IP-TELEFONIYANING RIVOJLANISH TARIXI
05.08.2007
Rukn: Internet.
Muallif: Shoolim Shomansurov.

pic
Internet tarmog‘i kun sayin inson dunyoqarashini o‘zgartirib borayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. U kundalik hayotda ta’sir etib, talay ijobiy afzalliklarni ham olib kirmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham Internet tarmog‘i jadallik bilan rivojlanib borayotganligi kuzatilmoqda. IP-telefoniyaning vujudga kelishi va uning ommaviylashib borishi ham ana shunday rivojlanish natijasidir.

Birinchi bo‘lib, AQSh universitetlaridan birida paydo bo‘lgan bu texnologiya keyinchalik, shunchalik ommalashib ketishiga hech kim ishonmagan edi. Hozirgi kunda Internet-telefoniyadan millionlab kishilar foydalanishmoqdalar. Skype, Yahoo, MSN, Google Talk kabi dasturlarni Internet tarmog‘idan yuklagan holda, dunyoning istalgan burchagidagilar bilan muloqotda bo‘lish imkoniyati yaratildi.

Shaxsiy kompyuter (ShK) orqali tovushni tarmoq bo‘ylab yuborish tamoyili AQShning Illinoys shtatida paydo bo‘lgan degan qarashlar mavjud. 1993 yili Charli Klyayn tomonidan ShK yordamida tovushni tarmoq bo‘ylab, jo‘natishning ilk dasturiy ta’minoti yaratildi va uni «Maven» deb nomlandi. Bir vaqtning o‘zida, Kornel universitetida CU-SeeMe videokonferensiya dasturi Macintosh (Mac) kompyuterlari uchun mo‘ljallangan multimediyali dasturi sifatida yaratildi.

1994 yilning aprel oyida Amerikaning aeronavtika bo‘yicha agentligi (NASA) tomonidan Endeavor kosmik apparatining uchishi mobaynida, uning tasvirini Yerga CU-SeeMe dasturi yordamida jo‘natildi. Bir vaqtning o‘zida Maven dasturidan foydalanilgan holda, ovoz ham yuborildi. Lyuis ilmiy tekshirish markazi Mac kompyuterlariga signal kelib tushishi bilanoq, Internet bilan ulangani tufayli, xohlagan kishi astronavtlarning ovozini eshitish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Keyinchalik ikkala dasturning qo‘shilishi natijasida, CU-SeeMe dasturining yangi varianti video va audio funksiyasiga ega bo‘lgan dastur yaratildi. Bu dasturdan Mac kompyuterlarida hamda ShK larda foydalanish mumkin bo‘ldi.

1995 yil fevralda Isroilning VocalTec kompaniyasi Internet Phonening ilk dasturini taklif qildilar. Bu dastur Windows operasion tizimida ishlaydigan va multimediyali ShK ega bo‘lgan kishilarga mo‘ljallangan edi. Bu davr Internet-telefoniyaning taraqqiyotida muhim bosqich bo‘ldi. VocalTec tomonidan qiziqishlari bir-biriga yaqin kishilarni ikki tomonlama suhbatlashishlari uchun Internet Relay Chat (IRC) mashhur (matnli) kanallarni ishlatishga umid qilgan edilar. Ammo IRC ni boshqarayotgan Eris Free Network (EFNet) bilan bog‘lanish hamda trafikning ko‘payishi ehtimoli haqida axborot berish imkoniyatiga ega bo‘lmadilar. Ular o‘rtasida ba’zi kelishmovchiliklar paydo bo‘ldi. Shuning uchun Internet Phoneni ommaviy kanallardan foydalanish uchun yopib qo‘yildi. Bir necha haftadan so‘ng VocalTec kompaniyasi EFNet bilan kelishmovchilikni bartaraf etdilar. Bu davrda server Internet Phone ning xususiy tarmog‘i yaratildi va VocalTec Web sahifasidan dasturni ishga tushirib, minglab kishilar aloqani boshlab yubordilar.

1995 yilning o‘zida boshqa kompaniyalar tomonidan IP-telefoniya istiqbolli loyiha bo‘lgani tufayli, uni yuqori baholashdi, ya’ni yer kurrasining turli burchagidan turib, xalqaro aloqaga haq to‘lamasdan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Internet tarmog‘i orqali suhbatlashish uchun dasturiy ta’minotlarni juda ko‘plab turlari yaratila boshlandi.

Shu yilning sentabr oyida chakana savdoda DigiPhone dasturi Dallas shahrida (shtat Texas) kichik bir kompaniya tomonidan yaratildi. Bu dastur «dupleks» aloqani yaratib berar edi, ya’ni bir vaqtning o‘zida eshitish va gapirish imkoniyatiga ega bo‘lindi. Bu bilan abonentlarni jalb qiladigan interaktiv aloqa yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi.

1996 yil martida yana bir unutilmas voqea yuz berdi. O‘sha kezlarda ikki kompaniya hamkorligida «Internet Telephone Gateway» nomli loyiha e’lon qilindi. Bular bizga ma’lum bo‘lgan VocalTec va kompyuter telefoniya uchun yirik dasturiy ta’minot yaratuvchi Dialogic kompaniyalari edilar.

Ularning maqsadi oddiy telefon apparatining Internet orqali ishlashini ta’minlashdan iborat edi. Buning uchun Internet tarmog‘i va umumiy foydalanuvchilar telefon aloqasi (TfOP) o‘rtasida maxsus shlyuz o‘rnatilgan. Oxirgi shlyuzning nomi VTG (VocalTec Telephone Gateway) va maxsuslashtirilgan dastur ishlab chiqildi, ya’ni Dialogic tovush platalarini oddiy telefon liniyalari orqali ishlatish mumkin bo‘lgandi.

Bugungi kunda yuzlab kompaniyalar IP-telefoniya tijorat yechimlarini taklif etmoqdalar. Shu bilan birga an’anaviy vositalardan foydalanib kelayotgan yirik telekommunikatsiya korxonalari, ularning nonini yarimta qilayotgan kompaniyalardan xavfsiragan holda, o‘zlari bu texnologiyani asta-sekin joriy qila boshladilar.

IP-telefoniyani joriy etish quyidagi raqamlar bilan tavsiflanadi. Birgina 1996 yilda IP-telefoniya 997% o‘sdi (1,8 mln. AQSh dollari sifatida baholangan), biroq 1997 yili asbob-uskuna va dasturiy ta’minot bozori hamda IP-telefoniya xizmati 210 mln. dollar deb baholandi. IP-telefoniya tovush trafik barcha xalqaro hamda shaharlararo chaqiriqlarining 1% tashkil etsa ham, IP-tarmoqlar aloqasida telefon va faks xizmatlaridan daromad 123 mln. dollarni tashkil etdi.

Internet-telefoniya bozori esa 1999 yili 560 mln. dollar ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. 2006 yil IP-telefoni foydalanuvchilarining soni 83% foizga oshdi, ya’ni 10,3 mln. dan 18,7 mln. kishiga yetdi. VoIP foydalanuvchilari soni bo‘yicha Yaponiya, Fransiya va AQSh mamlakatlari yuqori o‘rinlarda turadi. Biroq Yevropaning bir qancha davlatlari, misol tariqasida Germaniya, Gollandiya va Norvegiya mamlakatlarida ichki VoIP bozorini 2005 yilning oxirida va o‘tgan yilning boshlarida faol tarzda rivojlantira boshladilar deb xabar beradi, Point Topic analitik kompaniyasi.

Point Topic analitik kompaniyasining ko‘rsatishicha, Skype kompaniyasi 2006 yilning to‘rtinchi choragida 28,4 mln. dollar daromad ko‘rdi. Bundan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Skype foydalanuvchisi oyiga o‘rta hisobda- 2 dollar sarflar ekan. Point Topic kompaniyasi VoIP-operatoriga taxminan 4,73 mln kishi foyda keltiradi, degan xulosaga keldi.

IP-telefoniyaning jadal sur’atlarda rivojlanishini to‘xtatib turgan omillardan biri mahalliy qonunchilik tizimida cheklashlarning mavjudligidir. Oldindan amalga oshirilgan hisob-kitoblarga tayangan holda, VoIP-aloqasi foydalanuvchilari 2010 yilga kelib, 197,2 mln. kishidan ortib ketadi degan taxminlar mavjud. Bu esa 2004 yilning oxiridagi ko‘rsatkichdan 4,8 mln. kishidan qariyib, 40 marta ko‘pdir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq