AXBOROT KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARI YORDAMIDA MUTAXASSISLARNI TANLASH VA BOSHQARISH MASALALARI
11.07.2007
Rukn: Internet.
Muallif: N. Shakirova, M. Sodiqov.

pic
XXI asrga kelib, zamonaviy, innovatsiya texnologiyalaridan foydalanayotgan ilg‘or korxonalar mehnat unumdorligini oshirishda asosiy masala — inson omili ekanligini anglab bormoqdalar. Avvaliga Internetdan ko‘pincha, ish va ishchi-mutaxassislarni izlash uchun foydalanilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, tarmoqda virtual kadrlar agentligini, real kadrlar agentligi saytlarini, e’lon taxtasini, vakansiyalarga ega bo‘lgan kompaniyalarning korporativ saytlarini topish mumkin. Internet yordamida asosan dasturchilar ish topa olgan bo‘lsalar, hozir esa, bu usulni boshqa soha egalari ham o‘zlashtirmoqdalar. Internetning bu boradagi afzalligini ish beruvchilar, kadrlar agentligi, ish izlayotganlar yuqori baholamoqdalar.

Internetning asosiy afzalligi — uning tezkorligi, arzonligi hamda undan ma’lumotlar olishning bepulligidir. Ular har bir nomzodga bo‘lgan talabni batafsil o‘rganish hamda tanlashga imkon yaratadi. Masalan, gazetada e’lon bergandan ko‘ra, Internetda joylashtirish uning samarasi va sifatini oshiradi. Shuningdek, ish beruvchilar ham bu imkoniyatlardan unumli foydalanmoqdalar. Shaxsiy bazalari yetarli bo‘lmagan tashkilotlar mutaxassis topish kerak bo‘lgan hollarda zudlik bilan Internetga murojaat qiladilar. Ko‘pchilik kadrlar agentliklari Internet — personalni topishning asosiy manbaiga aylanmoqda deb, to‘g‘ri hisoblaydilar.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, hozirda marketolog, texnolog, buxgalter, kotiba, bank bo‘yicha mutaxassislar internet orqali tezroq ish topadilar. Shuni ham ta’kidlash joizki, Internet orqali axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya sohalari bo‘yicha mutaxassislarni izlash va ularni aniqlash eng qulay hisoblanadi.

Xususan, Internet orqali ish topish ko‘p vaqt talab qilmaydi. Agar mutaxassis mehnat bozorida so‘rovlardan foydalanmasa yoki ish izlayotgan shaxsga tajriba yetishmasa, unda internetdan ish topish imkoniyati kam bo‘ladi. Ish izlovchi o‘zi haqidagi batafsil ma’lumotlarni tashlab ketishga to‘g‘ri keladi, albatta, ish izlovchi «tajribali dasturchi ish izlayapti» kabi ko‘rinishdagi umumiy so‘zlar bilan chegaralanib qolmaydi. Ish izlashni faol strategiyasini qo‘llaydi. Turli xil bazaga o‘zi haqida qisqacha ma’lumot qoldirish va javobini kutishgina emas, balki bo‘sh o‘rinlar haqidagi e’lonlarga faol tarzda javob qaytarishi kerak bo‘ladi.

Hozircha Internet orqali ish izlash — hali eng yaxshi mehnatni tashkil qilish usuliga aylanmadi. Lekin yaqin yillarda bu «mehnat birjasi» tarmoqlari boshqa ish izlash usullaridan samaraliroq ekanlgini hayotning o‘zi ko‘rsatib beradi deb, umid qilish mumkin. O‘shanda ehtimol, Inetrnet bepul emas, balki pullik bo‘ladi. Kadrlar agentligi Internetda ish izlovchi haqidagi barcha xabarlar yordamida ma’lumotlar omborini muntazam yangilashni va uni baholashni amalga oshiradi. Ish beruvchi nomzod haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni ombordan qidiradi, lekin avval ular uchun pul to‘labgina, manzilni olishi mumkin bo‘ladi. Agar ish beruvchi bepul internetga murojaat qiladigan bo‘lsa, mutaxassisni tanlash va baholash haftalab cheksiz suhbatlardan va izlashdan charchatadigan jarayonga aylanadi. Shundagina pullik ma’lumotlar ombori vaqtni ham, mablag‘ni ham tejash vositasi ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Bugungi kunda Internet orqali turli testlarning o‘tkazilishi yoki videokameralar orqali olib boriladigan suhbatlarning aniqligi nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning sifati yuqori darajada bo‘lishini ta’minlaydi. Virtual «yolg‘on detektorlari»da ish izlayotgan shaxslarni ham testdan o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Aloqa muomalasining yanada taraqqiyoti ular haqidagi operativ ma’lumotlarni xolisona tekshirish imkonini beradi.

Shu yaqin yillarda Internet mehnatni tashkil qilish tizimida asosiy qurolga aylanishi mumkin. Shuning uchun ham ular kadr tanqisligi bilan shug‘ullanuvchi markazlarga buyurtma berganida qanday talablarga javob bera oladigan mutaxassislar majmui kerakligini ochiq bayon etadilar. Markaz bilan tashkilot shartnoma tuzgach, haqiqiy jonli, samarali ish jarayoni boshlanadi. Hozirda mana shunday markazlardan biri «NR — laboratoriya Human Resources» bo‘lib, u faoliyati davomida kompyuter yordamida psixologik metod va testlar asosida tuzilgan, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘z tizimini yaratdi. Bu tizimning bir qator samarali uslublari mavjud. Shular haqida to‘xtalamiz. Bu uslublarning asosiysi: mutaxasis, bilim saviyasini baholash va qobiliyatini aniqlash orqali korxonaga zarur xodimlarni tanlash imkonini yaratishdir. Islohotlarni chuqurlashtirish jarayoni davrida bunday firmalarning tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi korxonalarining kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojini chuqur o‘rganish kerak bo‘ladi. Bunda ish izlayotganlar va ish bilan ta’minlaydiganlar, ya’ni ishchilar va korxona boshqaruvchilari o‘rtasidagi munosabati obyektiv holatining shohidi bo‘lamiz. Bunda munosabatlarning natijaviy sifat ko‘rsatgichiga e’tibor berish lozim. Tadqiqotlar samarali bo‘lishi uchun real ish sifati qandayligi to‘g‘risida obyektiv ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, bir qator takliflarni ishlab chiqdik. Bu esa birlamchi, ikkilamchi va yakuniy ma’lumotlar asosida ish beruvchiga barcha hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini yaratadi. Albatta, ish so‘ragan shaxsning avval ishlagan joyidan berilgan ma’lumotlarga e’tibor beriladi, biroq uning ishga olinishi uchun zarur bo‘lgan o‘z metodimiz asosida olingan natijalarga tayangan holda, ish tutamiz. Bunda axborot texnologiyasining jadal rivoji va Internetning juda qulayligi samarali «Teletest» texnologiyasining joriy qilishimizda juda qo‘l keladi. Shu bilan birga, aloqa va axborotlashtirish personali to‘g‘risida to‘plangan boy materiallar ham ish beradi. Bu xizmatni olib borishimizda buyurtmachi Internet orqali markaz bilan bog‘langanligi uchun pul to‘lamaydi.

Oddiyroq qilib aytganda, bu dastur shartnomaga ko‘ra buyurtmachining kompyuteriga avvaldan kiritilgan bo‘ladi. Bu ma’lumot bilan tanishib chiqqach, buyurtmachining o‘zi ba’zi bir takliflar sifatini aniqlaydi va uni tahlil etib, bir qarorga keladi. Ishlov berilgan ma’lumotlar asosida tuzilgan yakuniy qarori, kun oxirida serverimizga yuboriladi va o‘sha zahotiyoq, markaz uni qayta ishlab, buyurtmada belgilangan ma’lumotlarni buyurtmachiga jo‘natadi.

Bu tizimning ishga tushib ketishi, rivojlanishi, ya’ni foydali xizmatchini axtarish, baholash, tanlay bilish, ist’emolchining, ya’ni nomzodning o‘z aql-idroki va qobiliyatiga bog‘liq deb hisoblaymiz.

Xodimlar haqida to‘la, turli-tuman, maxfiy va aniq ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash natijasida metodimiz mutaxassis mahoratini yuqori talabga javob bera oladigan darajaga olib chiqadi. Umuman olganda, mutaxassis uchun bu bog‘liqlikning omilkorligi global tarmoq — Internetda keng imkoniyatlar ochib beradi. Iste’molchi har qanday kompyuterda kiritilgan parol bilan ketma- ket manziliga, doirada so‘ralayotgan ochiq sahifaga javob bera oladi, ya’ni odam o‘zining to‘liq xavfsiz ekanligini shu bilan birga, natijani obyektiv tarzda olishiga ishonadi.

Hozirda yanada ommabop qulayliklar, ya’ni bo‘sh o‘rinni e’lon qilish, nomzodlarni izlashni ko‘rib chiqishga ruxsat beradigan barcha imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Axborot kommunikatsiya texnologiyalariga tayangan holda, qo‘llamoqchi bo‘lgan tizimimizning quyidagi asosiy doirasini belgilab olamiz:

1) Har qanday mavzu bo‘yicha so‘rovlar, ya’ni xodim, ma’lum nomzod, jamoaning ijtimoiy — psixologik muhitini tashkil qilib, xulqi modeliga mosligi tufayli olingan tayyor andozalarning ro‘yxatini kengaytirish;
2) Baholanadigan shkala, ya’ni bunda odamlarning korxonada maqsadlariga monand ish yurgizishi, yangiliklar kiritishi, korxonaning foyda hajmlarini oshirishdagi roli va boshqa ma’lumotlari ma’lum ko‘rstakichlar bo‘yicha baholanadi, «Shaxsiy xona» degan g‘oyada xodimning aqliy salohiyatini baholash, uning mahorati, iste’dodi, kasbiy bilimi, moslashuvga moyilligi va boshqalar xodimlarni saralashda bosh omil bo‘ladi. Tizimning qulayligi shundaki, axborot ham, lokal tarmoq ham markazning Internet serverida sodir bo‘ladi.

Shu bilan birga, markaz bilan shartnoma tuzgan foydalanuvchi Internetda markaz serveridan qay darajada, necha marotaba foydalanganligini markaz tomonidan nazorat qilib borilishi mumkin. Ko‘pgina Internet — provayderlari qabul qilingan hisoblarni, balans, trafik bo‘yicha ma’lumotlarni «norma bilan ishlash» deb nomlashadi. Mana shu atamaning o‘zi uni shaxsga jo‘natilganligini anglatadi.

Ushbu uslub asosidagi xizmat tizimini kengaytirish uchun «Shaxsiy xona» funksiyasi tarkibiga yangi axtaruvchi yoki markaz orqali mavzuni telekengash bilan chegaralangan masofadagi suhbatni o‘tkazish kabi uslublarni kiritish lozim bo‘ladi.

Menejerning «Shaxsiy xona»sida iste’molchining aqliy salohiyati, qobiliyati, ishga moyilligi, mahorati baholanadi. Shu bilan birga, boshqaruv jarayonining sifatini oshirishga yangi keng yo‘llar ochiladi, iste’molchining iqtisodiy qiymati ham alohida aniqlanadi.
Buning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u mutaxassislarning o‘z kasbiy mahorati yordamida foydali ish olib borilishini aniq baholashga yordam beradi va ma’lum bir ma’noda ishsizlikning kamayishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu tizimning aloqa va axborotlashtirish korxonalarida qo‘llash O‘zbekiston iqtisodiy sharoitida inson salohiyatidan yanada unumli foydalanish istiqbollarini ochib beradi.

pic

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq