“LexUZ” – tezkor va samarali tizim
24.09.2008
Rukn: Internet.
Muallif: .

Mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati qurishning muhim omillaridan biri sifatida aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Aholining huquqiy axborot bilan ta’minlanishi bu borada olib borilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshiradi.

Namangan davlat universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi – “LexUz” huquqiy axborot qidirish tizimining taqdimot marosimi va o‘quv-seminarida shu xususda so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda BMT Rivojlanish dasturi hamkorligidagi “O‘zbekistonda islohot jarayonlariga ko‘maklashish uchun milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda universitetning talaba va o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish, ularning zamonaviy imkoniyatlaridan barcha sohalarda keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“LexUz” huquqiy axborot qidirish tizimining asosiy maqsadi aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning me’yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini ta’minlash, huquqiy axborot ta’minotini takomillashtirishdan iborat

Ayni paytda bu tizimga mustaqillikning ilk yillaridan boshlab qabul qilingan qonunlar, qaror va farmonlar, mamlakatimiz a’zo bo‘lgan xalqaro shartnomalar, turli vazirlik va idoralarning huquqiy hujjatlari – jami 17 mingdan ziyod me’yoriy hujjat o‘zbek va rus tillarida joylashtirildi.

Bugungi kunda har bir kishi dunyoning istalgan nuqtasidan internet tarmog‘idan foydalangan holda maxsus [url=http://www.lex.uz]www.lex.uz[/url] sayti orqali ushbu huquqiy hujjatlar, ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.

– Bu tizim aholining huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy ma’lumotlarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarni ta’minlash, qonunchilikni yanada takomillashtirish imkonini beradi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Alijon Ochilov. – Bundan tashqari bu tizim fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari, mansabdor shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning respublikamiz qonunchiligidan muntazam va tezkor ravishda xabardor bo‘lib borishini ta’minlaydi.

O‘quv-seminar davomida mutaxassislar tomonidan “LexUz” huquqiy axborot qidirish tizimining ishlash tartibi va uning afzalliklari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq