Kompyuter ishqibozlari uchun gimnastik mashqlar
14.04.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Holida Tulenova.

pic

Falsafiy va psixologik adabiyotlarda inson faoliyatining turli ko‘rinishlaridan uchta asosiy faoliyat — o‘yin, o‘qish va mehnat turlari alohida ajratib ko‘rsatilgan. Ammo tarixiy jarayonda inson faoliyati jamiyatning moddiy hayotiy sharoitlari, o‘zaro ijtimoiy munosabatlar, ma’naviy va moddiy talablar rivojlanishiga qarab muntazam o‘zgarib boradi, rivojlanadi hamda takomillashadi.

Shu bilan birga, inson faoliyati turli sohalari yangi mazmun, yangi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Insonlarning ko‘pchiligini o‘z ta’siri ostiga jalb etadi. Shuning uchun bu faoliyatning boshqa turlari bilan to‘ldirilib boriladi. Hozirgi davrda quyidagilar: insonlararo munosabatlar, san’at, sport alohida muhim faoliyat turlari hisoblanadi. Biroq faoliyatning qay bir turi bilan shug‘ullanmasin, inson uchun badantarbiyasi eng muhim hayotiy omillardan hisoblanadi. Jahonda Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Ali ibn Sino bobokalonimiz ham jismoniy tarbiyaga alohida yuqori baho berib, xususan, shunday deb yozgandi: «Me’yorida badantarbiya bilan shug‘ullanib borgan insonning davolanishiga xojat qo‘lmaydi».

Shuni aytish mumkinki, sport, ayniqsa, hozirgi zamonaviy jamiyat sharoitida faoliyatning asosiy turlaridan biri bo‘lib bormoqda, bu birinchi navbatda, yangi avlod shaxsini shakllantirishda muhim omil hisoblanganligi uchun hamdir. Bir qator olimlar ishlab chiqarish mehnatini o‘qish va gimnastika bilan uyg‘unlashtirilishi — har tomonlama rivojlangan barkamol inson tarbiyasining yagona vositasi deb hisoblaydilar. Hozirgi sharoitda jismoniy tarbiya va sportni ommaviy rivojlantirish jismoniy va ma’naviy kuchlarini barkamol rivojlantirish bilan insonni tarbiyalashning muhim sharti sifatida qaraladi.

Sportning ijtimoiy vazifalarini va unga umumiy qiziqishni kengaytirishning belgilovchi omili sifatida gipodinamiya, nerv-psixik asabiylashish kabi va boshqa ilmiy-texnik taraqqiyotning salbiy oqibatlariga qarshi harakatlanish faolliklarini rag‘batlantirish zarurligini ommaviy anglab etish ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, sport bilan shug‘ullanishning ijobiy ta’siri faqatgina sog‘lomlashtirish-gigienik jihati emas, balki mehnat samaradorligini oshirishi, kasallanishni kamaytirishi natijasida erishiladigan iqtisodiy samarasi ham ta’kidlanadi. So‘nggi paytlarda sport bilan faol shug‘ullanish shaxsning ijtimoiylashishiga yordam berishi haqidagi ishonchli ma’lumotlar ham olingan. Bu xususan, yoshlarni ularga yangi bo‘lgan mehnat, ta’lim sharoitlariga ijtimoiy moslashishlarini tezlashishi va osonlashishida, amaliy faoliyat ko‘nikmalari, ijtimoiy vazifalar va qoidalarni yanada tezroq o‘zlashtirishlarida namoyon bo‘ladi.

Sport faoliyatida asosiysi turli xil mashqlarni bajarish jarayonida odamlarning jismoniy va psixik imkoniyatlari chegarasiga erishish, aniqlash va taqqoslashdan iborat. Bunday mazmun boshqa hech bir faoliyat turiga qo‘yilmaydi va boshqa hech bir faoliyat turida u asosiy sifatida ishtirok etmaydi. Jismoniy tarbiya jarayonida amalga oshiriladigan jismoniy va ma’naviy kuchlarning takomillashtirish, sog‘lomlashtirish, ta’lim va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, kasbiy mahoratning sifatli shakllanishi omili bo‘ladi. Mehnatning aniq turlarida samaradorlikka erishish masalalariga xizmat qilishi mumkin.

Ma’lumki, uzoq vaqt bir joyda o‘tirib, amalga oshiriladigan mehnat jarayonlari insonlarda jismoniy harakat organlari yoki qon aylanish tizimida turli kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

Me’yoridan ortiq qimirlamay, o‘tirib ishlash, masalan, aqliy mehnat kishilari, haydovchilar, chevar-tikuvchilar va boshqalarda shunday kasbiy kasalliklar vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.

Kompyuter bilan bog‘liq ishlarda xizmat qiladigan insonlarga ham shunday holat salbiy ta’sir etishi mumkin. Shu bois, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan muloqot qilishda ulardan foydalanish qoidalariga amal qilishni o‘rgatib borish dolzarb masala hisoblanadi.

Kompyuter oldida soatlab o‘tiradigan ayrim ishqibozlar, o‘z xizmat doirasi bo‘yicha kun davomida doimo uning ro‘parasida bo‘ladigan: operator, dizaynerlar kabi katta yoshdagilar ham ma’lum muddat monitor oldida o‘tirganlaridan so‘ng maxsus gimnastik mashqlar bilan shug‘ullansalar, foydadan holi bo‘lmaydi. Shu maqsadda ularga quyidagi gimnastik mashqlarni tavsiya etamiz. Mazkur mashqlardan harakat organlaringizda qon yaxshi aylanishini ta’minlanishida samarali foydalanishingiz mumkin.

Mashqlarning mazmuni:
Dastlabki holat
1. Chuqur nafas olib, nafas chiqarish (10-15 marta).
2. Koptokcha yordamida egiluvchanlik, qo‘l chaqqonligi mashqlarini bajarish.
3. Uni bir necha bor tepaga otib, ilib olish.
4. Bosh va tanani chap yoki o‘ng tomonga aylantirish, tanani oldingi va yon tomonga tez bukish va to‘g‘rilash.
5. O‘tirgan holda sakrash.
6. Oyoqlarni chalkashtirib, yuqoriga sakrash.
7. Barmoqlarga tayangan holda qo‘llarni bukib, yozish.
8. Nafas olmay, 2-4 marta turib, o‘tirish.
9. Sekin turgan joyda (bir me’yorda) yurish va yugurish.
10. Mashq tugadi.

Tanani bo‘shashtiruvchi mashqlar
Mashqlardan maqsad: gipodinamiyaga qarshi chidamlilikni rivojlantirish. Qo‘l va tana mushaklarini statik chidamliligi, diqqat ziyrakligi, qo‘l, barmoqlar bo‘g‘imlarining harakatchanligi, oyoqlar va tanada qon aylanishi uchun yaxshi fiziologik sharoit yarata bilishdan iborat.

Mashqlarning mazmuni:
1. Bir xil yo‘nalishda 100 metrgacha sekin yugurish.
2. Tirsak bo‘g‘imlarini bukish va to‘g‘rilash (30 soniya davomida).
3. Tik turgan holatda qo‘l va barmoqlar bilan devordan itarilish.
4. Har bir oyoqda yuqoriga (turgan joyda)10-16 marta sakrash.
5. Bir oyoqda turgan holda, tik holatdan gorizontal holatga, muvozanatga o‘tish, chap va ung oyoqda 15-20 marta takrorlash.
6. Qo‘llarni boshning orqasida «zanjir» qilib ushlab, turgan joyda sportcha yurish (4-5 marta ).
7. Tennis koptogini qo‘ldan-qo‘lga 30 marta uloqtirish.
8. Tennis koptogini 10-16 marta otish.
9. Tennis koptogini otib va uni ushlab olgan holda yurish, turgan joyda yugurish (3 marta 30 soniyadan).
10. Turgan holda oyoqlarni ko‘tarish va tushirish.
11. Mashq tugadi.

Yuqoridagi mashqlarni to‘g‘ri bajarib, nazorat qilib borilsa, albatta, samarali natija berishiga shubha yo‘q.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq