Kitobxonlarga masofadan xizmat ko’rsatish tizimi
17.03.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Karimov Ulug'bek.

pic

Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi va hayotimiz ijtimoiy, iqtisodiy sohalariga joriy etilib borilayotganligining guvohi bo‘lib turibmiz. Jumladan, so‘nggi yillarda Respublikamizda kutubxonachilik sohasining ham aholiga qulay xizmat ko‘rsatish ishlarida yangi imkoniyatlar ochilib bormoqda.

Respublika Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Aholini axborot-kutubxona bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilinganidan buyon mamlakatimiz kutubxonachilik ishi bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi:

• Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Toshkent davlat madaniyat instituti o‘qituvchilarining «Axborot, kutubxonachilik va nashriyotishi»ga oid standartlar tizimi ishlab chiqish bo‘yicha qilgan tashabbusini «Aloqa va axborotlashtirish agentligi» qo‘llab-quvvatladi va Respublika axborot-kutubxona markazining sa’yi harakati bilan o‘zbek tilida standartlar tizimining bir qismi tayyorlandi, muvofiqlashtirildi hamda respublika kutubxonachilik ishiga tatbiq qilish ishlari boshlab yuborildi;
• Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga ham jiddiy e’tibor berildi, jumladan, «Aloqa va axborotlashtirish agentligi» qoshidagi «Yosh dastur tuzuvchilar markazi», Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat instituti, MChJ «LIBNET SERVIS»da kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy izlanishlar olib borishga kirishdilar. Avtomatlashtirilgan kutubxona-axborot tizimini yaratish bo‘yicha bir necha loyihalarni amalga oshirishga kirishdilar.
• O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi va «Osiyo taraqqiyot banki» hamkorlikda «Maktab kutubxonalarini rivojlantirish» loyihasi ishga tushirib yuborishdi. Mazkur loyihaga ko‘ra birinchi navbatda, Respublikadagi 1000 ta maktab kutubxonasi zamon talabiga muvofiq axborot-resurs markaziga aylantiriladi.

pic

Respublika Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Aholini axborot-kutubxona bilan ta’minlash to‘g‘risidagi» qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti o‘qituvchilari va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari tomonidan hamkorlikda «Kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi»ni yaratildi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Madaniyat instituti axborot-resurs markazida mazkur dasturni tatbiq qilish bo‘yicha tajriba — sinov ishlarini boshlab yuborishdi.

Bugungi kunda respublikamizning 40 dan ortiq kutubxonalarida kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlaridan foydalanilmoqda. Bu kutubxonalarning ko‘pchiligi o‘z elektron kataloglarini shakllantirish bilan mashg‘ul bo‘lib, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish (kitob berish, qaytarib olish, buyurtmalar berish) jarayonlarini avtomatlashtirilgan holda amalga oshirishga o‘tganlari yo‘q. Elektron katalogni Internet tarmog‘ida taqdim qilishga mo‘ljallangan va UNIMARC formati talablariga javob beradigan dasturiy vositalar O‘zbekiston kutubxonalarida mavjud emas. Shu sababli ham elektron katalog bazasini Internet/Intranet tarmog‘ida taqdim qilish va u orqali adabiyotlarga buyurtmalar berish, buyurtmalarning bajarilishini nazorat qilish, bajarilgan buyurtmalar to‘g‘risida masofadan turib, tegishli axborotlarni olishga mo‘ljallangan dasturiy vosita yaratish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

pic

Tizim lokal va global tarmoqlarda ishlatishga mo‘ljallangan bo‘lib, undan foydalanuvchilar soni cheklanmagan. Tizim UNIMARC va RUSMARC xalqaro formatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda MARC oilasiga kiruvchi formatlar bilan ma’lumotlarni ikki tomonlama konversiyasi asosida bibliografik axborotlarni almashinuvini ta’minlay oladi. Kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatish tizim g‘oyasi asosida «har bir kitobxon uchun Internet/Intranet tarmog‘ida shaxsiy elektron kabinet» yaratish yotadi. Kitobxon kutubxonaga a’zo bo‘lgach, unga maxsus login va parol beriladi. Kitobxon ushbu login va paroldan Internet/Intranet tarmog‘ida turib, kutubxonaga bevosita kelmasdan kutubxonaning elektron katalogidan foydalangan holda kerakli adabiyotlarni qidirishi, topilgan adabiyotlar ro‘yxatini ko‘rishi, ularga buyurtmalar berishi hamda buyurtmaning qabul qilinganligi va bajarilishi to‘g‘risida axborot olishi mumkin. Izlanayotgan kitob topilgandan so‘ng, undan foydalanish uchun kutubxonaga borishi yoki uning ba’zi bir qismlarini elektron pochta orqali olishi mumkin. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning bunday shakli bir necha binolarda joylashgan kutubxonalar faoliyati samarasini oshirishda katta rol o‘ynaydi. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uchta binoda joylashgan bo‘lib, ular shaharning turli tomonlarida joylashgan.

Taqdim qilinayotgan dastur kitobxonlarga masofadan xizmatning quyidagi shakllarini taqdim etadi:
• kutubxonaning elektron katalogini (EK) Internet/Intranet tarmoqlari orqali ko‘rish;
• EKda bibliografik tavsifning barcha elementlari bo‘yicha qidiruv ishlarini bajarish;
• kutubxonaning EKda mavjud bo‘lgan adabiyotlarga buyurtmalar berish;
• berilgan buyurtmalarning qabul qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotni Internet/Intranet tarmog‘idagi o‘z shaxsiy kabinetida olish;
• berilgan buyurtmalarning bajarilishi yoki bajarilmasligi to‘g‘risida ma’lumotlari Internet/Intranet tarmog‘idagi o‘z shaxsiy kabinetida olish;
• Internet/Intranet tarmog‘i orqali berilgan buyurtmalar navbatini boshqarish;
• kitoblarni qaytarib olinganligini rasmiylashtirish;
• kitobxonlar tomonidan kutubxonadan olingan kitoblar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarga ishlov berish.

Mazkur tizim kitobxonlarning bevosita kutubxonaga kelmasdan, kerakli adabiyotlarga buyurtmalar berish, buyurtmalarning bajarilishi to‘g‘risidagi tegishli axborotlar olish orqali ularning kitoblarni qidirish uchun sarf qiladigan vaqtlarini keskin qisqartirishga erishamiz.

pic

Texnik ta’minot
Tizim lokal va global tarmoqlarda, IBM PC kompyuterlarining Windows XP operatsion tizimida ishlay oladi. Tizim apparat vositalariga nisbatan hech bir qo‘shimcha talablar qo‘ymaydi.

Dasturiy ta’minot
Tizimning dasturiy ta’minoti PHP tilida yozilgan. Ma’lumotlar bazasining fizik strukturasi SUBD CDS/ISIS (YUNESKO)

Axborot ta’minoti
• tizim elektron katalogining ma’lumotlar bazasi adabiyotlarning bibliografik va texnologik tavsifidan iborat bo‘lib, ba’zi bir hollarda bibliografik tavsifga to‘liq matn ham bog‘langan;
• tizim IRBIS tizimining IBIS ma’lumotlar bazasidan foydalanadi;
• tizim IRBIS tizimining (RDR) — kitobxonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasidan foydalanadi;
• tizimni o‘rnatish.

Tizim CD diskda taqdim qilinadi. Tizimni kompyuterga o‘rnatish tartibi:

Kitobxon uchun avtomatlashtirilgan ish o‘rni (Kitobxonning shaxsiy elektron kabineti)
Kitobxon o‘z avtomatlashtirilgan ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun u kutubxonadan maxsus ro‘yxatdan o‘tadi va tegishli «Login» va «Parol» oladi. Kitobxonning avtomatlashtirilgan ish o‘rni kutubxonaning kitobxonlariga masofadan kutubxonaning EKdan foydalanib, buyurtmalar berish va berilgan buyurtmalarning bajarilishi to‘g‘risidagi operativ axborotlarni Internet/Intranet tarmog‘i orqali olishni ta’minlaydi;

pic

Kitobxon bibliografik tasvirning barcha elementlari bo‘yicha va mantiqiy operatorlardan foydalanib, qidiruv bajarish imkoniyatiga ega. Tizim interfeysini o‘zlashtirish uchun maxsus bilim, malaka va ko‘nikmalar talab qilinmaydi.

Kitob beruvchi va qaytarib oluvchi xodimning avtomatlashtirilgan ish o‘rni
Kitob beruvchi va qaytarib oluvchi xodimning avtomatlashtirilgan ish o‘rni mazkur funksiyani bajaruvchi kutubxona xodimining avtomatlashtirilgan ish o‘rni hisoblanadi.

pic

Kutubxonachi xodim kitob berish va qaytarib olish jarayonini boshqarish, kitobxonlar tomonidan olingan barcha adabiyotlar ro‘yxatini tuzish, kutubxonadan «qarzdorlar» ro‘yxatini aniqlash imkoniyatiga ega.

Masofadan berilgan buyurtmalarni qabul qiladi va ularning maqomini o‘rnatadi.
1- rasm. Tizimning o‘zbek va rus tillarida yaratilgan interfeysi.
Ushbu tizim Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat instituti kutubxonasining elektron katalogi asosida (10 000 bibliografik yozuv) INTERNET tarmog‘ida namoyish qilinmoqda.

Qiziquvchilar [url=http://83.69.132.20]http://83.69.132.20[/url] manzili bo‘yicha elektron katalogga va mazkur maqola muallifining shaxsiy elektron kabinetiga kirishlari mumkin. Login: 113; Parol: 113.

«Kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatish» tizimi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ishga tushirishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunda kitobxonlarni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur tizim uchun patent olingan «Kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi». Guvohnoma № DGU 01438 28.11.07

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq