Masofadan o’qitish omillari
21.11.2007
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Nig'matullo Mo'minov.

pic

Mamlakatimiz ta’lim tizimida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berayotganligi kun sayin yaqqol ko‘rinib bormoqda. Turli ta’lim shakllari qatori ayniqsa, masofadan o‘qitish (MO‘) keng qo‘llanilayotgatligi ham quvonchli hol

Ushbu uslubning ko‘plab afzallik tomonlari borligi ko‘pchilikka ayon. Barcha oliy o‘quv yurtlarida masofadan o‘qitish texnika va texnologiyasini amalga oshirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Axborot texnologiyalarni rivojlanishi masofadan o‘qitishni tashkil etishga yangicha yondashuvni taqozo etadi. Masofadan o‘qitishni tashkil etishni hozirgi zamon modellarining asosida kommunikatsiya va tarmoq texnologiyalari yotadi. Ushbu texnologiyalar axborotdan foydalanuvchilarga keng qamrovli yo‘l ochib berish bilan birga ularni muhofaza etish muammosini keltirib chiqaradi.

Masofadan o‘qitishda o‘qituvchi bilan tinglovchining orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning yo‘qligi ham ba’zi muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, muammoli o‘qitish jarayonini tashkil etishda ma’lum qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Tinglovchini yetuk mutaxassis qilib tayyorlashda muammoli o‘qitishni tashkil etish muloqotni telekonferensiya orqali amalga oshirish mumkin. Ammo, bu bilan muammoni to‘la hal etib bo‘lmaydi. Ushbu muammoni hal etish uchun qo‘shimcha o‘quv materiallarni ishlab chiqish lozim bo‘ladi. Bular qatorida turli darajadagi muammoli topshiriqlar, muammoli vaziyat hosil qiluvchi ko‘rsatmalar va hokazolar bo‘lishi maqsadga muvofiq.

pic

Hozirgi zamon talabiga to‘liq javob beradigan mutaxassisni tayyorlash bu — davr talabidir. Hozirgi vaqtda respublikamizda yosh avlodni tarbiyalash, o‘qitish, bilim berish, zamonaviy axborot texnologiyalarga yaqindan yondashish hamda yangi texnika va texnologiyalar bilan ishlashni o‘rgatish maqsadida juda ko‘p ijobiy ishlar amalga oshirilib borilmoqda. Ulardan asosiysi, «Masofadan o‘qitish texnika va texnologiyasi»dir. Shu nuqtai nazardan yosh avlodni masofadan o‘qitish tizimiga tayyorlash bosqichlarini quyidagi ko‘rinishda amalga oshirish mumkin:
Hozirgi axborot texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan davrda masofaviy o‘qitish katta ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ta’limning bu turi shu paytgacha mavjud bo‘lgan ta’lim turlaridan o‘zining ayrim ijobiy tomonlari bilan ajralib turadi. MO‘ ning kunduzgi va boshqa ta’lim turlaridan farqli jihati shundaki, mazkur ta’lim turiga juda keng aholi ommasini jalb qilish mumkin. MO‘ o‘zida kunduzgi va sirtqi ta’lim turlarining ijobiy xususiyatlarini mujassam etadi. Shu jihatlariga ko‘ra MO‘ hozirgi kundagi istiqbolli ta’lim turlaridan biri hisoblanadi.
MO‘ asosida ta’lim berish uchun o‘qish istagida bo‘lgan aholining muayyan qismini ta’lim muassasasi joylashgan yerga yig‘ish shart emas. Ikkinchidan, tinglovchi yoki o‘quvchi tomonidan ortiqcha sarf — xarajat qilish zarurati bo‘lmaydi. Uchinchidan, bu ta’lim turiga jalb qilinuvchilarning yosh cheklanishlarini istisno qilish mumkin. MO‘ ga jalb qilinuvchi kontingentni quyidagi ijtimoiy guruhlarga mansub bo‘lgan shaxslar tashkil qilishi mumkin:
• ikkinchi oliy yoki qo‘shimcha ma’lumot olish, malaka oshirish va qayta tayyorgarlik o‘tash istagida bo‘lganlar;
• mintaqaviy hokimiyat va boshqaruv rahbarlari ;
• an’anaviy ta’lim tizimining imkoniyatlari cheklanganligi sababli ma’lumot olaolmagan yoshlar;
• o‘z ma’lumot maqomini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish istagida bo‘lgan firma va korxonalar xodimlari;
• ikkinchi parallel ma’lumot olishni xohlagan tinglovchilar;
• markazdan uzoqda, kam o‘zlashtirilgan mintaqalar aholisi;
• erkin ko‘chib yurishi cheklangan shaxslar;
• jismoniy nuqsonlari bo‘lgan shaxslar;
• harbiy xizmatda bo‘lgan shaxslar va boshqalar.

O‘zbekiston sharoitida MO‘ni tashkil qilish katta samara beradi. Hozirgi davrda ta’limning bu turidan keng miqyosda foydalanish lozim. Mazkur ta’lim turini joriy qilish bilan bog‘liq ayrim muammolarning kelib chiqishi tabiiy. Lekin ularni imkoniyat darajasida hal qilishga erishish mumkin. Masalan, dastlabki paytda televideniyedan foydalanish katta samara berishi mumkin. Hozirgi kunda televideniye orqali ayrim fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinib kelinyapti. Lekin ko‘rsatuvlarning samaradorligi hali yetarli darajada emas. Birinchidan, bu ko‘rsatuvlar asosan kunduzi namoyish etiladi. Ikkinchidan, uning metodikasini yanada takomillashtirish kerak. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari bazasida MO‘ tashkil qilinadigan bo‘lsa, u holda mazkur ta’lim turining tashkiliy — uslubiy tomonlarini qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, MO‘ kunduzgi va sirtqi ta’lim turlarining xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Shunday ekan, uni tashkil qilishda sirtqi ta’lim turining ayrim elementlaridan ham foydalanish mumkin. O‘tgan asr 80- yillarida abituriyentlarning kirish imtihonlariga tayyorlash maqsadida sirtqi tayyorlov kurslari tashkil etilgandi. Kurs xodimlari tomonidan abituriyentga tegishli fanlarda mutaxassislar ishlab chiqqan vazifa va topshiriqlarning variantlari pochta orqali yuborilardi. Ma’lum bir muddatda abituriyent o‘zi bajargan vazifa va topshiriqlarni tekshiruv uchun kurslar manziliga jo‘natishi yuborilgan vazifa va topshiriqlar o‘qituvchi tomonidan tekshirilib, qisqa mulohazalar yozilib abituriyentga ma’lum qilinishi lozim edi.
MO‘ni tashkil qilishdagi eng muhim masalalaridan biri professor o‘qituvchilarni tanlashdir. Mazkur ta’lim turini amalga oshirish uchun o‘qituvchilar eng tajribali va tashkilotchi professor — o‘qituvchilar orasidan tanlab olinishi lozim. Chunki MO‘ boshqa ta’lim turlaridan farqli bo‘lib, uning samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan o‘qituvchining bilimdonligi, tashkilotchilik va boshqaruvchilik xususiyatlariga bog‘liqdir. Chunki MO‘ ga jalb qilinuvchi o‘qituvchi bir paytning o‘zida mohir pedagog, dono maslahatchi va tajribali boshqaruvchi bo‘lishi kerak. MO‘ ni tashkil qilishning dastlabki davrida respublika aholisining demografik xususiyatlaridan kelib chiqib, tegishli viloyat yoki mintaqa markazlarida MO‘ punktlarini yaratish kerak. Mazkur tuzilma joylarida MO‘ ni tashkil qilish bo‘yicha mas’ul etib belgilanishi lozim. Keyingi bosqichlarda bir yoki turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan bir necha oliy ta’lim muassasalarida MO‘ markazlari tashkil qilinishi mumkin.

«Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston respublikasi qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» maqsad va vazifalari bosqichma — bosqich ro‘yobga chiqarilishida zamonaviy axborot texnologiyalari va tizimlarning roli muhim ahamiyat kasb etishi hammaga ayondir. Zamonaviy axborot texnologiyalariga: multimediya, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish, bir alifbodan ikkinchi bir alifboga o‘tkazish, kompyuterli test nazorati, skaner texnologiyasi, internet, elektron pochta, Web — texnologiya, elektron virtual kutubxona, masofadan turib ta’lim berish, taqdim etish texnologiyasi, sun’iy tafakkur tizimlari va boshqalar kiradi.

pic

«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» to‘liq amalga oshishidan ko‘zlangan maqsadlarning naqadar ezgu ekanini inobatga olsak, bugungi kunga kelib o‘qitish tizimlarining har biri jabhasida ilg‘or texnologiyalardan foydalanish zarurati alohida dolzarblik kasb etayotganini sezish qiyin emas. Hammamiz guvohimizki, kundalik hayotimiz va istiqbolimiz ravnaqi uchun muhim ehtiyoj sanalmish tom ma’nodagi ta’lim tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarining jalb etilishi tobora oldingi o‘ringa chiqib borayapti. Buni ko‘plab maxsus ta’lim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamda akademiyalar misolida ko‘rish mumkinki, ayni kunlarda ulardagi o‘quv jarayonini, masalan, bilim olish samarasini o‘zgartirishga sarflanadigan vaqtning keskin qisqarishida va bilimlarni xotirada olib qolishning keskin ortishida namoyon etuvchi multimedia vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

1-bosqich. Bu bosqich bolalar uchun «Tanishuv bosqichi» bo‘lib hisoblanadi. Bu bosqichda asosiy muammo Respublikamizda hozirda faoliyat ko‘rsatib turayotgan maktabgacha tarbiya muassasalarini kompyuter bilan jihozlash kerak.
Bolalar maktabgacha tarbiya muassasasida yosh avlodni o‘yinlar, multfilmlar, kalkulyator hisoblashlari, arifmetik hisoblashlar, turli xil dasturlarni o‘rgatuvchi bolalar ensiklopediyalari, dam olishlari uchun bolalar musiqasi kabi qiziqarli dasturlar kiritib o‘rgatish kerak bo‘ladi.
2-bosqich. Bu bosqich asosan oilasida kompyuteri bo‘lgan shaxslarga taalluqlidir. Hozirgi vaqtda Respublikamiz aholisining oila hisobida oladigan bo‘lsak, ko‘pchilik xonadonlarida kompyuter bor. Shuning uchun ham bu bosqichni » Jonlanish bosqichi» deb atash mumkin.
3-bosqich. Bu bosqichda maktab, litsey, kasb-hunar kolleji va boshqalar o‘quvchilari to‘liq kompyuter tizimiga kirib boradi. Shuning uchun ham bu bosqichni «adaptatsiya ya’ni, moslashuv» bosqichi deb atash mumkin.

4- bosqich. Bu bosqichda talaba kompyuter bilan to‘liq ishlay bilishi kerak. Talaba kompyuter avlodini tanlash, qaysi tilda yozish, qaysi dastur tilida ishlash, qaysi operatsiya tizimlari bilan ishlash, printer, skaner, modem, faks — modem, kompyuter tarmoqlari, jumladan, Internet, elektron kutubxona va elektron o‘quv qo‘llanmalari bilan ishlash darajasiga yetilib tayyor bo‘ladi. Shuning uchun ham bu bosqichni «Mustaqil ishlash va fikrlash» bosqichi deb atash mumkin.

5-bosqich. Quyidagi bosqichda mutaxassis tayyor bo‘ladi. Bu bosqichni «yetuklik» bosqichi deb atash mumkin. Yetuklik bosqichida mutaxassis kadrlar to‘g‘ridan — to‘g‘ri korxona, tashkilot, muassasa va firmalarda hech qanday ikkilanmay, o‘z sohasi bo‘yicha ish boshqarish qobilyatiga ega bo‘ladilar.

Yuqorida taklif qilingan bosqichlarni amalga oshirishda ba’zi bir muammolar ham mavjud, ya’ni:
a) bolalar maktabgacha tarbiya muassasasini kompyuter bilan ta’minlash;
b) maktablarni to‘liq kompyuter bilan ta’minlash.

Buning uchun hozirgi vaqtda Respublikamizda juda ko‘p katta-katta korxonalarda hozirgi zamon axborot texnologiyalarning yangi avlodlari bilan ishlab kelinmoqda. Eski avlodlarini esa, ya’ni 286, 386 rusumli kompyuterlar ishlatilmay, turib qolganlari ham uchrab turadi.
Respublikamizda kasb-hunar kollejlari bilan oliy o‘quv yurtlarini to‘liq zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu albatta, kelajak avlodni masofadan o‘qitish tizimiga tayyorlash uchun yaratishga qulayliklar va shart-sharoitlar bo‘lib hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda Respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarining aksariyat qismida hisoblash texnikasi (XT), avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (ABT), muallim — muhandis, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari kabi mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Farg‘ona politexnika institutida masofaviy ta’limni tashkil etish uchun olib borilayotgan ishlar haqida.

Masofaviy ta’lim ham sirtqi ta’lim bo‘lib, faqat o‘qituvchi bilan tinglovchi o‘rtasidagi muloqot kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va Internet orqali amalga oshiriladi. O‘quv jarayonida tinglovchi o‘quv materiallarini va topshiriqlarni o‘z kompyuteriga oladi, bajarilgan test va nazorat ishlarini o‘qituvchiga Internet yoki elektron pochta orqali yuboradi. Bundan tashqari, tinglovchi o‘z o‘qituvchisi va uslubiyotchisiga savollar bilan murojaat qilishi va ularga o‘z vaqtida javob olishi mumkin.

Farg‘ona politexnika instituti yetarli darajada kadrlar salohiyatiga va moddiy-texnikaviy bazaga hamda axborot texnologiyalarini keng joriy qilish va telekommunikatsiya tarmoqlaridan unumli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda masofaviy ta’limni tashkil qilish va uni qo‘llashga oid ishlarni olib bormoqda.
Masofaviy ta’limni tashkil qilish va o‘quv jarayoniga tatbiq qilish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqilgan. Tadbirda ko‘zda tutilgan reja asosida institutda masofaviy ta’limni tashkil etish bo‘yicha ishlar quyidagi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha bo‘lingan:
Masofaviy ta’limda ishtirok etuvchilar bilan olib boriladigan tashkiliy va o‘quv uslubiy ishlar.
Masofaviy ta’limda qo‘llaniladigan axborot va telekommunikatsiya texnologiyalar bilan tanishish, o‘rganish va kerakli texnikaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan kompyuter va dasturiy majmuani yaratish bo‘yicha ishlar. Masofaviy ta’lim uchun o‘quv uslubiy materiallarini yaratishga oid ishlar. Masofaviy ta’limda qo‘llaniladigan o‘quv materiallari texnologiyasini o‘rganish va uni joriy qilish bo‘yicha ishlar. Qurilayotgan jamiyat XXI asrda axborot jamiyatiga aylanib borishi kerak. Bu yo‘lda axborot savodxonlik targ‘iboti iqtisodiy va huquqiy savodxonlikni o‘zida qamragan holda ma’naviy jamiyatimiz kishilari orasida keng yoyiladi. Bunda interaktiv ta’lim kuchga kiradi va binobarin, mazkur ta’limning pedagogikasi shakllanadi.
Interaktiv ta’lim o‘qitishning, muloqotning distant uslubida, qolaversa, bu usulni amalga oshiruvchi bir qancha interaktiv (audio, video, elektron anjumanlar, tele va ovoz kommunikatsiyalari, yerning sun’iy yo‘ldoshlari orqali o‘zaro aloqa va b.) va nointeraktiv texnologiyalar vositasida olib boriladi. Kelajakda umumrivojlanishning yetakchi jabhalaridan bo‘lib qoluvchi interaktiv masofaviy ta’limning ommaviylashishida Internet «on-line» ning roli, telekommunikatsiyalarning o‘rni, barcha insonlarning Internetga barobar ochiq tashrif eta olishi uchun ajoyib yo‘lak WWW (Web) texnologiyasini yaratgan olim Tim Berners Lining xizmati beqiyosdir.

Dunyoda interaktiv ta’limning ko‘plab bazalari vujudga kelayapti, jumladan, Britaniya Ochiq Universitetiga qarashli masofaviy ta’lim Umumjahon markazining ma’lumotlar bazasini misol qilib keltirish mumkin. Distant uslubida o‘qitishning Xalqaro Kengashi faoliyat ko‘rsatyapti, «D — Learning» — masofaviy ta’lim olayotgan tinglovchilarning soni kun sayin ortib borayapti.
Masofadan turib o‘qitish uslubining tafsiloti, uning ta’limdagi ijodiylik, mustaqil o‘rganish imkoniyati, ilm olish uchun vaqtni taqsimlashdagi erkinlik kabi ko‘plab afzalliklari mamlakatimizdagi yirik olimlarning pedagogik izlanishlarida aks ettirilgan, risolalarida keng yoritilganini e’tirof etish joiz.

Shunisi quvonarliki, mamlakatimizda ziyolilarning, jumladan, pedagoglarning, yangi avlodning tarbiyasiga e’tiborli barcha kishilarning, ayniqsa, tinglovchi yoshlarning zamonaviy kompyuter va telekommnikatsiya texnologiyalari vositasidagi interaktiv ta’limga, xususan, on-line ta’limiga, Internetga qiziqishi va intilishlari katta.

Yurtimiz O‘zbekiston kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan, ezgu istiqbolli huquqiy davlat qurar ekan, xalqimizning axborot savodxonligini hamda huquqiy madaniyatini oshirish hayot va zamon talabidir. Bu talabni — maqsadni ro‘yobga chiqarishda asoslari endi shakllanayotgan interaktiv ta’lim xizmatga kirishishi kerak. Masofaviy o‘qish ta’lim berishda ikki asosiy yondashishni izohlab beradi — bular kengaytirish va transformatsiya modellaridir. Kengaytirish modelida o‘qitish texnologiyasi hozirgi ana’naviy usuldan deyarli, farq qilmaydi.

Transformatsiya modeli o‘qituvchi va tinglovchi hamkorligi uchun axborot — kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini o‘zida mujassam qiladi. Masofaviy ta’limning bu zamonaviy usul va texnologiyalari nazariy va amaliy ta’lim pedagogikasiga virtual sinf, o‘quv telekommunikatsiya loyihalari, koordinator, teskari aloqa, moderator, muloqot texnologiyasi, kompyuter aloqasi, telekonferensiya kabi yangi tushuncha va terminlarni olib kirdi. Bu texnologiya deyarli raqamli aloqaga asoslangan bo‘lib, o‘z ichiga multimediya dasturlari va gipermediyalarni olib, bu esa o‘quvchiga axborot massivlarini o‘zlashtirish tartibini nazorat qilish usullarini kuzatib borish imkonini beradi.
Masofaviy o‘qishning ko‘p muhitliligi o‘quv dasturlarini rejalashtirish va kurslarini ishlab chiqish tamoyillarida o‘z aksini topadi. Masofaviy ta’lim tinglovchilarni talablarini qondirishga yo‘naltirilib, texnologiyalarni turli — tumanliligiga ustivorlik beradi.

Hozirgi kunda masofaviy ta’lim AQShda mukammal shakllangan bo‘lib, uning vujudga kelishi 1970 yillar oxiriga borib taqaladi. Avvalida masofaviy ta’lim sohasida o‘quv muassasalari yakka holda faoliyat olib bordilar. 1980 yillarda yo‘ldosh teleko‘rsatuvlar rivojlanib borishi bilan, bu o‘quv kurslari ustida bir necha o‘quv muassasalari hamkorlikda ish olib bordilar. Global kompyuter tarmoqlarining shiddat bilan rivojlanishi inson faoliyatining hamma sohasiga, shu jumladan, ta’lim olish sohasiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Shu tufayli ayni damdagi masofaviy ta’lim zamonaviy axborot — kommunikatsiyalar, jumladan, internet tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalangan holda olib borishga asoslanadi. AQSh ta’limi tarixida masofaviy o‘qitish milliy universitetlari, masofaviy ta’lim yordamida olingan yangi mutaxassisliklar, ilmiy darajalar vujudga kelgan. Misol qilib, Kolorada shtati davlat universitetining ma’muriy ish yurituvchi magistri, Chikago davlat universiteti informatika, Jorj Vashington Universitetining ta’limni boshqarish, Penselviya davlat universitetining akustika magistri va Merilend Universitetining yadro fizikasi bakalavri darajalarini ko‘rsatish mumkin.

Masofaviy ta’lim respublikamizda ta’lim tizimiga yangi kirib kelayotgan usul bo‘lib, hozirgi kunda bu jarayonga jiddiy e’tibor berib kelinmoqda va uning asoslari yaratilmoqda. Barcha oliy o‘quv yurtlarida kompyuter sinflari tashkil etilgan bo‘lib, ularning ko‘p qismi internet global tarmog‘iga ulanish asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Toshkent moliya institutida 2000 yil 1 -sentabrdan boshlab, iqtisodiy ta’limga Masofaviy o‘qitish komponentlarini kiritish tajriba loyihasi tatbiq qilishga kirishilgan. Institutning kunduzgi va sirtqi o‘quv shakllarining barcha fakultetlarida kompyuter sinflari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Birinchi bosqichda kredit — iqtisod fakulteti Internet tarmog‘iga ulangan bo‘lib, qat’iy reja asosida professor — o‘qituvchilar va tinglovchilar undan bilim va malakalarini oshirishda o‘z faoliyatlarida foydalanib kelmoqdalar. Tinglovchilarning virtual kitob, virtual kutubxona to‘g‘risida tasavvurlari kengayib bormoqda.

Institutda masofali o‘qish uslubiy materiallari ( matnlar, audio va video darsliklar, elektron darsliklar) ayrim fanlarni o‘qitishda foydalanilmoqda va yaxshi natija bermoqda. Masofadan o‘qitishda asosiy e’tiborni o‘quv — uslubiy materiallarni tayyorlashga qaratish lozim. O‘quv uslubiy materiallarning sifati Masofadan o‘qitish sifatining eng asosiy omillaridan biridir.
Xulosa qilib aytganda, Respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida masofaviy o‘qitish tizimini tatbiq qilish, uni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yish uchun chet davlatlarning tajribasini o‘rganmoq hamda multimedia — elektron darsliklar, elektron kutubxonalar, audio va video darsliklar yaratishga jiddiy e’tibor bermoq lozim.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim tizimidagi islohotlarni o‘tkazishda yangi axborotlar texnologiyalaridan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning ikkinchi bosqichida ta’lim muassasalarining moddiy texnik va axborot bazasini mustahkamlash hamda ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berilgan. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarda yangi pedagogik texnologiyaning masofadan o‘qitishni joriy qilish borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilyapti.

pic

Namangan muhandislik — pedagogika institutida ham masofadan o‘qitishni amalga oshirish ustida ilmiy — uslubiy ishlar olib borilyapti. Masofaviy ta’lim- nafaqat tinglovchilarga masofadan turib ta’lim berishni, balki ularning olgan bilimlarini masofadan turib nazorat qilishni ham anglatadi. Hozirda institutning yetakchi mutaxassislari va ilmiy izlanuvchilari viloyatdagi bir nechta kasb-hunar kolleji va akademik litseylarga masofadan turib ta’lim berishni yo‘lga qo‘yish ustida izlanishlar olib borishmoqda. Bu o‘rinda kasb-hunar kolleji, akademik litsey va sirtqi bo‘limda ta’lim olayotgan tinglovchilar va o‘quvchilarning olgan bilimlarini masofadan turib nazorat qilish va baholash natijalarini muhofaza qilish dolzarb muammolardan biridir. Barcha rivojlangan mamlakatlar kabi respublikamizda ham tinglovchilar bilimini nazorat qilishda test usulidan foydalanish samarali natijalar bermoqda. Shuning uchun, masofadan turib tinglovchilarning bilimini test asosida baholash uchun dastur ta’minoti yaratilgan. Yaratilgan dastur ta’minoti baholanayotgan tinglovchining kompyuteriga o‘rnatilgan bo‘lib, testning ma’lumotlar bazasi esa shu kompyuterning o‘zida yoki institutning serverida joylashgan bo‘lishi mumkin. Yaratilgan dastur ta’minotidan foydalanish jarayonida testning ma’lumotlar bazasini va baholash tizimini muhofaza qilish muammosi vujudga keladi. Bu muammoni hal qilish uchun ma’lumotlarni kriptografik usulda muhofazalovchi dastur ta’minoti yaratilgan. Himoya dasturi ma’lumotlarni DES va RSA standartlarining imkoniyatlarini umumlashtirgan holda muhofaza qiladi. Testning ma’lumotlar bazasi test kirituvchi dastur ta’minotining tarkibiga kiruvchi himoya dasturi asosida kodlangan. Baholovchi dastur esa, ishlash davomida himoya dasturi asosida testning ma’lumotlar bazasini qayta kodlaydi, testni o‘tkazadi va testning natijasini himoya dasturi asosida kodlab institut serveriga uzatadi. Agarda baholovchi dastur institut serveri bilan aloqa o‘rnata olmasa, toki aloqa o‘rnatilib testning kodlangan natijasi institut serveriga uzatilgunga qadar, natijani o‘zida saqlab turadi va aloqa o‘rnatilishi bilan uni uzatib yuboradi.
Yuqorida tuzilgan dastur ta’minotlari Delphi obyektli dasturlash muhitida yaratilgan. Ushbu dasturlar NamMPI va ushbu institut qoshidagi » Do‘stlik » akademik litseyi o‘rtasida sinab ko‘rilgan.

Tinglovchilarni o‘qitishni yanada yaxshilash va o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha Samarqand davlat universitetida loyiha ishlab chiqilib uni keng tatbiq qilish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun Samarqand davlat universitetida mavjud markazlar va kompyuter sinflari negizida yagona «Axborot texnologiyalarni tatbiq qilish va o‘quv diagnostika» markazi tashkil qilingan. Bugungi kunda bu markaz qoshida «Masofali ta’lim», «O‘quv diagnostika», «Xalqaro ilmiy loyihalarni tuzish» va boshqa bo‘limlar muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Bundan tashqari, universitet bo‘yicha o‘n beshta kompyuter sinflari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgi vaqtga kelib, beshta yo‘nalish bo‘yicha multimediyali elektron darsliklar tayyorlangan bo‘lib, yana o‘nta yo‘nalish bo‘yicha yaqin kunlar ichida tayyorlanish arafasidadir. Barcha markazlar xalqaro internet tizimiga ulangan bo‘lib, universitet o‘qituvchilari va tinglovchilarining bu tizimdan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birgalikda, yangi axborot texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng tatbiq qilish, tinglovchilarga virtual stendlardan, video konferensiyalardan, multimediyali elektron darsliklardan foydalanishlariga to‘la sharoit yaratish, ma’lumot almashishning tezligini oshirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Masofadan o‘qitishni keng joriy etish va xalqaro internet tarmog‘ida ishlash tezligini oshirish maqsadida universitetda mavjud barcha kompyuterlarni optik aloqali yagona lokal tarmog‘iga ulash joriy etilmoqda. Hozirgi kunda universitetda «Internet»ning xalqaro axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatini beradigan bo‘limlardan o‘ndan ortig‘i muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hozirda rivojlangan mamlakatlarda masofadan o‘qitish orqali ham odamlarning bilim saviyasi oshib bormoqda hamda mo‘maygina daromad ham olinmoqda. Bu borada, elektron biznesning roli kattadir. Har bir kishi o‘ziga kerakli bo‘lgan ma’lumotni internet orqali topib olishi mumkin. Agarda bu ma’lumot moddiy tarzda bo‘lsa, uni shu o‘z manzilingizni o‘zida pochta xizmati orqali qabul qilib olishingiz mumkin.

Masofadan o‘qitishning yangi bir usullaridan biri bu bilim dargohlarida tashkil qilinadi. Bu usulda bir ma’ruzachi yuzlab borinki minglab tinglovchilarga bir vaqtning o‘zida ma’ruza o‘qishi va shu vaqtning o‘zida tinglovchilar bilan fikr almashishi, savollarga javob berishi mumkin. Bu usul yuqori texnikalardan samarali foydalanishni taqozo etadi. Ya’ni har bir o‘quv xonalari mikrofon, videokamera, video proyektor va video-audio uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bu usulda ishlash nafaqat bir bilim dargohi, nafaqat bir davlat, borinki butun bir davlatlar orasida ham qo‘l keladi. Ya’ni bir ma’ruzachini ma’ruzasini kommunikatsiya yordamida boshqa davlatlar tinglovchilari ham tinglashi mumkin bo‘ladi.

Oddiy darslikdan elektron darslikning afzallik tomonlaridan biri u «intellektual» kuchga ega bo‘lishi bilan bir qatorda kerakli ma’lumotlarni o‘z vaqtida va joyida taqdim etish imkoniyatlari bilan farqlanadi. Elektron darslik ma’lum bir predmet bo‘yicha hamma tegishli o‘quv materiallarini o‘zida ifoda etgan bo‘lishi kerak. Uning intellektual darajada bo‘lishi esa o‘z navbatida, oddiy darslikka nisbatan bir qator afzalliklarni tug‘diradi. Masalan, ma’lumotlarni tez izlab topish, mavzularni o‘zlashtirish darajasini multimedia elementlari yordamida amalga oshirish va hokazo.

Har bir elektron darslik alohida ko‘rinishda bo‘lishi va ma’lum bir standart talabga javob berishi lozim. Avtomatlashtirilgan o‘qitish tizimlarining uskunaviy vositalari asosida yaratilayotgan elektron darslikning strukturasiga to‘xtalib o‘tamiz.

Elektron kitobning strukturasi. Elektron darslikning bahosi uning mavzularida berilayotgan ma’lumotlarning mazmunini boyitishga bog‘liq. Elektron darslik bo‘yicha berilayotgan materiallarni quyidagi uch ko‘rinishda amalga oshirish mumkin:
• matn ko‘rinishida bayon qilish. Bu yerda qog‘ozdagi darslikdan farqli ravishda rasmlar, grafiklar, jadvallar. Ya’ni ularning animatsiya ko‘rinishidagi elementlari qatnashishi mumkin;
• elektron darslikning strukturasini tushunib olishga imkoniyat yaratadigan vositalar orqali;
• o‘quv materiallarini savollar ko‘rinishida ifoda etish va ular asosida o‘z bilimini nazorat qilish vositalari bazasida;
• elektron darslik (ED) ning strukturasi quyidagi elementlarni o‘z ichida ifoda etishi lozim;
• muqova;
• mundarija;
• qisqacha annotatsiyasi;
• ED ning «to‘liq bayoni»
• ED ning qisqacha bayoni (masalan, sxema ko‘rinishida);
• asosiy adabiyotlar va qo‘shimcha adabiyotlar ro‘yxati;
• bilimni nazorat qilish mexanizmi;
• matn fragmenti bo‘yicha izlash amalini bajarish;
• mualliflar ro‘yxati va ular haqida ma’lumot;
• atamalar ro‘yxati;
• ED bilan ishlash uchun ma’lumotlar tizimi.

ED ning muqovasi imkoniyat darajasida chiroyli bo‘lishi kerak. Buning uchun uni grafika va multimedia, animatsiya kabi elementlar bilan boyitish maqsadga muvofiq. ED ning muqovasida darslikning nomi, yuqori tashkilot haqida ma’lumot (masalan, vazirlik), mualliflik huquqi, yaratilgan vaqti, ED ni yaratgan tashkilotning nomi, mualliflari haqida qisqacha ma’lumot. Bu ma’lumotlarni ma’lum bir qismi (mualliflar haqida ma’lumot, ED ni yaratgan tashkilot, mualliflik huquqi) kabilar maxsus tugmalar yordamida amalga oshiriladi.

Zamonaviy elektron qo‘llanmalardan biri bo‘lgan elektron darslik multimediali mahsulot bo‘lib, mustaqil ta’lim va mustaqil ishlarni bajarishda o‘qitishni samarali tashkil etish va tinglovchilarning ijodiy fikrlash doirasini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Bunday darsliklardan uzluksiz o‘qitish rejimida foydalanish tinglovchilar bilimi sifatini oshirishga yordam beradi.

Biror-bir fan bo‘yicha elektron qo‘llanma yaratilyotganda kursning ajratilgan qismi amaliy (mashqlar) va nazorat (test savollari) mashg‘uloti, kursning katta bo‘limi esa testli mashg‘ulot va sinov bilan tugashi lozim. Elektron qo‘llanmadan o‘quv jarayonida foydalanilganda quyidagi afzalliklarga ega bo‘linadi:
• tanlangan fan yoki kurs bo‘yicha bayon etilayotgan axborotlar to‘plami yaxshi strukturaga ega bo‘lib, tugallangan fragmentlarni tasvirlaydi;
• o‘quv kursining strukturali elementi gipermatnli, ko‘rgazmalilik, audio va videoizohli yoki videoko‘rgazmali kalitli mavzulardan tashkil topadi va malakali o‘qituvchi yoki ma’ruzachi o‘qilayotgan fandagi o‘z fikrlarini bildiradi hamda oddiy darslikda o‘zlashtirish qiyin bo‘lgan fikrlarni izoxlaydi;
• gipermediali grafikadan foydalanib, darslikka tegishli murakkab model va ko‘rgazmalarni tushunarli va sodda shaklda tasvirlash imkoniyatidan foydalanadi;
• elektron qo‘llanma ko‘p oynali interfeysga ega bo‘lib, har bir oynada o‘zaro bog‘langan axborotlar joylashtiriladi;
• darslikda matnli qism ko‘p sonli kesishgan gipermatnli bog‘lanishga ega bo‘lib, zarur axborotni izlash vaqtini qisqartiradi va qo‘shimcha videoaxborot yoki animatsiyali kliplardan kursning matnli qismlarini bayon etish mushkul bo‘lgan bo‘limlarini ifodalashda to‘liq foydalaniladi;
• elektron qo‘llanmada foydalanuvchi tomonidan amallarning to‘g‘ri bajarilishi, yordam olish jarayoni ovozli signallar bilan, axborotni boshqa ko‘rinishlarini esa multimediali vositalarning imkoniyatlaridan foydalaniladi;
• axborotning sifati, ishonchliligi va uning strukturasiga talab oshadi;
• elektron qo‘llanma yordamida kurs ishlari va referatlarini tayyorlash imkoniyati mavjud bo‘lib, bunda zamonaviy kompyuter va pedagogik texnologiyani birlashtirib yangi ko‘rinish va sifatdagi qo‘llanmalarni yaratish mumkin.

pic

Yuqorida bayon etilganlardan ko‘rinib turibdiki, hozirgi zamonaviy pedagogikada elektron qo‘llanmalardan foydalanish asosiy masala bo‘lib qolmoqda. Elektron darslik va ensiklopediyaning jahon ta’lim standartiga to‘liq javob bera olishi tinglovchilar bilim sifatini oshirishda ahamiyati muhim ekanligi bayon etiladi. Bugungi kunda amaliy jihatdan elektron darslik va ensiklopediyaga tegishli ishlar juda kam ishlab chiqilgan. Hozirgi paytda bilim va axborotlarni odatiy darslik va ensiklopediya ko‘rinishidan elektron shakliga o‘tkazish va samarali qabul qilish imkoniyatini individuallashtirish masalalari davr talabi bo‘lib qolmoqda.
Ta’lim tizimida informatika fanining qo‘llanilish yo‘nalishlaridan biri yuqori darajadagi samarali va sifatli multimediali elektron darslik va ensiklopedik nashrlarni ishlab chiqishdan iborat. Elektron darslikning qo‘llanilish soxasi keng bo‘lib, ayniqsa mustaqil ta’lim olish va masofali o‘qitish jarayonida samarali natijalar beradi. Hozirgi paytda ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan elektron darslik va ensiklopediyalar xavaskorlik va kasbiy yo‘nalish xarakterida bo‘lib, kompakt-disklarda ishlab chiqilgan. Bunday nashrlar Internet tarmoqlarida ham paydo bo‘lmoqda.
Bunday nashrlarni yaratishda kitob nashriyotlari, dasturchilar, davriy nashr jurnalistlari va ilg‘or o‘qituvchilar faol ishtirok etishmoqda. Elektron darslik va ensiklopediyalar qo‘llanma sifatida turli fan o‘qituvchilari tomonidan o‘quv jarayonida foydalanishlari mumkin. Elektron darslik o‘qituvchi yordamida yoki mustaqil ravishda o‘quv kursi va uning katta bo‘limini o‘zlashtirish imkoniyatini beradi. Darslik quyidagi qismlardan tashkil topishi lozim:
• kursning asosiy qismini bayon etuvchi taqdimotli tashkil etuvchi;
• olingan bilimlarni mustahkamlashga mo‘ljallangan mashqlar;
• tinglovchilar bilimini obyektiv baholash imkoniyatini beruvchi testlar.

pic

Elektron darslik yordamida yaxshi natijalarga erishish uchun quyidagi talablar qo‘yiladi:
• qisqa vaqt oralig‘ida amaliy teskari aloqani ta’minlay olish va zarur axborotni tez topishga yordam berish;
• gipermatnli tushuntirishda ko‘p marotabali murojaat etish orqali vaqtni tejash;
• matnni tasvirlashda multimediali texnologiyaning ko‘rgazmalilik va yetarlilik prinsipini namoyon bo‘lishi;
• konkret foydalanuvchiga mos keluvchi tezlikda aniq biror bo‘lim bo‘yicha bilimni tekshirish va bajarish imkoniyati;
• zarur o‘quv axborotini muntazam ravishda yangilab turish.

Hozirgi kunda Farg‘ona politexnika instituti yetarli darajada kadrlar salohiyatiga va moddiy — texnikaviy bazaga hamda axborot texnologiyalarini keng joriy qilish va telekommunikasiya tarmoqlaridan unumli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda masofaviy ta’limni tashkil qilish va uni qo‘llash bo‘yicha ayrim ishlarni olib bormoqda.
Masofaviy ta’limni tashkil qilish va o‘quv jarayoniga tatbiq qilish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqilgan. Tadbirda ko‘zda tutilgan reja asosida institutda masofaviy ta’limni tashkil etish bo‘yicha ishlar quyidagi to‘rt yo‘nalishga bo‘lingan:
• masofaviy ta’limda ishtirok etuvchilar bilan olib boriladigan tashkiliy va o‘quv uslubiy ishlar.
• masofaviy ta’limda qo‘llaniladigan axborot va telekommunikatsiya texnologiyalar bilan tanishish, o‘rganish va kerakli texnikaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan kompyuter va dasturiy majmuani yaratish bo‘yicha ishlar.
• masofaviy ta’lim uchun o‘quv uslubiy materiallarini yaratish bo‘yicha ishlar.
• masofaviy ta’limda qo‘llaniladigan o‘quv materiallarini yaratish texnologiyasini o‘rganish va uni joriy qilish bo‘yicha ishlar.
• masofaviy ta’limda ishtirok etuvchilar bilan olib borilayotgan ishlar, asosan, uch guruhga bo‘lingan holda amalga oshirilib kelinayapti, ushbu ta’limning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ularning asosiy vazifalari quyidagicha ko‘rsatilgan:
• o‘qituvchining vazifalari;
• o‘quv kursini ishlab chiqish;
• fanni o‘rganish bo‘yicha yo‘riqnomani ishlab chiqish;
• fan bo‘yicha maslahatlarni berish va zaruriy yordam ko‘rsatish;
• o‘qitish natijalarini nazorat qilish;
• tinglovchilarning o‘quv-bilim olish faoliyatini tashkiliy boshqarish;
• o‘quv — uslubiy materiallarni tinglovchi tomonidan to‘g‘ri va samarali foydalanishda unga yordam berish;
• tinglovchilarga kursning o‘quv — uslubiy ta’minlanishi masalalari bo‘yicha guruh va individual shakllarda maslahatlarni o‘tkazish;
• o‘quv jarayoni jadvalining bajarilishini nazorat qilish;
• tinglovchilar o‘rtasidagi o‘quv aloqalarini ta’minlash.
• tinglovchining vazifalari:
• turli shakldagi o‘quv materiallari va o‘quv — texnologik vositalardan foydalangan holda mustaqil ta’lim olish;
• o‘qituvchi, uslubchi (tyutor) va boshqa tinglovchilar bilan muloqot qilishi.
• tavsiyalar institutda masofaviy ta’limni tashkil etish jarayonida keng miqyosda qo‘llanilmoqda.

Masofadan o‘qitish bugungi kunda ma’lum bir yuksalish bosqichiga ko‘tarilmoqda. Buning albatta, obyektiv sabablari mavjud. Ta’lim tizimini tashkil etish har bir davrda turlicha bo‘lishi ijtimoiy tizim, mafkuraviy qarashlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Ijtimoiy — iqtisodiy, ilmiy — texnikaviy rivojlanish davomida ta’lim tizimi maqsadiga erishish jarayoniga nisbatan turlicha pedagogik yondashuvlar mavjud bo‘lgan. Demak, ta’lim jarayonini tashkil etishning nazariy va amaliy jihatdan takomillashib borishi bilan masofadan o‘qitish zamonaviy tus ola boshladi. Chunki ta’lim tizimining bosh maqsadi ham yetuk, yuksak malakali, ma’naviyatli, ma’rifatli, mustaqil fikr yurita oluvchi raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. Bugungi kunda masofadan o‘qitish sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni kengroq va chuqurroq o‘zlashtirishimiz, ularni o‘zimizga mos holda tatbiq etishning dasturliy ta’minotini ishlab chiqishimiz kerak bo‘ladi.

Navoiy Davlat Konchilik instituti professor — o‘qituvchilari jamoasi masofadan o‘qitish texnologiyalarini ta’lim jarayoniga qo‘llash borasida katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda. Masalan, Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi TASIS TEMPUS proyekti bo‘yicha institut professor- o‘qituvchilari bir necha o‘ynalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Gap shundaki, zamonaviy axborot texnologiyalarni o‘zlashtirish va u yoki bu sohaga oid eng yangi yutuqlarni aks ettirgan o‘quv materiali — darslik yoki o‘quv qo‘llanmasining mavjudligi, bu hali to‘laqonli o‘quv jarayoni tashkil qilindi degan so‘z emas. Zero, o‘quvchi yoki tinglovchi bu o‘quv materialini chuqur o‘zlashtirish uchun, uni ayrim muhim nazariy bo‘limlar, batafsil ishlab chiqilgan, o‘quv mashg‘ulotlarining barcha turlarini mazmunan va vaqt bo‘yicha yagona tizimga mujassamlashtirgan, maqbullashtirilgan va yo‘naltiruvchi tusdagi o‘quv dasturi, amaliy mashg‘ulot materiallari to‘plami, kompyuter vositasida modellashtirilgan laboratoriya ishlarining to‘plami, mustaqil ishlash uchun topshiriqlar va masalalar, topshiriq va masalalarni bajarish va yechish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar, nazorat savollari, testlar va ularning javoblari, masalalarni yechish chog‘ida zarur bo‘ladigan doimiy ma’lumotnomalar mazkur fan bo‘yicha eng ko‘p ishlatiladigan asosiy tushuncha va atamalarning izohli lug‘ati, u yoki bu masalalar chuqur yoritilgan adabiyotga havolalar ko‘rinishida tarkibiy bo‘laklarga ajratish, bu bo‘laklarning majmuini shakllantirish va shu tariqa o‘quv jarayonida bilvosita dialog ish rejimini tashkil etish, boshqacha qilib aytganda, faol pedagogik muhit yaratish ham zarur bo‘ladi.
Bu o‘rinda o‘quv adabiyotiga qo‘yiladigan talablar — ilmiylik, tizimlilik, o‘quv materialini tushunarli va ravon tilda bayon qilish kabi talablarni ta’minlash, shuningdek, samarali pedagogik usullar sifatida e’tirof etilgan muammoli o‘qitish, o‘quvchi va tinglovchilarning mustaqil ishi va jamoaviy tafakkur faoliyatini tashkil etish kabi jihatlarni ro‘yobga chiqarish alohida ahamiyatga ega.

Elektron darslik — kompyuterli o‘quv uslubini qo‘llash va fanga oid o‘quv materiallarini har tomonlama samarali o‘zlashtirishiga asoslangan o‘quv adabiyoti bo‘lib, tinglovchilarning mustaqil bilim olishlari, hamda masofali o‘qitishni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Hozirgi kunda elektron darsliklarning 4 ta toifasi mavjud bo‘lib, ulardan foydalanishning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
• yangi axborot — ta’lim uslubini shakllantirish, zamonaviy axborot- pedagogik, axborot va kompyuter texnologiyalarini qo‘llash orqali ta’lim jarayonining samaradorligini, sifati va unumdorligini oshirish;
• uzluksiz ta’lim tizimida zamonaviy o‘quv manbalari — elektron o‘quv darsliklarini keng qo‘llash, ularning ma’lum ma’noda kutubxonalarni tashkil etish, ta’limning masofadan o‘qitish usullarini amalda joriy etish va umumjahon elektron o‘quv tizimiga kirish.

Taraqqiyot juda tez rivojlanmoqda va o‘zgarmoqda. Axborot texnologiyalar jamiyat axborot resurslaridan oqilona foydalanishning eng muhim usullaridan biri bo‘lib, hozirgi kunda u bir nechta bosqichlarni bosib o‘tdi. Bu bosqichlarning almashinuvi ilmiy texnikaviy taraqqiyotning rivojlanishi, ma’lumotlarni qayta ishlashning yangi texnik vositalari paydo bo‘lishi bilan belgilanadi. Insonning bilim darajasi ham ma’lum davr ichida shaxs tomonidan o‘zlashtirilgan axborotlarning ko‘p yoki ozligi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham yangi axborot texnologiyalardan unumli foydalanish bugungi kunning talabiga aylanmoqda. Jumladan, ta’lim tizimida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda ya’ni, ta’lim tizimida bugungi kunda Masofadan o‘qitish uslubi qo‘llanilmoqda. Masofadan o‘qitish uslubi bu sirtqi ishning yangi bir usulidir. Masofadan o‘qitish bu mustaqil ish demakdir. Mustaqil ish har bir insonning mustaqil fikrlash, holatini baholash, xulosa va bashorat qilish qobilyatlarini rivojlantiradi. Bugungi kunda insoniyatni huquqiy ongini o‘stirishda, qonun ustivorligini oshirishda, qonunlarni amaliyotda qo‘llanishi, har bir fuqaro o‘zini — huquqini bila olishida, qonunchilikni ya’ni qonun, qaror va farmonlarni xalqimizga, oddiy fuqarolarimizga keng yoritib berishda masofadan o‘qitishning yangi texnologiyalaridan foydalanish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Toshkent Davlat Yuridik Instituti, Qarshi Davlat Universiteti va Guliston Davlat Universitetlari bilan birgalikda «Siz qonunni bilasizmi» mavzusida bo‘lib o‘tgan videokonferensiya “dengizdan bir tomchi” bo‘lsa ham, lekin masofadan o‘qitishning qanchalik foydali va kerak ekanligini namoyon qildi. Yurtimizda qabul qilinayotgan va hayotga tatbiq etilayotgan har bir qonunlarni xalqimiz ongiga singdirib borishda, tinglovchilarga ta’lim berishda masofadan o‘qitish, videokonferensiyalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Tan olish kerakki, hozirgi vaqtda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi tobora susaymoqda. Yoshlarni hozirda kompyuter va u bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ko‘proq o‘ziga jalb etmoqda. Shu borada o‘qitish, ta’lim berish ayni qo‘l keladigan yo‘nalishdir. Bunda o‘qituvchi kutubxonalardan o‘ziga kerakli bo‘lgan ma’lumotni izlab qimmatli vaqtini ketgazmaydi. Kompyuter orqali u o‘ziga kerakli ma’lumotni osongina topib o‘rganishi mumkin. Bu borada ta’kidlab o‘tish lozimki, Internetda ishlash masalasi yetarli bo‘lishi darkor.

Kompyuter va Internet tarmog‘ida ishlash malakasi yuqori bo‘lgan har bir tinglovchi ham, u yerda yozilgan yoki chizilgan ma’lumotni to‘laligicha tushunishi oson emas. Bu borada Internet tarmog‘ida yaratilyotgan elektron usuldagi sahifa yoki o‘quv dasturlari ommabop bo‘lishi, ya’ni hammaga birdek tushunarli bo‘lmog‘i maqsadga muvofiqdir. Internet sahifalari hozirda Macromedia FLASH, HTML, Java Script, Macromedia Direktor usullarida yozilmoqda va yaratilmoqda. Bu har bir usulning o‘ziga yarasha afzalliklari bor. Agarda biz FLASH dasturi yordamida yaratilayotgan Internet sahifa va dasturlarini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak , avvalambor uning yaratilishi vaqti qisqa va osondir.

Yaratilayotgan mahsulotni har xil animatsiyalar bilan boyitish, o‘quvchi uchun qulayliklar yaratish va qiziqarli qilish FLASH dasturida ko‘zda tutilgan va ayni vaqtda asosiy maqsadga muvofiqdir. Lekin ta’kidlab o‘tish joyzki, mahsulotni FLASH ni yoki boshqa dastur orqalimi, yaratayotgan shaxs, bu borada yetarli bilimga va fantaziyaga ega bo‘lishi joizdir.
Toshkent shahar pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida ham masofadan dars berish bo‘yicha qator amaliy ishlar bajarib kelinmoqda. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda institutda 96 ta kompyuter mavjud bo‘lib, ularning aksariyati Internet tarmog‘iga ulangan. Masofadan o‘qitish bo‘limida tinglovchilar uchun darslar uch yo‘nalishda tashkil etilgan.

Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga mo‘ljallangan birinchi yo‘nalishda asosan, informatikaning Word dasturi bo‘yicha dars beriladi. Ikkinchi yo‘nalishda Paint muharrirlik dasturi bo‘yicha, rasm chizish, bo‘yash o‘rgatiladi. Internetda ishlashni o‘rganishga mo‘ljallangan uchinchi yo‘nalishda o‘qituvchilarga Internetdan qanday axborot olish va uzatish haqidagi bilimlar beriladi. Bundan tashqari, ushbu bo‘limda aniq tabiiy va ijtimoiy fanlar o‘qituvchilarining malaka oshirishlariga mo‘ljallangan alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Hozirda barcha fanlardan ma’ruza matnlarining elektron versiyalari yaratilgan. Hatto tasviriy san’at fanidan ham shunday versiyalar mavjud. Bo‘limni fizika-matematika fanlari nomzodi B.Olimov boshqaradi. Ayni paytda institutning masofadan o‘qitish bo‘yicha beshta tumanda tayanch maktabi bor. Bular S.Rahimov tumanidagi 242, Shayxontohur tumanidagi 276, Sirg‘ali tumanidagi 7, Hamza tumanidagi 152 hamda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-maktablardir. Hozir ushbu maktablarda jihozlash ishlari olib borilayapti. Yaqin kelajakda ushbu maktablarda masofadan o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, B.Olimovning aytishicha, mazkur bo‘lim tomonidan masofadan o‘qitish platformasi yaratilgan. Unga muvofiq avval muammo sanalgan o‘qituvchilarni malaka oshirishga jalb qilishning yechimi topildi. Endilikda shaharda yigirma mingdan ziyod o‘qituvchi bo‘lsa; ularning qachon, qayerda malaka oshirganlari haqidagi ma’lumotlar to‘plangan.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq