O’zbekiston – Latviya: kelishuvlarga erishildi
19.10.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

pic

2008 yil 6 oktyabr kuni Toshkentda O’zbekiston-Latviya ishbilarmon doiralari biznes-forumi doirasida №3-Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar sho’ba majlisi bo’lib o’tdi.

Majlisda moderator vazifasini O’zbekiston Respublikasi tomonidan O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktor o’rinbosari A.Xo’jayev, Latviya Respublikisi tomonidan – «SWH SETS» kompaniyasi bosh direktori Ayvars Lokmanis bajardi.

Sho’ba yig’ilishi ishida aloqa va axborotlashtirish sohasidagi aksiyadorlik kompaniya, korxona va tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Majlis davomida quyidagi ma’ruza va taqdimotlar tinglandi:
— A.Xo’jayevning «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish va hamkorlik istiqbollari» mavzusidagi taqdimoti;
— «SWH SETS» kompaniya direktori Ayvarsa Lokmanisning chiqishi va taqdimoti;
— O’zbekiston AT korxonalari va tashkilotlari uyushmasi ijrochi direktori I.Abdullayevning taqdimoti va faoliyati bilan tanishuv;
— Elektron aloqalar direksiyasi boshqaruvi raisi Yanis Kruminshning ma’ruzasi;
— Ilmiy-texnikaviy va marketing tadqiqotlar markazi direktori M.Mahmudovning markaz faoliyati haqidagi ma’ruzasi va majlisning boshqa ishtirokchilarining so’zga chiqishi.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasida telekommunikatsiya va AKT ahvoli va rivojlanishi haqidagi tomonlarning axborotlari tinglandi.

Ikki davlat vakillari axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Bu borada ular hamkorlikni faollashtirish, uning qamrovini kengaytirish va sifat jihatdan yuksaltirish zarurati va mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqdilar.

O’zbekiston tomoni mehmonlarga davlat xokimiyati idoralarida AKTni joriy etish va rivojlantirish choralari, AKTni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar mavjudligi, foydalanuvchilar soni o’sish sur’atlari, amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot loyihalar, e’tirof etilgan xalqaro tashkilotlar doirasidagi faoliyat haqida ma’lumot berdilar.

Latviya tomoni, shuningdek, elektron hujjat almashuvini rivojlantirish va amaliyotga tadbiq etish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish xajmini oshirish hamda ularning eksportini quyidagi yo’nalishlarda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi:
— mahsus vakolatli organ tashkil etilgan va u tomonidan raqamli elektron imzo kalitlarini ro’yxatga olish bo’yicha 3 markaz rasmiylashtirilgan, hozirgi kunda ERI kalitlari va kalitlar sertifikatlari soni 18 mingdan oshgan;
— raqamli elektron imzoli hujjatlarni imzolash jarayonini tartibga solish bo’ytcha me’yoriy baza yaratilgan, jumladan, mazkur hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlash bo’yicha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan, milliy standartlar qabul qilingan, elektron hujjat almashuvi tizimini xokimiyatlar va davlat boshqaruvi organlarida joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Respublikamizda har yili o’tkazib kelinayotgan xalqaro miqyosdagi «BestSoft-Uzbekistan», «AKT haftaligi» tadbirlari hamda xalqaro simpozium, anjumanlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

O’z navbatida, mehmonlar Latviya Respublikasida telekommunikatsiya va AKT rivoji to’g’risida mamlakatimiz vakillarini tanishtirdilar.

O’zbekiston tomoni Latviya kompaniyalarining AT-xizmatlar, AT-konsultatsiyalarni taqdim etish, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, AT-strategik hujjatlarni ishlab chiqish bo’yicha maslahatlar, turli loyihalarni ishlab chiqish, ta’lim maqsadlarida AKTni qo’llash, mahsus ta’limga AKTning integratsiyalashuvi, dasturlash, o’quv materiallarini detallashtirishga oid faoliyatlari bilan tanishdilar.

Ta’kidlanganidek, Latviyaning AKT sohasida 24 mingdan ziyod mutaxassis faoliyat yuritadi va AT-kompaniya xodimlarining 85% xalqaro sektor faoliyati va tajribasiga ega kompaniyalarda ishlaydi.

Radio asbob-uskunalar ishlashi uchun radiochastotali spektrni qo’llashni texnik rejalashtirish, elektromagnitli moslikni ta’minlashning turli jihatlari bo’yicha xizmatlar taqdim etuvchi kompaniyalar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi.

Majlis davomida Internet va Internet-ilovalardan foydalanishni kengaytirish, elektron tijorat va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, axborot texnologiyalari bilan almashish borasida o’zaro hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

O’zbekiston tomoni latviyalik mehmonlarni mamlakatimizda o’tkazib kelinayotgan «AKT haftaligi», «BestSoft-Uzbekistan» tadbirlari, boshqa anjuman va simpoziumlarda ishtirok etishni taklif etdi. Shuningdek, Latviya vakillariga qator innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatini ko’rib chiqish taklif etildi. O’zbekiston tomonining latviyalik hamkasblarining o’zaro manfaatli hamkorlikka oid turli takliflarini ko’rib chiqishga tayyor ekanligi bildirildi.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan doimiy ravishda axborot almashishni rag’batlantirishga hamda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, innovatsion veb-servislar marketingi va boshqa yo’nalishlarda dasturiy mahsulotlarni yaratishga kelishib oldilar.

pic

Majlis yakunida O’zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari Uyushmasi va Latviyaning «SWH SETS» kompaniyasi o’rtasida O’zaro anglashuv haqidagi memorandum imzolandi.

Mazkur Memorandumga ko’ra, AT-Assotsiatsiya va SWH SETS kompaniyasi axborot texnologiyalari sohasiga oid davlat siyosati, sanoati, biznes masalalari bo’yicha axborot alshashishni amalga oshirish; axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislarni o’qitish jarayoniga ko’maklashish; marketing, axborot texnologiyalari sohasida sa’y-harakatlarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilish; qo’shma AT-loyihalarni hayotga tadbiq etish orqali AT-texnologiyalarni rivojlantirish; o’zaro tashriflarni amalga oshirish va tomonlarning tadbirlarida ishtirok etishga kelishib oldilar.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq