Ta’lim -fan-ishlab chiqarish tizimini mukammallashtirish muhim masala
04.07.2007
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Nigmatulla Mo'minov.

pic
O‘tgan asrning 50-60 yillari jahon ta’lim sohasining rivojida alohida o‘rin tutgan. Ta’lim ilmiy-texnikaviy taraqqiyotning asosiy omili va uni egallashga har bir fuqaro huquqli deb qabul qilingan. Shu tariqa jamiyatda oliy ma’lumotga bo‘lgan ehtiyoj va intilish o‘sib boravergan. Oliy o‘quv yurti jamiyatning ishlab chiqarish bilan bir qatordagi bo‘lagiga aylanaborgan.

Ma’lumki, jamiyatning rivojlanish qonuniyatlari birinchi navbatda, moddiy ishlab chiqarishning o‘sishi oliy o‘quv yurtlarining rivojlanishiga bevosita ta’sir etadi. Shu sababli ham oliy o‘quv yurtining jamiyat rivojlanishidagi integratsiyasi muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumki, integratsiyaning quyidagi jarayonlari mavjud:

• o‘z ichiga iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa ko‘rinishlarni qamrab olgan davlatlararo integratsiya;
• konsentratsiya, kooperatsiya ko‘rinishidagi va o‘z ichiga sanoat, agrosanoat, ilmiy-ishlab chiqarish komplekslarini qamrab oluvchi ishlab chiqarish integratsiyasi;
• bilimning turli xil shakldagi birlashuvi;
• bilimning, fanlararo tadqiqotlarni, ilmlararo kooperatsiya va fanning ishlab chiqarish bilan mujassamlangan turli xil shakldagi fan integratsiyasi;
• ijtimoiy integratsiya.

Integrallashtirish samarasi rivojlanayotgan turli xil elementlarning o‘zaro uyg‘unlashuvi bo‘lib hisoblanadi. Elementlararo ichki aloqalarning kompleksliligi, epchiligi o‘z navbatida, markazlashtirilgan boshqaruv omillarining kuchsizlanishiga va o‘zini-o‘zi boshqaruv omilining o‘sishiga olib keladi. Elementlararo aloqaning optimal tarqalishi yangi samarani kelib chiqishiga olib keladi. Shunday qilib, universallashtirish u yoki bu xususiyat va vazifalar miqdorining o‘sishi, uyg‘unlashtirish jarayoni esa sifat ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi. Universallashtirish va uyg‘unlashtirish ko‘rinishlari albatta, oliy o‘quv yurtlarida ham namoyon bo‘ladi. Bu yerda asosiy element kelajak mutaxassisi va uni shakllantirish talab vositalari (o‘quv qo‘llanma, o‘quv jarayonining shakl va usullari, o‘qitishning texnik vositalari, ilmiy-tadqiqot ishlari)dir.

Shu tufayli mutaxassislarni tayyorlashni intensifikatsiyalashdagi integrativ omillar bu universallashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘lib hisoblanadi. Oliy o‘quv yurtidagi integratsiya jarayonlari mazmunan jamiyatdagi integratsiyaga o‘xshashdir. Ishlab chiqarish va fan sohasidagi integratsiya jarayonlari oliy o‘quv yurtlaridagi integratsiya jarayonidan kuchliroqdir. Chunki korxona va ilmiy tadqiqot muassasalari oliy o‘quv yurti mahsulotlariga buyurtmachi va iste’molchi bo‘lib hisoblanadi.

Mutaxassislar tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan integrativ holat jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishning tezlashishiga muvofiqlashib borishi zarur. Keng miqyosdagi mutaxassis salohiyati asosan uning ko‘p qirrali tarzda tayyorlanganligi va ilmiy, amaliy muammolarni hal etishda uyg‘unlik bo‘lib hisoblanadi. Bunday mutaxassis chuqur nazariy va amaliy bilimga ega bo‘lib, fan bilan ishlab chiqarishdagi muammolarni hal etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Oliy o‘quv yurtlarida barcha metodik vositalar bilan ta’minlash masalasi kundalik vazifaga aylanib bormoqda. Texnik vositalar esa kompyuterlarni qo‘llash asosida mukammallashib bormoqda. O‘quv jarayonidagi integratsiyani kuchaytirishning muhim shartlaridan biri oliy o‘quv yurtlariaro kooperatsiya, ikkinchisi esa fan va ishlab chiqarish bo‘yicha integratsiya bo‘lib hisoblanadi. Masalan, agar oliy o‘quv yurti ichidagi kooperatsiya o‘z ichiga kafedralararo va fakultetlararo o‘quv tadqiqot, kompyuterlardan jamoa tarzida foydalanish, o‘qitishning zamonaviy vosita va uslublarini joriy etishga oid maxsus xizmatlardan foydalanish bo‘lsa, oliy o‘quv yurtlariaro kooperatsiya esa ilmiy tadqiqotlarga xizmat qiluvchi oliy o‘quv yurtlariaro markazlar (eksperimental bazasi bilan birga, tajriba-konstruktorlik byurolar, laboratoriyalar majmuasi, hisoblash texnikasi, ilmiy-texnikaviy axborot va shu kabilarni birlashtiruvchi)ni tashkil etish bo‘lib hisoblanadi.

Oliy o‘quv yurtlarining ishlab chiqarish va fan bilan ijodiy hamkorligining rivojlanishi muhim masalalardan biri hisoblanib kelmoqda. Ushbu masalaning hal etilishi mutaxassislarni birgalikda shakllantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish, mutaxassislarni rejalashtirish, taqsimlash, ulardan foydalanish yo‘lidan olib borilmoqda. Aloqalarning kuchayishi kadrlarni moddiy-texnika bazalari (asbob-uskunalar, ishlab chiqarish maydonlari)ni maqsadli birlashtirish yo‘llanmasida rivojlanmoqda. Ishlab chiqarishda kafedralar filiallari tashkil etilmoqda. Yosh mutaxassislar va ularning mehnat faoliyatidagi qarama-qarshilik mutaxassisning ta’lim olish jarayonidagi ishlab chiqarish va fanlararo integratsiyasining qanday tashkil etilganligiga bog‘liq. Agar ta’lim jarayonidagi integratsiya talab darajasida bo‘lmasa, u holda mutaxassisning mehnat faoliyatiga moslashuv muddati cho‘zilib ketadi. Hozirgi zamon ishlab chiqarishi mutaxassisdan olingan bilimlarni keng miqyosda qo‘llashni taqozo etadi. Yosh mutaxassislar va ularning mehnat faoliyatidagi qarama-qarshilikning kuchayishida ishlab chiqarishning roli beqiyosdir. Agar ishlab chiqarish yosh mutaxassisga muhtoj bo‘lsa, mutaxassis oliy o‘quv yurtini bitirmasdan avval muloqotda bo‘lishi, bilimini sinovdan o‘tkazishi, ko‘nikma hosil qildirishga sharoit yaratishi kerak. Ishlab chiqarishdagi xodimlar bandliklarini pesh qilib, yosh mutaxassislar bilan tajriba va ko‘nikmalarini shakllantirish b’yicha ustozlikni amalga oshirishga intilishmaydi. Shuning uchun o‘quv jarayonining o‘ziga fan va ishlab chiqarish xodimlarini iloji boricha, jumladan, ma’ruza o‘qish, amaliy mashg‘ulotlarni olib borish, ekskursiyalar tashkil etish, xolis suhbatlar o‘tkazish, to‘garaklar tashkil etish, u yoki bu grant, loyihalariga jalb qilish va shu kabilarga ko‘proq jalb etish maqsadga muvofiqdir. Bu esa o‘z navbatida, o‘quv jarayonini rejalashtirishga o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, o‘rta maxsus kasb- hunar ta’limi markazi muassasalari kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash maqsadida tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlar asosida olib boriladigan mashg‘ulotlar nazariya va amaliyot o‘rtasidagi mutanosiblik hamda ko‘nikmani ta’minlaydi. TATU qoshidagi markaz yo‘nalishi o‘qitishning interaktiv metodlarini, Internetning global tarmog‘idan foydalangan holda, pedagoglarning, mutaxassislarning, ARM rahbarlarining tanqidiy hamda ijodiy tafakkurini rag‘batlantirishga, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan.

Ushbu markaz informatika va axborot texnologiyalari, oliy ta’lim fanlari va ARM yo‘nalishida zamonaviy axborot texnologiyalari hamda avtomatlashtirilgan axborot resurslari, barcha turdagi oliy o‘quv yurtlari, muassasalar hamda vazirlik, idoralar xodimlarini malaka oshirish, qayta tayyorlash ishtiyoqi va istagini hozirjavoblik bilan qondirishga hamda ular bilan hamkorlikda ishlashga tayyordir. Mazkur markaz o‘z faoliyatida eng iqtidorli, tajribali akademiklar, professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi-mutaxassislarning ko‘magidan foydalanadi.

ARMning tashkil etilishi va rivojlantirilishida fan va ishlab chiqarish bilan aloqani kuchaytirish muhim ahamiyat kashf etadi, albatta, ARM rahbarlari faqatgina mavjud kitoblar, darsliklar, qo‘llanmalar, risolalar, resurslarga tayanib emas, balki turli xil sohalardagi mutaxassislarga, fuqarolarga kerak bo‘ladigan ma’lumotlar bazasini yaratish bilan ham shug‘ullanishlari kerak. Mamlakatimiz istiqloli bilan vaqtincha paydo bo‘lgan «axborot bo‘shlig‘i»ni tugatish jarayoni davom etmoqda.

Respublikamiz Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida Respublika bo‘yicha mingga yaqin ARMlari tashkil etildi. Ushbu ARMlar Prezidentimiz qarorida belgilangandagidek, ma’lumot bazalarini tashkil etish va aholiga, mutaxassislarga, tadbirkorlarga talab etilgan darajada axborot resurslarini tayyorlab berishlari taqozo etiladi. Ma’lumotlar bazalarini tashkil etishda o‘ziga xos tizim yaratilishi va bu tizim bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Ya’ni aholiga, mutaxassislarga, tadbirkorlarga qanday axborotlar kerakligi nuqtai nazaridan masalan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha (jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligi va h.k.) ketma-ketlik tuzib chiqilishi talab etiladi. Agar tadbirkor u yoki bu ARMga u yoki bu zamonaviy texnologiya bo‘yicha murojaat qilsa, eng so‘nggi yutuqlarga asoslangan ma’lumotni ola bilishi va ish faoliyatida foydalana olishiga sharoit tug‘dirilishi kerak. Ana shundagina axborot resursidan foydalanish mazmun mohiyati bilan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos tushishi va o‘z navbatida, ARM byudjetdan tashqari, mablag‘larga ega bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa ARMlar fan, ishlab chiqrish davlat va nodavlat korxonalari bilan chambarchas aloqa bog‘lab ish yuritishlari taqozo etiladi. Xalq xo‘jaligi tarmoqlari oliy o‘quv yurti bilan ishlab chiqarishning integratsiyasiga alohida e’tibor qaratishlari va bu ishni jamiyat rivojlanishidagi muhim omillardan biri deb hisoblashlari talab qilinadi. Oliy o‘quv yurtini fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasining muhim maqsadlaridan biri mutaxassislarni shakllantirish uchun o‘zaro kelishgan tarzda ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash, g‘oyaviy-siyosiy, madaniy-tarbiyaviy, sport, dam olish va shu kabi ishlarni rivojlantirish bo‘lib hisoblanadi.

Oliy o‘quv yurtlari uchun ishlab-chiqarish ilmiy muassasalar bilan integratsiyani rivojlantirishda kapital qurilish, o‘quv-ilmiy maqsadlar uchun ma’lum miqdorda mablag‘ olish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, olib boriladigan xo‘jalik shartnomalaridan tushadigan daromadning asosiy qismini moddiy-texnika bazani rivojlantirishga yo‘naltirish ham nazarda tutiladi.

O‘quv jarayonida korxonaning moddiy-texnika bazasidan foydalanish yosh mutaxassislarni tayyorlash uchun sarflanadigan xalq xo‘jaligi xarajatlarini bir necha marta kamaytirishga olib kelishi mumkin. Ushbu masalalarni hal etilishida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi olib borayotgan ishlarni yaqqol misol qilib keltirish mumkin. Agentlik tasarrufidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) agentlik tarkibidagi hamma korxona, muassasalar bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatgan bo‘lib, kafedra filiallari tashkil etilgan, agentlik TATUning kapital qurilishlariga, binolari ta’miriga, barkamol yosh avlodni tarbiyalashdek muhim ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. O‘zbektelekom bir necha yil davomida TATU talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalarga bepul tushlik tashkil etishga, moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Oliy o‘quv yurtini ishlab chiqarish va fan dargohlari bilan integratsiyasini kuchayishi tabiiy tarzda kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish sifatini oshirishga ham bilvosita ta’sir etadi. Bir so‘z bilan aytganda, «ta’lim-fan-ishlab chiqarish» tizimini mukammallashtirish hozirgi kun talabi desak, xato bo‘lmaydi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq