To‘qqiz oy yakunlariga bag‘ishlandi
19.10.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksining joriy yil to‘qqiz oyidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2008 yilning birinchi yarim yilligiga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi topshiriqlaridan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksi sohalarining joriy yilning to‘qqiz oyi bo‘yicha faoliyati yakunlari muhokama qilindi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida tatbiq etilishi hamda mamlakatimizda mualliflik va turdosh huquqlar himoyasini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Hisobot davrida Kompleks tashkilot va idoralari tomonidan ishlab chiqarish hajmlarining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash orqali eksport imkoniyatlarini oshirish yuzasidan muayyan natijalarga erishildi. Mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, moliyaviy va ijro intizomini yanada mustahkamlash borasida amaliy ishlar olib borildi.

2008 yilning o‘tgan davrida Kompleks bo‘yicha jami 1088,45 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 163,83 foizni tashkil etdi.

Eksport prognozi ko‘rsatkichlari 136,6 foizga bajarildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 143,12 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan chet el sarmoyasi o‘zlashtirilib, bu boradagi 9 oylik reja 120 foizga uddalandi.

Majlisda Kompleks tarkibidagi idoralarda “Yoshlar yili” Davlat dasturi va boshqa ustuvor dasturlarning bajarilishini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar ko‘rib chiqildi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish, Internet tarmog‘ida axborot resurslarini ko‘paytirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, davlat interaktiv xizmatlari sonini va sifatini oshirish hamda qishloq joylarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor berish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizda mualliflik huquqlari va turdosh huquqlarni himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, kelgusida bu yo‘nalishda me’yoriy-huquqiy ba’zani yanada mustahkamlashga, amaldagi qonunchilik talablari bajarilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Bu borada mavjud kamchilik va nuqsonlar ko‘rsatib o‘tildi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari oldiga bir qator vazifalar qo‘yildi.

Majlisda ijro intizomini mustahkamlash, rahbarlar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi va qarorlar qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq