MALAKALI KADRLAR TARAQQIYOT GAROVI
03.05.2007
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

pic
Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU) qoshida «Kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish markazi» faoliyat yuritib kelmoqda. Muxbirimiz markaz direktori, texnika fanlari doktori, professor Ne’matilla Abdullaevich Mo‘minov bilan suhbatda bo‘ldi. E’tiboringizga ana shu suhbatni havola etmoqdamiz.

Ne’matilla Abdullaevich, Siz rahbarlik qilayotgan «Kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish markazi» faoliyati haqida ma’lumot bersangiz?

Ma’lumki, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasi va sifatini yanada ko‘tarish, o‘quv-metodik va axborot ta’minotini mustahkamlash, shuningdek, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablariga muvofiq respublika muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 16 fevral 2006 yilda 25 sonli «Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan edi. Ushbu qarorni amalga oshirish maqsadida 2006 yilda TATUda malaka oshirish fakulteti tashkil etilgan bo‘lib, bir yo‘la TATUning Qarshi, Samarqand, Farg‘ona, Urgench, Nukus filiallarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va oliy ta’lim fanlari yo‘nalishlarida malaka oshirish ishlari boshlab yuborilgan edi. 2007 yil yanvar oyidan boshlab, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi roziliklari asosida «Kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish markazi» faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘tgan yili TATU va uning hududiy filiallarida ish faoliyati natijalari qanday bo‘ldi?

— 2006 yilda TATUda 154 ta, Qarshi filialida 18 ta, Samarqand filialida 145 ta, Farg‘ona filialida 127 ta, Urganch filialida 82 ta, Nukus filialida 185 ta tinglovchilar malaka oshirishdi. Malaka oshiruvchilar sifatli ta’lim olishlari uchun sarflanuvchi mablag‘lar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ta’minlandi.

2007 yil uchun tuzilgan o‘quv rejalari borasida ma’lumot bersangiz.

— 2007 yilgi o‘quv rejalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyundagi «Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarori, 2005 yil 8 iyuldagi «Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 27 dekabrdagi 292 sonli «Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishning 2007 yilgi rejasi to‘g‘risida»gi buyrug‘i, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazining «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi va qayta tayyorlash muassasalari uchun o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yo‘riqnoma»si va O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «Oliy va o‘rta maxsus, ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlari faoliyatiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami»ga asoslanib, «Informatika va axborot texnologiyalari», «oliy ta’lim fanlari», «axborot-resurs markazlari rahbarlari» malaka oshirish va «informatika» yo‘nalishlarida qayta tayyorlashga oid o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan.

Ushbu o‘quv reja va dasturlar asosida dars berish uchun muhim ahamiyatga molik bo‘lgan qator fanlar turkumi ishlab chiqildi. Ushbu turkum fanlar mazmunan va tarkibiy jihatdan horijiy andozalarga mos tushadi va bir necha o‘quv kurslarida sinovdan o‘tkazilgan. Markazga jalb etilgan akademiklar, professor-o‘qituvchilar mazkur fanlarni yanada boyitib borish va uslubiy jihatdan takomillashtirish borasida muttasil ish olib bormoqdalar. Markazdagi asosiy o‘quv kurslari 36 soat, 72 soat, 144 soatga mo‘ljallangan.

Ushbu o‘quv reja qanday fanlar yo‘nalishlarini o‘z tarkibiga kiritgan?

Rejalarga quyidagi fanlar va yo‘nalishlar kiradi:
• axborot texnologiyalari;
• axborot tizimi asoslari;
• axborot-kommunikatsiya texnologiyalari;
• internet asoslari;
• kompyuterning yaratilish tarixi;
• shaxsiy kompyuterning tuzilishi va tarkibi;
• axborot va kompyuter;
• kompyuterning dasturiy ta’minoti;
• WINDOWS;
• INTERNET;
• inson, komyuter va tashqi muhit;
• axborotlashtirishning oliy va kasb-hunar ta’limidagi o‘rni;
• axborot xavfsizligi va uni ta’minlash yo‘llari;
• axborotlashtirish va kommunikatsiyaning istiqbol yo‘nalishlari;
• axborotlashtirish, rahbarlik qobiliyatini shakllantirish, axborot resurslarining mohiyati;
• umumiy bibliografiya nazariyasi, uslubiyati;
• hujjatshunoslik nazariyasi va amaliyoti;
• avtomatlashtirilgan axborot-resurs tarkibi;
• elektron hujjatlarni kataloglashtirish va zamonaviy kataloglashtirish texnologiyalari;
• masofadan turib, kutubxona servis xizmatlarini ko‘rsatish;
• avtomatlashtirilgan ish joylarini yaratish tamoyillari;
• axborot-resurs markazi hodimining avtomatlashtirilgan ish joyi.

— Oldinga qo‘yilgan rejalar, maqsad va vazifalaringiz haqida qisqacha, to‘xtalsangiz.

Markazning maqsadi mehnat bozori, shaxs, davlat va jamiyatning o‘zgaruvchan ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli kasbiy faoliyat ko‘rsatish uchun kadrlarning madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy, kasbiy bilim ko‘nikma va malakalarini oshirish yoki yangi kasbiy bilim, ko‘nikmalar egallashga yo‘naltirish uchun kadrlarni qayta tayyorlashdan iborat. Ko‘zlangan maqsadga muvofiq, markaz oldiga quyidagi asosiy vazifalar qo‘yiladi:

pic

• TATU salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash va malakalarini oshirishni rejalashtirish:
• informatika va axborot texnologiyalari;
• oliy ta’lim fanlari bo‘yicha (axborot xavfsizligi, elektron tijorat, telekommunikatsiya), kasbiy ta’lim (telekommunikatsiya), radio-texnika, televidenie, radio aloqa va radio eshittirish,
• mobil aloqa tizimlari, iqtisodiyot (tarmoqlar bo‘yicha), menejment (sohalar bo‘yicha), pochta xizmati;
• axborot-resurs markazlari rahbar hodimlari;
• kadrlarni qayta tayyorlash, malaka oshirish ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha marketing izlanishlarini o‘tkazish, istiqbol va joriy rejalarni ishlab chiqish;
• qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo‘yilgan davlat talablariga muvofiq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshiruvchi (qayta tayyorgarlikdan o‘tuvchi) pedagogning bilim va ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablarini shakllantirish, ular asosida o‘quv rejasi va dasturlarni ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlashga kiritish;
• qayta tayyorlash va malaka oshirishga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish;
• tinglovchilar uchun zaruriy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, didaktik vositalar va tarqatma materiallar ishlab chiqish;
• tinglovchilar bilimini muntazam va yakuniy nazorat qilish hamda baholashning holis, tezkor usullarini ishlab chiqish va qo‘llash;
• tinglovchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish;
• ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish orqali byudjetdan tashqari mablag‘lar topishni yo‘lga qo‘yish;
• kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi uslubiyatini takomillashtirish hamda yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan ilmiy-uslubiy tadqiqotlarni o‘tkazish.

Ta’limda asosiy tamoyillar nimalardan iborat?

Zamonaviy qayta tayyorlash, malaka oshirish mantiqan va uslubiy jihatdan kun sayin rivojlanib, mukammallashib, takomillashib bormoqda. Tahsil olishning imkon qadar tez va samarali uslublari, shakllarini tanlashda ilg‘or o‘qitish sharoitini yaratish, mashg‘ulot olib boruvchi va tinglovchi o‘rtasidagi munosabatni hamkorlik, oshkoralik asosida olib borish, bahslashuvchi tinglovchini hamfikr, maslakdoshga aylantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan markazda ta’lim berishda quyidagi tamoyillar asos qilib olingan:
• qayta tayyorlash va malaka oshirishdan nazarda tutilgan asosiy maqsad o‘qitish emas, balki o‘rgatishdir, muhimi olingan bilimni amalda qo‘llay olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishdir.
• oxirgi maqsad muassasalarda ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga, Respublika mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo‘shishga erishishdir.
• sun’iy tarzda ko‘p ma’lumot bermasdan e’tiborni mavzuning asosiga qaratish.
• yangi olgan bilim va ko‘nikmalarni bevosita ish joyida qo‘llay olish rejasini tuzish va tinglovchilarga ko‘mak berish uchun vaqt va imkon yaratish.
• tinglovchilarga o‘rgatishni nafaqat «o‘quv kurslari mobaynida» balki «mashg‘ulotlar boshlanguncha» va «mashg‘ulotdan keyin» ham amalga oshirish.

Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, kadrlarni qayta tayyorlash, ular malakasini oshirishda sohalararo, muassasalar, korxonalar hamda oliy o‘quv yurtlari, o‘rta ta’lim muassasalariaro integrasiya muhim ahamiyat kasb etadi.

Nihoyat, O‘zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish agentligi tasarrufidagi TATU qoshidagi «Kadrlarni qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish markazi» mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘p qirrali hamda hal etuvchi islohotlarga o‘z tashabbusi va shijoati bilan munosib hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan, befarq tura olmaydigan iqtidorli axborot-resurs markazlari rahbarlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi mutaxassislarni markazimizga taklif etishdan g‘oyat mamnunmiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq