Globallashuv jarayoni va axborot xavfsizligi
12.12.2007
Rukn: Internet.
Muallif: Nig'matullo Mo'minov.

pic

Agar tarixga nazar tashlasak, o‘z faoliyatida boshi berk ko‘chaga kirib qolganda, hamma vaqt ilmiy — texnikaviy yangilikka intilgan va erishilgan muvaffaqqiyat evaziga o‘z ko‘chasini ochiq qilib olgan: olov paydo bo‘lishdan, bug‘ mashinasi, yadro, atom energiyasi paydo bo‘lishiga qadar biz uning guvohimiz. Axborotni qayta ishlash, boshqaruv jarayonining boshi berk ko‘chaga kirib qolishi o‘z navbatida tezkor elektron hisoblash mashinalari bunyod etilishiga olib keldi.

Jamiyatni axborotlashtirish ishlab chiqarishning yuqori darajasidagi jarayon bo‘lib, axborotdan jamoat resursi sifatida foydalaniladi.

Axborotlashtirish, bu umumjahon jarayoni bo‘lib, taraqqiy etgan mamlakatning jahon bozoridagi peshqadamligi, iqtisodiy o‘sishi va milliy xavfsizligini ta’min etadi. Ma’lumki, globallashuv jarayoni obyektiv va qonuniy jarayon bo‘lib, o‘ziga xos bir qancha ijobiy xususiyatlarga ega. Bu jarayon birinchi galda davlatlarga xalqaro maydonga erkin chiqishga, boshqalar bilan yaqindan hamkorlik olib borishga hamda o‘z milliy manfaatlarini turli xil xalqaro va nodavlat tashkilotlar doirasida ta’minlashga keng imkoniyatlar beradi.

Shuni aytish kerakki, vaqt o‘tishi bilan globallashuv jarayonining o‘ziga xos ijobiy tomonlari bilan birga, bir qator salbiy jihatlari ham namoyon bo‘la boshlaydi. Davlatlarning bir-biriga sezilarli darajada o‘sgan bog‘liqligi shuni ko‘rsatmoqdaki, bir mintaqadagi xoh salbiy, xoh ijobiy voqea — hodisalar dunyoning boshqa bir mintaqasiga juda tez tarqalib, o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Buning oqibatida, mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdidlar vujudga kelmoqda. Vaziyatning keskinlashuvi, tashqi tahdidlarning ichki tahdidlar bilan, ya’ni an’anaviy tahdidlar bilan o‘zaro qo‘shilishi, ular orasidagi masofa yaqinlashuvi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligi o‘sishi kuzatilmoqda. Bu holat esa milliy va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda jahon geosiyosatida geostrategik kuchlar muvozanatining o‘zgarishi, ko‘p qutbli markazlar yuzaga kelishi, ular orasidagi raqobat hamda ayrim davlatlarning dunyo hukmronligi uchun ochiqdan — ochiq da’volari yangi mustaqil davlatlarda jamiyatni erkinlashtirish va huquqiy demokratik davlat qurish jarayoniga, milliy va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ushbu geosiyosiy raqobat oqibatida xalqaro xavfsizlikning yangi noan’anaviy tahdidlari: xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm va fundamentalizm, narkobiznes, noqonuniy qurol savdosi, separatizm vujudga kelishi kuzatiladi. Mazkur tahdidlar esa zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi globallashuv va integratsiyalashuv natijasida kundan-kunga milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka xavf solmoqda.

So‘nggi davrlarga kelib, geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi hamda raqobat kuchayishi natijasida yuqorida ko‘rsatilgan omillardan tashqari, ilgari kuzatilmagan tahdidlar yuzaga kela boshladi. Ayrim g‘arb davlatlari tomonidan o‘z milliy manfaatlarini kengaytirishda «demokratiya eksporti» «ikkilamchi me’yor» siyosiy va «axborot huruji» kabi asosiy vositaga aylanmoqda. Globallashuv jarayonini bevosita axborot bilan bog‘liq ekanligini tushinish qiyin emas, albatta.

pic

Mutaxassislarning fikricha, hozirda axborot iqtisodiyotning eng serdaromad manbaiga aylanib bormoqda. AQSh Strategik tadqiqotlar institutining ma’lumotlariga ko‘ra, axborot mahsulotiga sarflangan har bir dollar, yoqilg‘i-energetika sohasiga sarmoya qilingan 1 dollardan ko‘ra bir necha barobar ko‘p foyda berar ekan. Bu faqat uning iqtisodiy jihati, uning siyosiy jihati esa o‘z shaxsiy manfaatlariga o‘ta arzon, o‘ta qulay yo‘llar bilan erishish sifatida qaralmoqda. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda axborot omili ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan ayrim kuchlar manfaatiga aylanib bormoqda. Shuning uchun ham yangi mustaqil davlatlarning milliy xavfsizligini ta’minlashda siyosiy, iqtisodiy, harbiy omillar bilan bir qatorda uning axborot jihatlari borgan sari dolzarblashmoqda.

Prezidentimiz aytganlaridek, axborot omili yadroviy poligonlardan ham dahshatli omilga aylanib borayotir. Agar mazkur omilga alohida e’tibor berilmas ekan, u borgan sari kuchayib boradi. Natijada, ayrim kuchlar qo‘lida asosiy «qurol»ga aylanadi. Bu esa nafaqat davlatlar yoki mintaqalarda keskin vaziyat vujudga kelishiga sabab bo‘ladi, balki xalqaro miqyosda ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Xalqaro munosabatlar tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar natijasida milliy xavfsizlik, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro xavfsizlik kabi tushunchalar mohiyatini tushinishga, ularning o‘zaro bog‘liqligini anglashga e’tibor ortib bormoqda. Bugungi dunyoning axborot xavfsizlik holati «Xavfsizlik»ka bo‘lgan zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqishga va milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka nisbatan konseptual qarashlarni rivojlantirishga undamoqda.

Bugungi globallashuv asrida axborotga bo‘lgan talab har qachongidan ko‘ra, kuchayib bormoqda. Shunday ekan, xolis va haqqoniy axborotlarni tarqatish, ommaning bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish har qachongidan ko‘ra bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, demokratik jamiyatda ommaviy axborot vositalari, tele-radio kanallar odamlarni xolis va haqqoniy axborot yetkazadigan, gumanistik qarashlar, ilg‘or g‘oyalarni ifoda qiladigan erkin minbar sifatida e’tibor beriladigan vositadir. Aslida ham shunday. Bugun jahon miqyosida bo‘layotgan olamshumul o‘zgarishlar, iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fandagi inson aqlini lol qoldiradigan yangiliklaru ixtirolar barcha-barchasi ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum bo‘lmoqda. Demak, OAV, matbuot yaxshilikka, ezgulikka xizmat qilmoqda. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, o‘tgan asrning oxirlari, XXI yuz yillikning dastlabki yillarida G‘arb matbuotida biz aytgan ezgulikka xizmat qilish o‘rniga boshqa buyurtmali «ezgulikka» xizmat qilish hollari ham kuzatilmoqda. Ayniqsa, bu holni sobiq ittifoq parokanda bo‘lgach, uning o‘rnida tashkil topgan mustaqil respublikalar, xususan, Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston bilan bog‘liq jarayonlarda uchratish mumkin.

Agarda mustaqilligimizning dastlabki yillarida G‘arb matbuotining Respublikamizga bo‘lgan munosabatini tahlil etadigan bo‘lsak, «Ozodlik», «BBS» va boshqa radio hamda gazetalarda ko‘proq ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy va shu kabi sohalardagi kamchiliklarga e’tibor qaratilar edi. Lekin, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida qat’iy va dadil yo‘l tuta boshlaganidan, ayrim xalqaro tashkilotlaru «Buyuk derjava» larning yo‘rig‘iga yurmaganidan, ularning geostrategik rejalarini barbod etgandan so‘ng axborot hurujlar avj ola boshladi. So‘nggi vaqtlarda ayrim ommaviy axborot vositalarida terroristik tajovuzlar dunyoning Yevropa qismida «terrorizm» deb baholanib, O‘zbekistonda «inson haq-huquqlarining himoyasi» sifatida qaralmoqda. Mana shunday sharoitda, ya’ni, demokratik jarayonlarga baho berishda kim holis yondoshayotganligi, kimning esa berayotgan bahosi uydirma bo‘lib, haqiqiy demokratiyaga va milliy manfaatlarga zid ekanligini anglash uchun har birimizda fuqaroviy pozitsiya bo‘lishi kerak. Shu o‘rinda ulug‘ alloma Abu Rayxon Beruniy merosidagi ayrim fikrlarga e’tiborni qaratmoqchimiz. Alloma bundan ming yil burun shunday yozib ketganlar.

«Xabar beruvchilar sababli rostlik va yolg‘onlik tusini oladi. Chunki, odamlarning maqsadlari xilma-xil xalqlar o‘rtasida tortishish va talashish ko‘p. Shunday kishilar ham bo‘ladiki, ularning tabiatiga yolg‘on xabar tarqatish o‘rnashib qolib, go‘yoki unga shu vazifa yuklangandek bo‘ladi va xabar tarqatmasdan tinchiyolmaydi. Bu yomon xohishlardan va tabiatiga buzuq fikrlarning joylashganligidan kelib chiqadi». Qarang bundan o‘n asr avval yashab o‘tgan bobokalonimiz bugungi kun voqeligi, ayniqsa, o‘zini adolatparvar, inson huquqlari himoyachisi, oddiy so‘z bilan aytganda, «jurnalist» deb yurgan ayrim kimsalarga bahs berib o‘tgan ekanlar. Axborotni himoyalash masalalariga rivojlangan mamlakatlar katta ahamiyat beradi. Hozirgi paytga kelib xalqaro munosabatlar yangi axborot texnologiyalari asosida shakllanayotgani bois, axborotni himoyalash va kompyuter tizimlari xavfsizligini ta’minlash jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlarida «axborot quroli»ga qarshi maxsus davlat dasturini amalga oshirish uchun yiliga 137 mln. dollar sarf qilinadi.

«Bugungi kunda, — degan edi, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov, — insoniyat qo‘lida mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘lar Yer kurrasini bir necha bor yakson qilishga yetadi. Buni hammamiz yaxshi anglaymiz. Lekin hozirgi zamondagi eng katta xavf — insonlarning qalbi va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan mafkuraviy kurashdir. Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qiladi».

Kurashning bu turida eng samarali qurol — axborot. Shu bois, axborotni o‘z maqsadlariga xizmat qildirishga intilish keskin tus olmoqda. Axborot, uni uzatish, qayta ishlash va yig‘ish bosqichlari o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Ya’ni, insonning oddiy, kundalik ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan xatti-harakatlarining asosini ham, dunyo mamlakatlarining insoniyat taqdiriga daxldor bo‘lgan qarorlarining manbaini ham axborot tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Mutaxassislarning xulosalariga qaraganda, rahbarlar, boshqaruv xodimlari axborotlar bilan ishlashga o‘z vaqtlarining 30 foizdan 80-95 foizgachasini sarflashar ekan. Bu tabiiy holat. Chunki o‘z vaqtida va ishonchli axborotlarga ega bo‘lish hamda ularni o‘z vaqtida yetkazish va amaliyotda unumli foydalanish samarali boshqarishni ta’minlashning sharti hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, endilikda axborot- davlat faoliyatida boshqaruvchilik kuchini sezilarli darajada namoyon qiladi. O‘zbekistonning mustaqil bo‘lishi uni ayrim davlatlarning bizning mintaqamizga intilishlari mohiyatida ikki muhim jihat-mintaqada geosiyosiy ta’sirga va bu yerdagi tabiiy hamda notabiiy resurslarni tasarruf etishda o‘z ulushiga ega bo‘lish alohida ko‘zga tashlanadi. Boshqa ayrim davlatlardan farqli o‘laroq, buning O‘zbekiston hukumati tomonidan anglab yetilgani va mazkur masala uning tashqi siyosatida aks etib turishi «katta o‘yin» qatnashchilarini o‘z manfaatlari yo‘lida har qanday usul hamda vositalardan foydalanishga majbur etadi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bugungi kunda dunyo bo‘ylab o‘z manfaatlarini keng yoyishning eng maqbul usuli — axborot hurujlari bo‘lsa, eng samarali vosita — axborot tizimlari va vositalari hisoblanadi.

Axborot hurujlarining tez-tez uyushtirilayotgani aslida «urush»ga munosabatni o‘zgarganidan, qurolning yangi turi kashf qilinganidan darak beradi. Axborot bilan qurollangan bunday hurujlar davlatlar tomonidan o‘z manfaatlari doirasini kengaytirish maqsadida uyushtirilar ekan, bunday vaziyat mavjud bo‘lmaydi. Hozirda turli usullarda olib borilayotgan mafkuraviy targ‘ibot va tashviqotlarning asl maqsadi-inson qalbi va ongi uchun kurashga qaratilgan. Bu kurash natijasiga ko‘ra uchta asosiy bosqichdan iborat.

Birinchisi — muayyan axborot inson tomonidan qabul qilinmaydi. Ikkinchisi — axborot inson ongida ma’lumot sifatida saqlanib qolishi va u bundan boshqa bir masala yuzasidan qarorlar qabul qilishda solishtiruvchi manba sifatida foydalanish mumkin. Uchinchisi — axborot fikr yoki g‘oya sifatida inson qalbini egallashi, ma’naviy-ruhiy holatining uzviy qismiga aylanishi hamda bu uning amaliy faoliyati asosini tashkil qiluvchi omil bo‘lib qolishi mumkin.

Axborot uchinchi holatda insonni harakatga da’vat etuvchi, rag‘batlantiruvchi kuchini to‘la namoyon etadi. Hozirda axborot hurujlari haqida ko‘p gapirilayotgan bo‘lsada, mutaxassislar tomonidan mazkur tushunchaga hali to‘la ta’rif berilganicha yo‘q. Buning ustiga, hatto soha tadqiqotchilari, mutaxassislar ham «axborot urushi» degan jumlaning qachondan muomalaga kirgani va axborot-qurol sifatida ilk bor qachon foydalanilgani haqida bir to‘xtamga kelgani yo‘q. Dunyoning deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarida axborot hurujlari masalasiga jiddiy munosabatning shakllanib ulgurgani, bu borada aniq konsepsiyalarning yaratilgani nafaqat mintaqada, balki jahonda o‘zining munosib o‘rnini egallash sari intilayotgan O‘zbekiston uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning geosiyosiy joylashuvi, tabiiy resurslarga boyligi va boshqa iqtisodiy hamda ijtimoiy salohiyati uning manfaatdor kuchlar tomonidan «axborot hurujlarining obyekti» sifatida qaralishi ehtimolini keltirib chiqaradi.

«Aslida, hayotning o‘zi turli-tuman g‘oyalar kurashidan, bahsu munozaralardan iborat. Taraqqiyotning ma’no-mazmuni, kerak bo‘lsa, falsafasi ham shunda. Ammo hamma gap har qanday tahdid yoki tahlika oldida vahimaga tushmasdan, ana shu kurash va sinovlarga doimo tayyor turishda ogoh va sergak bo‘lishdadir», degan edi Prezidentimiz I.Karimov.

«Sovuq urush» davrida yadroviy hurujlardan cho‘chib yashagan dunyo endi terrorizmning shavqatsiz tajovuzlaridan saqlanish yo‘llarini izlamoqda. Zero, vaqt va makon tanlamaydigan bu ofat xohlagan vaqtda, xohlagan joyda o‘zining mash’um basharasini namoyon etib qolishi mumkin. Kishini xavotirga soladigan sabab shuki, terroristik hurujlar kiber makonda ham faollashib bormoqda.

Shu bois, ko‘plab davlatlarning oldida axborot- kommunikatsiya va kompyuter tizimlarida ishonchli axborot xavfsizligini ta’minlash masalasi turibdi.

Dunyoda kim axborot bozorini egallasa, o‘sha hukmronlik tizginini tutadi, deyishadi. Chunki ayni paytda dunyoni inson emas, aynan axborot boshqarmoqda. SNN bilan BBS ning ovozi yetmayotgan joyda «Al-jazira»ning mahsulotlari sotilayotgan ekan, bu axborot bozorida yangicha qarashning paydo bo‘lishiga imkon beradi.

Shu o‘rinda rossiyalik olim A. Zinovevning «Globallashuv yangi jahon urushi. U yangi tipdagi jahon urushi» degan ta’kidi kishini ancha sergak torttiradi. Yana bir olim A.Parshev esa «Aslida globallashuvning asosiy mazmuni boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotning qo‘shimcha qiymatini dunyodagi asosiy zahiralarni o‘zlashtirishdan iboratdir» deydi. Ochig‘i bu kabi farazlarning mohiyatida globallashuv jarayoniga qarshilik ko‘rsatishdan ko‘ra, uning zamiridagi «siyosiy o‘yin»larni fosh qilishga nisbatan norozilik yotibdi desak, to‘g‘ri bo‘lar edi.

Ayrim gegemonlik vasvasasiga tushgan davlatlarning globallashuv geosiyosati negizida «Demokratiyani faol ilgari surish prinsipi» yotibdi. «Universal va barchaga taalluqli» demokratiyani jahonga yoyishga urinishlar, bugungi kunda jadallashib ketganidan ko‘z yuma olmaymiz. Demak, «demokratchi»lar o‘z g‘oyalari va turmush tarzini tiqishtirmoqchi bo‘lmoqdalar.

Kishilik jamiyati paydo bo‘lgandan beri inson axborot olish, tarqatish va undan foydalanishga ehtiyoj sezib keladi. Albatta, qadimda bu jarayon juda sodda ko‘rinishga ega edi. Dunyo taraqqiy etgan sari u murakkablashib, axborotning jamiyatdagi o‘rni yanada oshdi. Hatto, davrimiz ham «Axborot asri» — deb nom olgani bejiz emas. Ayni paytda mutaxassislar har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan birga mudofaa qudrati ham axborot tizimi va texnologiyalariga bog‘liqligini ta’kidlashmoqda. Shu o‘rinda jamiyat hayotining turli sohalarini kompyuterlashtirish, elektron kommunikatsiyalar, elektron ko‘rinishdagi ma’lumotlar bazasi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ijobiy natijalar bilan bir qatorda, axborot tizimlariga buzg‘unchilik maqsadida ta’sir etishni ko‘zda tutuvchi yangi «axborot quroli»ning ta’siri kuchayishiga olib kelayotganini aytib o‘tish joiz. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimizning axborot resurslari va telekommunikatsiya tarmoqlarini noqonuniy maqsadlarda ishlatishga qarshi himoya choralarini ko‘rish va ularning benuqson faoliyatini ta’minlashga da’vat etmoqda.

Globallashuvning avj olishi millat «chegaralarini» yo‘q qilib yubormoqda, ommaviy ma’naviyatni shakllantirishga olib kelmoqda. Buning natijasida har bir millatga xos bo‘lgan urf-odat, an’ana, qadriyatlar o‘z ahamiyatini «yo‘qota» borish xavfi yuzaga kelmoqda. Bu millatning ma’naviy qashshoqlashuvi sodir bo‘lishga, ularning o‘zligini anglamaydigan manqurtlariga olib keluvchi tahdidlarni yuzaga keltirmoqda.

Umuminsoniy ma’naviyat turli-tuman millatlarning o‘ziga xos boshqa millatlar uchun ham ma’naviy oziqa bera oladigan qirralarini o‘zida mujassamlashtirganligi bois, tabiiy ravishda keng yoyilib boradi hamda jahonda yashayotgan turli millatlarning ma’naviyati rivojlanishiga yordam beradi.

pic

Shuning bilan birga umuminsoniy ma’naviyatning shakllantirish jarayonining o‘zi ham milliy ma’naviyatlar rivojlanishiga yordam beradi. Chunki bu jarayonda turli millat va elatlar teng huquq imkoniyatga ega bo‘lib, ularning har biri o‘z ma’naviyatining boshqalar uchun ham zavq — shavq va ilhom bera oladigan jihatlarini rivojlantirishga harakat qiladi hamda uni ommaviylashtirishda o‘zi faol ishtirok etadi. Uning zaminida zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zga millat va elatlar ongi, qalbini egallash maqsadi turmaydi, balki ma’naviy tenglik, samimiylik, o‘zaro do‘stlik, qardoshlik va bir-birini ulug‘lash kabi umuminsoniy qadriyatlar turadi. Shuning uchun ham turli millatlarni o‘zaro boyitib boradi, ularni yaqinlashtiradi va ma’naviyatlarning yuksalishiga yordam beradi.

Axborot globallashuvi va yoshlar ma’naviyati, har qanday axborot oqimining yoshlar ma’naviyatiga ta’siri xususida so‘z yuritganimizda avvalo bu masala zamirida jamiyatimizning, davlatimizning milliy xavfsizligi yotganini nazarda tutishimiz lozim. Zero bu mavzuda so‘z yuritar ekanmiz avvalo ikki masala mavzuning dolzarb nuqtasiga aylanadi: birinchisi axborot oqimi-mafkuraviy tahdid; ikkinchisi — yoshlar ma’naviyati, ya’ni turli xildagi axborotlarga nisbatan yoshlarimizda shakllangan immunitet masalalaridir.

Gap shundaki, axborot oqimi o‘z mohiyatiga ko‘ra ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Uning qanchalik yoshlarimizga ta’sir qilishi uning oldiga qo‘yilgan maqsad sari puxta yo‘naltirilganligiga bog‘liq. Tabiiyki, axborot oqimining salbiy ta’siri esa ularda shakllangan mafkuraviy himoya tizimining mukammalligi omiliga bog‘liq.

O‘tish davrida axborot mafkuraviy idrok etish bilan bog‘liq vaziyatning murakkabligi, ya’ni davlat, jamiyat va shaxsda mafkuraviy raqobat borasida yetarlicha demokratik tajriba yo‘qligida hamdir. Ommaviy axborot vositalari tinglovchilarining ko‘pchiligi siyosiy mavzudagi har qanday axborotni rasmiy axborot sifatida qabul qiladi. Axborotlar xarakteri va tartibi siyosiy osoyishtalik va barqarorlikning o‘ziga xos barometri bo‘lib xizmat qiladi. Agar fikrlar xilma-xilligi holati namoyon bo‘lsa, beqarorlik ko‘rsatkichi, siyosiy munosabatlar tizimida muammoli vaziyat yetilib kelayotganining o‘ziga xos alomati sifatida talqin qilinadi. Ikkinchi masalada avvalo, yoshlarimizning mafkuraviy immuniteti bugungi kunda qanday shakllangan degan savol paydo bo‘ladi. Masalani inson omili nuqtai nazaridan o‘rganadigan bo‘lsak, mafkuraviy immunitet — har qanday axborot ta’siriga tushib qolmaslik, avvalo, o‘sha inson ongu-tafakkuri, idroki nechog‘lik o‘tkirligiga, chuqur mushohada qilish qobiliyatiga bog‘liq.

To‘g‘ri, avvalo hammada ham bunday qobiliyatlar birdek rivojlangan emas. Ammo, bu qobiliyatlarni shakllantirish, idrok ko‘nikmalarini hosil qilish, inson tug‘ilganidan to shaxs sifatida shakllanguniga qadar davom etadi. Xususan, bunda ma’lum bir yoshning ko‘p kitob o‘qishi, o‘z mamlakati tarixini o‘rganishi, urf-odatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiya topishi, bir so‘z bilan aytganda, unda milliy e’tiqod — milliy faxr shakllanishi muhim o‘rin tutadi. O‘z millati qadriyatlarini qadrlagan, o‘z tarixini bilgan, Vatanga e’tiqodi shakllangan yoshlarning axborot oqimlarining ta’siriga tushib qolish ehtimoli kam. Chunki bunday yoshlarda o‘ziga xos psixologiya va masalaga o‘ziga xos yondashuv paydo bo‘lgan bo‘ladi. U har qanday axborot zamirida ma’lum bir maqsadni o‘rgana boshlaydi.

Sobiq ittifoq davrida chetdan kirib kelayotgan axborot oqimi qattiq nazorat qilingan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, axborot oqimiga keng yo‘l ochildi. Tabiiyki, hali axborotga «och bo‘lgan» aholi kirib kelayotgan axborotni saralamay turib, «iste’mol» qila boshlaydi. Ular hali yaxshi va yomon, kerakli va keraksiz axborotning farqiga bormasdilar, bir so‘z bilan aytganda, aholida xolis axborot oqimidan noxolisini ajratib olish uchun idrok shakllanib ulgurmagan edi. Shuning asorati hozirgi kunda, ayniqsa, sezilmoqda. Bu ba’zan yoshlarimizda har qanday axborotni mutloq haqiqat sifatida qabul qilinishini keltirib chiqarmoqda.

Internetning ta’siri:
A) yot, buzg‘unchi g‘oyalarning kirib kelishi (diniy ekstremizm, millatchilik, irqchilik, sadizm misolida);
B) G‘arb yashash tarziga xos, lekin o‘zbek mentalitetiga zid g‘oyalar, qarashlarning yoshlarga ta’siri (kiyinish, chekish, pirsing, tatuirovkalar va hokazo);
C) pornografik axborotlarning yoshlar tarbiyasiga ta’siri;
D) tekshirilmagan axborotlar (bo‘xtonlar).
Internetning ulkan imkoniyatlari, unda axborot oqimining tezkorligi, auditoriyaning cheklanmaganligi, o‘z maqsadlarini terroristik yo‘l bilan amalga oshirishni odat qilib olgan — yovuz kuchlarning manfaatlariga ham xizmat qiladi. Endilikda Internet tizimida yuzlab terroristik saytlarning manzillari aniqlangan. Terrorizm — Internetda o‘ta izchil voqelik: saytlar to‘satdan paydo bo‘ladi va tez-tez formatini o‘zgartirib turadi. Kutilmaganda esa, o‘z mundarijasini saqlagan holda, ammo manzilini o‘zgartirish yo‘li bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

Terroristik saytlar asosan uchta auditoriyaga yo‘naltirilgan:
1. Avvaldan mavjud va potensial tarafkashlar
2. Xalqaro jamoatchilik fikri
3. Muayyan mamlakat jamoatchiligi.
Ko‘pgina mutaxassislar kiberterrorizmning xavfi haqida bot-bot gapirishsada, terroristlar tomonidan Internetdan shunchaki foydalanishni nazardan chetda qoldirar ekanlar. Zamonaviy terroristik guruhlar Internetdan asosan quyidagi sakkiz usul orqali foydalanadilar:
• Psixologik urush
• Reklama va targ‘ibot
• Ma’lumotlar to‘plash
• Vositalar to‘plash
• Qo‘lga tushirish va safarbar etish
• Tizimlar tashkil etish
• Axborot ta’minoti
• Rejalashtirish va koordinatsiya

Aholini (jamiyatimizni) kiberterrorizm va Internetdagi terroristik harakatlardan himoya qilish bilan birga, bir qator antiterroristik harakatlar majmuini ishlab chiqish talab etilmoqda. Internetdagi faoliyatning ijobiy tomonlari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
A) dunyoqarashning kengayishi;
B) obyektiv va negativ axborotlarni qabul qilib, ularni tahlil qilish imkoniyati (bunda yosh yigit yo qizning axborotga «to‘q bo‘lishi» va ularni saralay olish qobiliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Agar unda axborotga bo‘lgan «did» bo‘lmasa, u axborot oqimida «cho‘kib» ketishi mumkin ya’ni, ta’siriga berilib ketishi);
C) masofaviy o‘qishlarda ishtirok etish imkoniyati;
D) axborotlarni tanlash imkoniyati borligi.

Bugungi yoshlarning aksariyati asosiy axborot manbai sifatida internetga murojaat qilishadi. Lekin ularda axborot immuniteti shakllanmagan mish-mishlar dunyosi bo‘lmish «Internet» orqali ma’naviyatga salbiy ta’sir vujudga kelishi mumkin. Nega ta’sir qiladi? Balki yoshlar ma’naviyatining yetarli darajada shakllanmaganligi emasmikan? Bugungi kunda yoshlarimiz — turli xil G‘arb seriallari ta’sirida, milliy qahramonlarimiz jasoratidan bexabar o‘sayotganligi sababli ma’naviyatga qaytadan chuqur e’tibor qaratmas ekanmiz, ularning zehni o‘tkir, dunyo bilimlarini egallagan bo‘lishlariga qaramasdan, Vatan manfaati yo‘lida xizmat qilishlariga, begona g‘oyalarga berilmasligiga kafolat ham berolmaymiz. Ularni eng avvalo Vatanga e’tiqodni, urf-odat va qadriyatimizga sadoqatli qilib tarbiyalasakkina, istalgan buzg‘unchi axborotlarga nisbatan o‘z axborot immunitetlari shakllanadi.

Axborot qurollari sifatida qaraladigan vositalar:
• axborot massivlarini yo‘q qilish, buzish va to‘g‘rilash;
• himoyalash tizimini aylanib o‘tish;
• qonuniy foydalanuvchilar imkoniyatlarini cheklash;
• kompyuter tizimining texnik vositalari ishlashini buzib tashlash;
• kompyuter viruslari;
• mantiqiy bombalar;
• test dasturlarini ishdan chiqaruvchi vositalar
• axborot ayriboshlashni yo‘q qiluvchi vositalar;
• har xil turdagi xatoliklar.

Axborot qurolining universalligi, yashirinligi, dasturiy apparat amalga oshirilishi shakllarning ko‘p variantligi, ta’sirlarning radikalligi, vaqt va joy tanlash imkonining yetarliligi va nihoyat tejamliligi, uning juda xavfsizligini ko‘rsatadi: u osongina himoya tizimiga yashirinishi mumkin, urush e’lon qilmasdan anonim shaklda hujum harakatlarini olib borishi mumkin.

Hozirgi davrda ishlab chiqarish va boshqarish, mudofaa va aloqa, transport va energetika, moliya va fan, ta’lim, OAV — barchasi axborot almashuvi jadalligiga, haqqoniyligiga, to‘liqligi va tezligiga bog‘liq. Shuning uchun jamiyatning axborot infrastrukturasi — axborot qurolining nishonidir.

Rangli inqiloblar davrida axborot huruji
• Rangli inqilob — qonuniy hukumatlarni noqonuniy yo‘llar bilan ag‘darib tashlash demakdir ( Serbiya, Gruziya, Ukraina).
• Rangli inqiloblar G‘arbning kuchli axborot bosimi asosida amalga oshiriladi.
• Rangli inqiloblarni amalga oshirishda zamonaviy va qimmatbaho elektron axborot vositalaridan keng foydalaniladi
• Axborot hurujlariga qarshi turish uchun nimalar qilish lozim:
• Loqayd bo‘lmaslik;
• O‘z qat’iy pozisiyasiga ega bo‘lish;
• O‘z pozisiyasini argumentlay bilish;
• Hozirjavoblik (har bir hurujga vaqtida javob qaytarish).
• Kiberterrorizm turlari
• Virus tarqatish;
• Internetda noqonuniy boylik orttirish;
• Kiber-manyakchilik;
• Turli xil kiberjinoyatlar va h.k.;
• Turli bo‘xton va uydirmalar tarqatish orqali biror mamlakatni yoki shaxsni obro‘sizlantirish.
• Axborot hurujlarining turlari
• Yolg‘on axborot tarqatish;
• Ijtimoiy ongni manipulyatsiya qilish;
• Milliy-ma’naviy qadriyatlarni yemirib tashlash;
• Yetti yot begona ma’naviy qadriyatlarni singdirish;
• Xalqning tarixiy xotirasini buzish va o‘zgartirish;
• Kiberterrorizm.

Axborot hurujning asosiy qismlari
1. Psixologik operatsiyalar — axborotdan fuqarolarga ta’sir etishda foydalanish;
2. Elektron huruj — aniq ma’lumotlarni olish imkonini bermaydigan vosita;
3. Dezinformatsiya — dushmanga soxta axborot berish;
4. Fizik buzilish — axborot hurujining qismi sifatida qaralishi mumkin, agarda axborot tizim elementlariga ta’sir etish ko‘zda tutilgan bo‘lsa;
5. Ochiq axborot hurujlar — axborotni ko‘zga ko‘rinmaydigan o‘zgartirishlarsiz buzish.
Axborot hurujlarining maqsadlari
• O‘z axborot funksiyalari va resurslarini himoyalagan holda axborot muhitini nazoratga olish.

Axborot hujumlarini olib borish uchun nazorat qilinayotgan axborotlardan foydalanishdan iborat.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq