHdagi hududiy vakili O.Kayikov, Toshkent axorot texnologiyalari universiteti rektori S.Qosimov, shuningdek, universitet o’qituvchilari va talabalari, anjuman tashkiliy qo’mitasi a’zolari va boshqalar qatnashishdi.

XEIning MDHdagi hududiy vakili O.Kayikovga so’z berilganda martabali mehmon ushbu qutlug’ dargoh minbaridan chiqish qilayotganidan mamnun ekanligini izhor etdi:

– Ushbu anjuman ahamiyati haqida ortiqcha gapirishning hojati bo’lmasa kerak, – gapida davom etdi mehmon. – Chunki aloqa sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda. Bugungi anjumanda qilinadigan ma’ruza va chiqishlar esa ushbu jarayonda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Imkoniyatdan foydalanib, XEI bosh kotibi G’amadun Ture hamda boshqalar nomidan anjuman tashkilotchilari va ishtirokchilariga qutlovlarni yetkazib qo’ysam. Jumladan, ular O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda TATU jamoasiga qizg’in salomlarini yetkazimni so’rashdi. Shu bilan birga, MDH yosh olimlarining o’zaro muloqot o’rnatishiga xizmat qiluvchi bugungi tadbirni yuqori darajada tashkil qilganlari uchun cheksiz minnatdor ekanliklarini bildirishdi. Men ham anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.

Aytish lozimki, ASHHga a’zo davlatlarda AKTning rivojlanishi va joriy etilishiga hukumat tomonidan jiddiy e’tibor qaratilmoqda hamda AKTni rivojlantirish bo’yicha faol ishlar olib borilmoqda. O’zaro hamkorlikning asosiy yo’nalishlari aniqlanib, MDH davlatlarida axborot jamiyatni shakllantirishga qaratilgan mexanizmlarni shakllantirish, aholini axborot resurslari va texnologiyalardan foydalanishini ta’minlash bo’yicha muhim ishlar qilinmoqda.

pic

Anjumanda qatnashish uchun talaba va aspirantlar tomonidan aloqa nazariyasi, aloqa tarmoqlari va tizimlari, radio va televideniye, pochta aloqasi texnologiyasi va tashkillashtirishi, zamonaviy element bazasi, axborot texnologiyalari va axborot himoyasi, iqtisodiyot, boshqaruv va aloqa yo’nalishlari bo’yicha o’quv jarayonining ilmiy-tadqiqot ishlari taqdim etildi.

Aloqa texnologiyalari va texnikaning oltita yo’nalishi bo’yicha o’qilayotgan ma’ruzalar, nafaqat talabalarda, balki soha mutaxassislarida ham katta taassurot qoldirmoqda. Ishtirokchi yoshlar ham bu anjumanning o’tkazilishidan bag’oyatda mamnun ekanliklarini yashirishgani yo’q.

Yoshlar yilida o’tkazilayotgan ushbu anjuman iqtidorli yoshlarimizning ilmiy-tadqiqot ishlarini qo’llab-quvatlash, ularning samaradorligini oshirish, aloqa texnologiya va texnikalarining yangi avlodini yaratish va tadbiq qilish hamda mutaxassislarning malakalarini oshirish, olingan ilmiy tadqiqotlar natijalarini muhokama qilish va amaliyotga tadbiq etishda muhim o’rin tutadi. Bugun o’z yakuniga yetadigan mazkur tadbirda eng yaxshi ma’ruzalar egalarining maxsus sovg’alar bilan taqdirlanishi esa, yoshlarga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlikning yorqin isbotidir.

Konferensiya o’z ishini 10 oktyabrga qadar davom ettiradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq