Yangi avlod tarmoqlari haqida fikrlar
07.01.2008
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Karimjon Mullaboyev, Hurshid Lutfullaev.

pic

«Telekommunikatsiyalar — signallar, belgilar, matnlar, tasvirlar, tovushlar yoki axborotning boshqa turlarini o‘tkazgichli, radio, optik yoki boshqa elektromagnit tizimlaridan foydalangan holda uzatish, qabul qilish, qayta ishlashni tushuniladi».
“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi O‘zR Qonunidan

O‘tgan oxirgi o‘n yillik davr mobaynida, telekommunikatsiya sohasi mehnat unumdorligining o‘sishini ta’minlashda hamda yangi texnologiyalarni joriy etishda muhim o‘rinlarni zabt etib keldi. Kelgusida xalq xo‘jaligi va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tayanch infratuzilma — elektron tijorat yoki Internet tarmog‘ining turli imkoniyatlaridan istalgancha miqdorda foydalanishning mutassil o‘sishiga va keng qamrovli joriy etilishiga, mazkur soha o‘ta muhim qirralarni — yangi iqtisodiyotni shakllanishiga va iqtisodiyot tarkibini rag‘batlantiruvchi vosita sifatida butkul o‘zgartirishlarni kiritishiga odimlanayotgani shubhasiz, muhim hodisaga aylanib bormoqda.

Dastlabki fikrlar…
Telekommunikatsiyaning yadrosini tashkil etuvchi — telefon tarmog‘i XX asrda interaktiv xizmatlarning asosiy ikki aloqa turini — telefon va telegraf xizmatlari orqali amalga oshirilardi. Telegraf aloqasi asta-sekin o‘tmishning vositasiga aylanib bormoqda, lekin telefon aloqasi esa uning o‘rnini zabt etayotgani, infokommunikatsiyalar xizmatlari bozorining muhim o‘rinlarini egallashda davom etmoqda. Boshqacha qilib aytganda, jahonda telekommunikatsiyalarning globallashuvi shakllanmoqda, aloqaning yangi avlodi jadal kirib kelmoqda.
XXI asrda telefon aloqasining sifatli rivojlanishi quyidagi yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi:
• Axborot uzatish, kommutatsiyaning raqamli usullariga o‘tishni tugatish;
• Telefon tarmog‘i abonentlariga taqdim etilayotgan xizmatlar ko‘lamini oshirish;
• Telefon tarmog‘ining asosiy elementlarida o‘tkazuvchanlik qobiliyatini maksimal oshirish;
• Tarmoqdan foydalanish mavqeyini kengaytirish va turli texnik vositalar qurilishi uchun undan foydalanish;
• Xizmat ko‘rsatish hamda ma’lumotni uzatish servis sifati ko‘rsatgichlarini oshirish;
• Aloqani barqaror ishlashini ta’minlashda samarali texnik ekspluatatsiya usullaridan foydalanish;
• Eng muhimi, telefon tarmoqlari qurilishi xarajatlar ko‘lamini kamaytirish, tarmoqni rivojlantirish va texnik xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlashdan iboratdir.

Tarmoqlarning evolyutsiyasi…
Telefon aloqasi tarmog‘ida foydalanishga topshirilgan kommutatsiya stansiyalarining asosiy rivojlanish tendensiyalariga nazar tashlasak, kommutatsiya texnikalarining evolyusiyasi ikki turga ajratilgan. Birinchisi, ichki tuzilishi (telefoniyaning tarkibi) va tashqi tuzilishi (axborot kommunikatsiya texnologiyalari majmuasining rivojlanishi bilan bog‘liq jarayoni)dan kelib chiqadi.

Infokommunikatsiyalar tizimining evolyusiyasi turli iqtisodiy hamda tashkiliy sabablarga ko‘ra kommutatsiya stansiyalari o‘zgartirib borilgan. Modernizatsiya qilish, kengaytirish va rivojlantirish ana shu o‘zgartirishning asosiy mohiyatidir. Ushbu tushunchalar tom ma’noda o‘ta chambarchas va kuchli ahamiyatga egadir. Moddiy jihatdan eskirishga o‘tib borayotgan texnika vositalari zamonaviy ma’lumotni taqsimlovchi vositalarga (har jihatdan ijtimoiy-iqtisodiy va texnikaviy-tashkiliy yo‘nalishlarni e’tiborga olinib) almashtirib borilgan. Umuman, O‘zbekistonning infokommunikatsiya tizimida telefon aloqasining beshta asosiy kommutatsiya tizimi davrini (fazasini) o‘tagan. Uni yuqoridagi jadvalda ko‘rishimiz mumkin.

pic

Tarix sahifalarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, 1904 yili 200 raqamga mo‘ljallangan birinchi qo‘l bilan boshqariladigan kommutatsiya tizimi ekspluatatsiya qilingan. Keyinchalik mazkur qurilmalarning imkoniyatlarini har tomonlama kengaytirish orqali, o‘sha zamonaning yangi yutuqlarini joriy etish maqsadida, qo‘l bilan boshqariladigan telefon stansiyalari tizimini avtomatlashgan telefon stansiyaga almashtirish bo‘yicha ishlar olib borilgan.

1932 yili Toshkentda birinchi avtomatlashgan mashina tizimidagi stansiya ishga tushirildi. 1955 -1960 yillar davomida Toshkent shahar telefon tarmog‘ida 47 va 54- telefon stansiyalari dekada odimlovchi telefon stansiyalariga asos soldi. Shu davrning so‘nggi yillarida 54-ATS yangi koordinat tizimli qurilma bilan almashtirildi. U o‘sha davrda o‘zining iqtisodiy tomondan arzon bo‘lgan hamda sifat jihatdan ancha yaxshi xizmat ko‘rsata oladigan texnologiyalardan sanalgan. Koordinat tizimdagi stansiyalar dekada odimlovchi tizim bilan o‘zaro hamkorlikda ishlay olishga ham mo‘ljallangan edi.

Keyinchalik mahalliy telefon aloqasini rivojlantirish bo‘yicha aloqa tarmog‘ining ko‘p kanaldan iborat impuls-kodli modulyatsiyaga asoslangan (IKM) tizimi joriy etilgan. Respublikada dekada odimlovchi ATSlarning o‘rniga Toshkent, Andijon, Jizzax, Buxoro, Qarshi, Farg‘ona, Guliston kabi ko‘pgina viloyat va tuman markazlarida telefon stansiyalari koordinat tizimlari bilan modernizatsiya qilingan.

1986 -1990 yillarda 3200 raqamli kvazi-elektron ATSlar Toshkent shahar telefon tarmog‘i hamda Toshkent viloyati Kalinin va Namangan viloyatining Toshbuloq tuman markazlarida bosqichma -bosqich modernizatsiya qilingan. Respublikamizning telekommunikatsiya tarmog‘ida 1987 yili birinchi dasturiy boshqaruvga asoslangan AXE-10 (ShATS) rusumdagi elektron telefon stansiyasini ekspluatatsiya qilish bilan raqamli tizimlarga o‘tila boshlangan.
O‘tgan asrning oxirgi dekadasi, mustaqillikning dastlabki yillari davomida yana qator xorijiy kompaniyalarning raqamli telefon stansiyalari joriy etilib borildi. Xususan, Yaponiyaning NEAX-61E tizimi, Janubiy Koreyaning DTS 2000/3100/3200 seriya rusumdagi kommutatsiya qurilmalari bularga yaqqol misol bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunga kelib respublikaning aloqa tizimlarida keng ko‘lamli modernizatsiyalash va rivojlantirish dasturi tatbiq etilib, ulardagi raqamlashtirish ko‘rsatgichlari bosqichma- bosqich oshib bormoqda. Ularning yana bir muhim boisi…

Keyingi avlod tarmoqlariga o‘tishning ahamiyati
Masalaning yana bir e’tiborli jihati, XXI asr boshida, kommutatsiya qurilmalari tuzilishi butkul o‘zgardi. Avtomatlashgan, kommutatsiyaning yangi avlodlari joriy etilib borilmoqda. Texnologiyalarning yutuqlari uning funksional imkoniyatlarini kengaytirdi, gabarit hajmi anchaga qisqardi, elektr energiyasini tejashga asoslandi, eng muhimi aloqaning barqaror va texnik jihatdan yuqori sifatli ishlashiga erishildi. Endilikda, kommutatsiya qurilmalariga dasturiy boshqaruvga asoslangan texnologiyalar kirib bormoqda.

pic

Zamonaviy raqamli telefon stansiyalari bir murakkab majmuadan tarkib topgan bo‘lib, ular «kanallarni kommutatsiya»lash texnologiyalariga asoslangan apparat-dasturiy vosita hisoblanadi. Mazkur majmua IT (intelektual tarmoq) va IXQRT (integral xizmat ko‘rsatuvchi raqamli tarmoq) tarkibidagi xizmatlar ko‘lamini har jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

Infokommunikatsiyalar tizimini keng ko‘lamda rivojlantirish g‘oyasining zaminida NGN- keyingi avlod tarmoqlari yotadi. NGNning asosiy konsepsiyasi «paketli kommutatsiya» texnologiyalariga o‘tish bilan izohlanadi. Keyingi avlod tarmoqlari uchta asosiy axborot turlari: tovush, ma’lumot va video oqimlar kommutatsiya funksiyalarini amalga oshiradi. Shu bilan bir qatorda NGN tarmog‘i IP paketlariga asoslangan jarayonidan iborat bo‘lib, u kommutatsiya tizimining sifatli ishlashini ta’minlaydi.

NGN tizimining konseptual g‘oyasi
Infokommunikatsiyalar tizimlarining rivojlanishida NGN tizimi — yangi turdagi zamonaviy xizmatlarni o‘zaro qo‘llab quvvatlashga qodir. Bozorda yangi turli aloqa xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora oshib bormoqda. NGN avlod tarmoqlari orqali turli asosiy va qo‘shimcha xizmatlarni joriy etish ularni boshqarish va keyinchalik o‘zgartirish kabi muhim vazifalarni amalga tatbiq etish mumkin.

NGN texnologiyasi — bu real konvergent texnologiyalarga asoslanadi. Konvergensiya nima? Telekommunikatsiya tarmoqlarining konvergensiyasi — aloqa tarmog‘i tarkibidagi abonentlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va foydalanishdagi apparat — dasturiy vositalarining o‘zaro qo‘shilishi yoki birlashishining vujudga kelishi bilan izohlanadi. Konvergent texnologiyalar uchta asosiy aspektlarni o‘z ichiga qamrab olib, ularga tarmoq tarkibi qurilishining texnik vositalari va mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamidan iborat. Tarmoqlarning konvergensiyalashuvi va integratsiyalashuvi iboralari keskin farq qiladi. Ular o‘zining alohida mazmun va mohiyatiga ega. NGN tarmog‘ining tuzilishi, ularning tarmoq infratuzilmasidagi mobil aloqa va turg‘un aloqa tarmoqlari, ichki yoki tashqi platformalardagi konvergentligi hamda integratsiyalashuvining asosiy jihatlari to‘rt qatlamli boshqaruv tizimidan tashkil topgan. Xizmatlarni boshqarish, tarmoqlarni boshqarish, tayanch kommutatsiya qurilmalari qatlami, xizmatlardan foydalanish qatlamidir. Uni Huawei kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan NGN tarmoq yechimlari asosida chizmada ko‘rishimiz mumkin.

pic

Chizmani qisqacha sharhlab o‘tsak, undagi ikki aylana shaklida qamrab olgan sohalar mobil hamda turg‘un aloqa tarmoqlarining konvergentligini ta’minlashdan iborat. To‘rtta mustaqil qatlamdan iborat bo‘lgan ushbu infratuzilma, o‘zining alohida funksional majmua vazifasini o‘tadi. Ta’kidlash joizki, jahondagi ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan mazkur yo‘nalishdan farqliroq NGN texnologiyasining tarkibiy tuzilmasi qarorlarini taqdim etishlari mumkin, lekin yuqorida aytganimizdek, NGNning asosiy g‘oyasiga suyanaveradi. NGN tarmog‘i o‘z ichiga tarmoqning xizmat ko‘rsatish ko‘lami, uning xavfsizligi hamda tarmoqning barqaror ishlashini ta’minlash kabi omillar uning ichki tarkibining muhim afzalliklari bilan e’tirof etiladi.

Aloqa va axborotlashtirish sohasidagi islohotlar
O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish qabul qilingan qator umummilliy davlat dasturlari asosida yondashilayotganini ta’kidlash joiz. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi «Kompyuterlashtirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjat hamda yana qator qabul qilingan boshqa qonun va qarorlarda sohani jadallik bilan rivojlanishiga aniq maqsad hamda vazifalar bilan yondashilmoqda. Ularning asosida telekommunikatsiya infratuzilmalarini takomillashtirish, milliy Internet segmenti hamda ma’lumotni uzatish tarmog‘ini rivojlantirish, AKT sohasida raqobat muhitini qaror toptirish va boshqa shu kabilar o‘rin olgan.

O‘zbekistonda, 2007 yilni keyingi avlod tarmoqlarini joriy etilgan yil bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 23 yanvardagi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining telekommunikatsiya tarmog‘ini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Xitoy taraqqiyot banki (CDB) va Huawei Technologies kompaniyasi bilan hamkorligida O‘zbekistondagi yirik telekommunikatsiya operatori — «O‘zbektelekom» AK telekommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash» investitsiya loyihasini tatbiq etish ishlari boshlab yuborildi.

Lizing asosida besh lotdan iborat loyiha tatbiqi amalga oshirilayotgan bo‘lib, mazkur loyihalar doirasida Toshkent shahar mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘ini NGN (keyingi avlod tarmog‘i) va TDM (kanallarni vaqt bo‘yicha ajratish) texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish va rivojlantirish ishlari ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda, uning dastlabki bosqichlari kompaniyaning «Toshkent shahar telefon tarmog‘i» filialida yakunlanib, NGN tarmog‘i tatbiq etilib borilmoqda. Filialning NGN texnologiyasiga asoslangan telefon stansiyalari mijozlari uchun taqdim qilinadigan yangi «Videotelefoniya» xizmat turini taqdim etish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq