AXBOROT-KUTUBXONA VA AXBOROT-RESURS MARKAZLARINI STANDARTLASHTIRISH MUAMMOLARI
07.10.2007
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Ulug'bek Karimov.

pic
Inson faoliyatining ixtiyoriy sohasini standartlashtirish uni avtomatlashtirish uchun nazariy va amaliy asos ekanligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Chunki jarayonlar (texnologiyalar) ni avtomatlashtirishga kirishishdan oldin bu jarayonlar ma’lum bir tartibga (qoidaga) bo‘ysundiriladi. Demak, avtomatlashtirishda standartlashtirishning roli beqiyosdir.

Kutubxonachilik va nashriyot sohasida standartlarni yaratish va tatbiq qilish bu jarayonlarni avtomatlashtirish uchun zamin yaratadi. Axborot-kutubxona faoliyatini aniq va samarali boshqarish, foydalanuvchilar qiziqishlarini himoya qilish, yaratilayotgan axborot resurslari va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining va tezligining yuqori bo‘lishi standart talablarini qay darajada bajarilishiga bog‘liq bo‘ladi. Kutubxonachilik va nashriyot sohasiga oid standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va tatbiq qilish Respublikamiz Prezidenti tomonidan imzolangan Qaror [O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida». Ma’rifat, 2006 y. 21 iyun № 49 (7866)] asosida tashkil qilinayotgan axborot-kutubxona va axborot-resurslar (AKM va ARM) markazlarida joriy qilinishi mo‘ljallanayotgan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimining dasturiy, axborot, lingvistik ta’minotini yaratish uchun asos bo‘ladi [Karimov U. Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirish: muammolar, yechimlar.//Uzinfocom.uz. — Toshkent, 2006 . — № 12, 31-34 b.]. Shunday qilib, axborotlar, bibliografiya, kutubxonachilik, fondni butlash va nashriyot ishi bo‘yicha standartlar tizimini (SIBID) o‘rganish, ishlab chiqish, moslashtirish, tasdiqlash va tatbiq qilish, AKM va ARM larni tashkil etishda hal qilinishi lozim bo‘lgan o‘ta dolzarb muammolar sirasiga kiradi.

Maqsad va vazifalar

Zamonaviy kutubxonalar bosma hujjatlarni saqlaydigan passiv omborlardan, faol ishlaydigan avtomatlashtirilgan axborot markazlariga, elektron kutubxonalarga, hujjatlarni elektron pochta, global telekommunikatsiya va Internet orqali uzatuvchi va qabul qiluvchi markazlarga aylanmoqda. Axborot texnologiyalarini jamiyatimizning turli sohalarida keng tatbiq qilinishi, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatuvchi kutubxonalar faoliyatida tub islohotlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Respublikamizda tashkil qilinayotgan AKM va ARM oldiga an’anaviy kutubxona xizmati ko‘rsatishdan o‘z axborot resurslarini yaratish va jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini berish yo‘li bilan axborot kutubxona xizmatini ko‘rsatishga o‘tish kabi bir qator vazifalar qo‘yilgan. Bunday vazifalarni bajarish uchun AKM va ARMlarda avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari (AAKT) yaratishni talab qiladi. AAKT ning dasturiy ta’minotini yaratish, kutubxonachilik va nashriyot uchun standartlar tizimini yaratishni taqozo qilmoqda.

Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan dasturiy vositalar bozorining tahlili [Karimov U. Kutubxonani avtomatlashtiruvchi tizimlar (KAT) bozorining tahlili: kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishda yangi imkoniyatlar.// Informatika va energetika muammolari O‘zbekiston jurnali. Toshkent, Fan, 2006, № 2, 65-76 b. ] shuni ko‘rsatmoqdaki, Rossiyada ishlab chiqilgan barcha dasturiy vositalar SIBID turkimiga kiruvchi standartlar asosida yaratilgan. Demak, kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan milliy tizim yaratish uchun ishni dastlab kutubxonachilik va nashriyot sohasi uchun umumiy bo‘lgan standartlar tizimini ishlab chiqish, tasdiqlash va tatbiq qilishdan boshlash zarur. Ba’zi bir mutaxassislar mazkur soha uchun standartlar tizimini tahlil qilmasdan turib, to‘g‘ridan — to‘g‘ri Rossiya standartlari (SIBID) asosida kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan milliy tizim yaratishga kirishmoqchi bo‘ladilar. Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan milliy tizim yaratishga bo‘lgan bunday yondashuv muvaffaqiyatga olib kelmaydi.

Bugungi kunda respublikamizda juda ko‘plab nashriyot va bosmaxonalar nashr ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Ammo ularning barchasi ham kitob nashr etishda uning bibliografik tasviri uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni belgilab qo‘yilgan sahifa va o‘z o‘rnida aks ettirayotganlari yo‘q. Ba’zan esa bunday «chiqish ma’lumotlarini» kitobdan topa olmaymiz. Buning sababi, kitob chop etish bilan shug‘ullanayotganlar, ayniqsa, yangi tashkil qilingan bosmaxonalardagi xodimlar soha mutaxassislari emasliklari hamda kitob muqovasida, titul varaqasida bo‘lishi shart bo‘lgan ma’lumotlardan bexabarliklaridir. Demak, kitob nashr etish bo‘yicha xalqaro standartlar talabini umuman, bilmaydilar.

Kutubxonaga kelib tushgan kitoblarning bibliografik tasvirini yaratishda kataloglashtiruvchi zarur bo‘lgan ma’lumotlarni kitob muqovasidan ham, titul varaqasidan ham topishning iloji yo‘q. Shu sababli ham kitob chop qilish jarayonida standart talablariga rioya qilish zarur. Aks holda, kataloglashtiruvchi kitobda mavjud bo‘lmagan bibliografik tasvir elementlarini topa olmaydi. Demak, kitob chop qilish jarayoniga oid standartlar xalqaro qoidalarga mos ravishda ishlab chiqilishi va respublika nashriyot sohasiga tatbiq qilinishi zarur. Barchaga ma’lumki, nashriyotlar tomonidan chop qilingan kitoblar kutubxonalarda saqlanadi va foydalaniladi. Elektron katalog bazasini shakllantirish jarayonida kitob bibliografik tasviri to‘liq bo‘lishi uchun turli ko‘rinishdagi hujjatlardan turlicha ma’lumotlar elektron katalog bazasiga kiritiladi. Har bir ko‘rinishdagi hujjatni tasvirlash uchun ma’lum bir qoidalar (standartlar) masalan, «Bibliografik yozuv», «Bibliografik tasvir», Umumiy talablar va tuzish qoidalari qabul qilingan.

Bunday standartga ega bo‘lmasdan turib, elektron katalog bazasini shakllantirishga mo‘ljallangan dasturni yaratib bo‘lmaydi. Demak, Milliy dastur tuzishga kirishgan dastur tuzuvchi mazkur standartni bilishi kerak, aks holda, yaratilgan dastur xalqaro va milliy kataloglashtirish talablariga javob bermaydi. Bibliografik yozuv va bibliografik tasvir yaratishda «bibliografiya», «fondni butlash», «kutubxonachilik» va «bibliografik axborot»larga oid ko‘plab o‘zbek tilidagi so‘zlarning qisqartma shaklidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu esa o‘z navbatida, «bibliografiya», «fondni butlash», «kutubxonachilik» va «axborot» sohasida umumiy bo‘lgan o‘zbek tilidagi so‘zlarning qisqartma shaklda foydalanish bo‘yicha standartini yaratishni taqozo qiladi. Rus va ingliz tillarida bunday qisqartma so‘zlar standarti yaratilgan, o‘zbek tilida esa hozircha mavjud emas. Chiqish ma’lumotlarida ishlatiladigan shaharlar nomlarining standart shakli va uning qisqartma shakli va shaharlar kodlarining standartlari ham mavjud emas.

Bugungi kunda juda ko‘plab tushunchalarni mualliflar turlicha talqin qilmoqdalar, masalan, elektron kutubxona, avtomatlashtirilgan kutubxona, raqamlashtirilgan kutubxona, virtual kutubxona, avtomatlashtirilgan kutubxona-axborot tizimi, avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi, kutubxonani avtomatlashtiruvchi tizim va boshqalar. Axborot, kutubxonachilik va nashriyot ishi sohasiga oid atamalar, asosiy tushunchalar va ta’riflar standartlari qabul qilinganda bu sohadagi chalkashliklarga chek qo‘yilgan bo‘lardi. Kutubxona-axborot faoliyati, nashriyot ishi va axborotlar sohasi uchun tegishli bo‘lgan xalqaro standartlarning umumiy soni 60 dan ortiq. Bu standartlarning birortasi ham O‘zbekiston kutubxonachilik ishiga tatbiq qilish uchun o‘rganilmagan va tasdiqlanmagan.

pic

Respublikaning biror-bir tashkiloti yoki idorasi tomonidan tasdiqlanmagan standartlarni kutubxonachilik ishiga tatbiq qilish mumkinmi? Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkin: Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan milliy tizim ishlab chiqishni maqsad qilgan dastur tuzuvchilar dastlab «Axborot, kutubxonachilik va nashriyot ishi» (SIBID) turkumiga kiruvchi standartlarni to‘liq o‘zlashtirishlari lozim. Aks holda, yaratilgan mahsulot (dastur) faqat yagona bir kutubxonaning lokal masalasini hal qila oladi.

Shunday qilib, maqsad kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtiruvchi tizim yaratish bo‘lganda, ishni mazkur soha uchun standartlar tizimini yaratishdan boshlash zarur.
Maqsadga erishish uchun quyidagi masalalarni hal qilish talab etiladi:

• O‘zbekiston kutubxonachilik va nashriyot ishi uchun standartlar tizimini ishlab chiqish, moslashtirish, tasdiqlashga tayyorlash va tatbiq qilish muammolari bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruh tuzish;
• axborot-kutubxona faoliyatiga oid standartlar tizimini tahlil qilish;
• nashriyot ishiga oid standartlar tizimini tahlil qilish;
• axborotlar, bibliografiya, kutubxonachilik va nashriyot ishi bo‘yicha standartlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va takomillashtirib borish;
• axborot-kutubxona va nashriyot ishi bo‘yicha standartlarni O‘zbekiston kutubxonachilik va nashriyot ishiga moslashtirish, tasdiqlash;
• «O‘zstandart» agentligi bilan hamkorlikda standartlarni rasmiylashtirish.

Axborot-kutubxona faoliyatiga oid standartlar tarkibi

Axborot-kutubxona sohasiga oid zamonaviy standartlar asosan uch guruhga bo‘linadi [Сборник основных российских стандартов по библиотечно-информационной деятельности / Сост. Т.В. Захарчук, О.М. Зусьман. СПб.: Профессия, 2006.- 547 с) .

Birinchi guruhga kiruvchi mavjud barcha standartlarning juda ko‘pchiligi asosan axborot-kutubxona sohasidagi asosiy tushunchalar, atamalar va ta’riflarni qisqa, lo‘nda va aniq ifodalashga yo‘naltirilgan. Hozirgi paytda atamalar standartlari asosan: axborot-kutubxona faoliyati, bibliografiya, bibliografiyashunoslik, axborotlarni qidirish va tarqatish, axborot-qidiruv tillari, kataloglashtirish, fondni butlash, elektron nashrlar sohalarini butunlay qamrab olgan.

Ikkinchi guruhga kiruvchi standartlar texnologik standartlar bo‘lib, ular asosan kutubxona-axborot va nashriyot texnologiyalariga oiddir:

• hujjatlarning bibliografik tasviri, alohida ko‘rinishdagi hujjatlarning bibliografik tasviri;
• hujjatlar uchun annotatsiya va referatlar yozish;
• kataloglar va kartotekalar uchun kartochkalarni shakllantirish;
• alohida ko‘rinishdagi hujjatlarni rasmiylashtirish;
• turli ko‘rinishdagi hujjatlarni saqlash va konservatsiya;
• rubrikatorlarni yuritish;
• bibliografik ma’lumotlarni almashtirish.

pic

Uchinchi guruhga kiruvchi standartlar axborot-kutubxona xizmati ishlarini hisobga olishni (fond, abonentlar va kitobxonlar bilan ishlashni hisobga olish) boshqarishga mo‘ljallangan.
Axborot-kutubxona sohasiga oid standartlar tizimini ishlab chiqish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan tayyorlangan taklifni Axborotlashtirish va aloqa agentligi qo‘llab quvvatladi hamda standartlar yaratish uchun sarf — xarajatlarni qoplashga zarur mablag‘ni ajratdi. Mazkur standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va tatbiq qilish maqsadida kutubxonachilik, nashriyot ishi, axborot texnologiyalarini kutubxonalarga tatbiq qilish bo‘yicha Respublikada ko‘zga ko‘ringan va bu sohada ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirayotgan bir guruh mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruhi xalqaro standartlar tizimini tahlil qilib, birinchi navbatda, qabul qilinishi kerak bo‘lgan standartlarni aniqlaydi. Tanlab olingan standartlar o‘zbek tiliga tarjima qilinadi, tahlil qilinadi, moslashtiriladi, tasdiqlash uchun tayyorlanadi va AKM va ARMlarda tatbiq qilish uchun tarqatiladi. Ishchi guruh tarkibida rus/o‘zbek tili bo‘yicha tarjimon filolog, kutubxonachilik, axborot texnologiyalari, kataloglashtirish, kutubxonani boshqarish, kutubxona fondlari, bibliografiya va kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirish hamda nashriyot sohasi bo‘yicha mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Axborotlashtirish va aloqa agentligi tomonidan mazkur standartlarning ishlab chiqilishi kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan milliy tizim uchun nazariy va amaliy asos yaratishga imkon berdi. Mazkur standartlar asosida shakllantiriladigan elektron katalog bazalarini Internet orqali jahon axborot muhitida taqdim qilish mumkin. Axborot-kutubxona sohasiga oid standartlarning ishlab chiqilishi Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha tipdagi kutubxonalar hamda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarini to‘laqonli faoliyat olib borishlari, shuningdek, ulaning «bir tilda so‘zlashuvi»ni ta’minlaydiki, bu hol kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishda hal qiluvchi omillardan hisoblanadi. Chunki har qanday jarayon (texnologiya) avtomatlashtirilar ekan, dastlab bu jarayon (texnologiya) ma’lum bir qonun-qoidaga (tartibga) aniqroq aytganda standartlarga bo‘ysundirilishi lozim, so‘ngra mazkur jarayonlarning bajarilish algoritmlari aniqlanadi. Algoritmlarga asoslangan kutubxona jarayonlarini (texnologiyalarini) avtomatlashtirshga mo‘ljallangan darsuriy vositalar yaratiladi. Shunday qilib, axborotlashtirish va aloqa agentligi tomonidan axborot-kutubxona sohasiga oid standartlar tizimining ishlab chiqishga kirishilishi, kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirish tomon tashlangan dadil qadam bo‘ldi. Yaqin yillar ichida mazkur standartlarga asoslangan kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtiruvchi milliy tizim yaratilishi ehtimoldan holi emas. Respublikamizda yangidan tashkil qilinayotgan barcha AKM va ARMlarda bunday milliy tizim yaratilishini ko‘pdan beri kutishmoqda. Uzoq yillardan buyon nazardan chetda qolib kelgan mazkur soha uchun standartlar tizimini yaratishga bel bog‘lagan axborotlashtirish va aloqa agentligi juda katta ahamiyatli ishga qo‘l urganligi barchamizni quvontiradi.

pic

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq