Axborot-kutubxona va axborot-resurslar markazlari uchun zamonaviy texnika, texnologiya hamda dasturiy ta’minot
11.04.2007
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Ulug'bek Karimov, Aleksey Melnikov.

pic
Kutubxonachilik sohasida axborot texnologiyalarini tatbiq qilishning muhimligi Respublika Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorida o‘z ifodasini topgan [O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida». Ma’rifat, 2006 y. 21 iyun № 49 (7866)]. Qarorga muvofiq, viloyatlardagi ilmiy-universal kutubxonalar negizida axborot-kutubxona markazlari (AKM) hamda tuman, shahar va qishloqlardagi ommaviy kutubxonalar negizida axborot-resurs markazlari (ARM) tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Mazkur AKM va ARM lar zimmasiga aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish, kitobxonlarning ilmiy, ta’lim, axborot, madaniyat va biznes sohasidagi qiziqishlarini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tezkorlik bilan qondirish; kitobxonlarga an’anaviy kutubxona xizmati ko‘rsatishdan o‘z axborot resurslarini yaratish va jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini berish yo‘li bilan axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishga o‘tishni ta’minlash; yig‘ma elektron katalog yordamida axborot resurslarini birlashtiruvchi elektron kutubxonalar va ma’lumot bazalarini yaratish kabi bir qator vazifalar yuklatilgan. Albatta, bunday vazifalarni bajarish uchun AKM va AKM lar texnik, dasturiy, axborot, lingvistik, tashkiliy-texnologik hamda kadrlar ta’minotiga ega bo‘lishi kerak [Umarov A.A. Mamlakat kutubxonachiligi islohotlar yo‘lida: muammolar va yechimlar// Fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida internet va kutubxona-axborot resurslaridan foydalanish. To‘rtinchi xalqaro konferensiya materiallari. — T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi.-2006.- 10-15 b.]. An’anaviy kutubxonalar uchun kompyuter va boshqa bir qator texnika vositalarini sotib olish, kutubxonada lokal tarmoq barpo qilish hamda internet tarmog‘iga ulanish bilangina cheklanib, AKM va ARM yaratdek deb o‘ylash xatodir, zero zamonaviy talablarga javob beruvchi AKM va ARM larini barpo qilish o‘ta murakkab va ancha mablag‘ hamda vaqt talab qilinadigan ishlardandir. AKM va ARM lar barpo qilishdagi muammolarni tushunmaslik oqibatida noto‘g‘ri qarorlar qabul qilish, Qarorda ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarishga to‘sqinlik qiladi. Bugungi kunda kutubxonalar uchun faqat texnika vositalarini sotib olish, o‘rnatish, kutubxonada lokal tarmoq yaratish, Internet tarmog‘iga ulash bilan cheklanib, AKM va ARM yaratdik deb o‘ylash mutlaqo noto‘g‘ridir. Matbuotda, radioda va televidenie orqali O‘zbekistonda AKM va ARM yaratildi deb bong urayotganlar qo‘yilgan masalaning mohiyatiga tushunganmikanlar? Kutubxonaga texnika vositalarini sotib olish bilangina AKM va ARM lar barpo bo‘lmaydiku. Zamon talabiga javob beruvchi AKM va ARM yaratish uchun dastlab qanday ishlarni bajarish zarur? Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishda qanday texnika va texnologiyalar hamda dasturiy vositalardan foydalanish talab qilinadi? Maqolamizda ana shunday dolzarb savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishda dasturiy ta’minotning o‘rni beqiyosdir. Kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtiruvchi tizimlar bozorining tahlili [4.Karimov U. Elektron bibliografik resurslar yaratish texnologiyasi va manbalari. T.: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyoti, 2006 . — 194 b.] da batafsil keltirilgan. Bizga ma’lumki, avtomatlashtirilgan kutubxona-axborot tizimi (AKAT) o‘zaro yagona ma’lumotlar bazasi orqali bog‘langan bir necha (dasturiy, texnik, axborot, lingvistik, tashkiliy-texnologik va kadrlar) ta’minotlardan iborat. Ana’naviy kutubxonada ushbu ta’minotlar tizimini yaratmasdan turib, AKM va ARM yaratish hech qanday samara bermaydi. AKM va ARM lar barpo qilinishi va ular to‘laqonli faoliyat yuritishlari uchun kutubxonadagi quyidagi asosiy jarayonlar avtomatlashtirilishi zarur:
• kutubxonaga qabul qilinayotgan yangi hujjatlarga avtomatik tarzda (texnik va ilmiy) ishlov berish;
• kartotekalarni, nashrlar ro‘yxatini, buyurtmalarni, xatlarni, hisobot hujjatlarini tayyorlash;
• qabul qilinayotgan hujjatlarning ma’lumotlar bazasini yaratish;
• turli mavzudagi adabiyotlar arxivini yaratish va undan nusxa olish bo‘yicha operatsiyalarni bajarish;
• kitobxonlar so‘roviga mos holda bibliografik tasvirning barcha elementlari bo‘yicha qidiruvni bajarish;
• kutubxonaning axborot va davriy nashrlarining ma’lumotlar bazalari orqali xizmat ko‘rsatish;
• jurnal maqolalarining bibliografik tavsiflari massivini yuritish;
• elektron ma’lumotnomalar yaratish;
• berilgan adabiyotlarni nazorat qilish;
• kitobxonlar va ularning formulyarlarini hisobga olish;
• berilgan adabiyotlarni kitobxonning formulyariga avtomatik tarzda yozib qo‘yish;
• kitoblarni o‘z vaqtida qaytarib berilishini nazorat qilish;
• kutubxona elektron katalogini shakllantirish, yuritish.

Yuqorida ko‘rsatilgan kutubxonadagi asosiy jarayonlar avtomatlashtirilgach AKM va ARM larida quyidagi imkoniyatlar paydo bo‘ladi:
• axborot qidiruvi tezligi oshadi;
• ma’lumotlarni bir marotaba kiritish va ulardan hujjatlarni ko‘p maqsadli qidirishda foydalanish, tanlangan axborotlarni bosib chiqarish, ma’lumotlar massivlarini boshqa foydalanuvchilarga uzatish, nashrlarni tayyorlash va boshqalar;
• turli belgilariga ko‘ra va ularning kombinatsiyalari yordamida qo‘shimcha kartoteka va ko‘rsatkichlardan foydalanmay ko‘p aspektli qidiruvni bajarish;
• o‘z kutubxonasidagi kompyuterdan foydalanib, tarmoq va kommunikatsiya vositalari yordamida boshqa kutubxona kataloglaridan va yig‘ma katalogda qidiruvni bajarish. Katta hajimdagi ma’lumotlar bazalari joylashgan optik disklarda qidiruvni bajarish va kerakli ma’lumotlarni olish;
• kutubxona fondini butlashda nashriyotlar va kitob savdosi tashkilotlarining ma’lumotlar bazalari asosida buyurtmalarni avtomatik ravishda shakllantirish va ularni bajarilishini tashkil qilish;
• kutubxonadagi barcha jarayonlarni, jumladan, kitobxonalarga xizmat ko‘rsatishni ham, hisobga olish va kutubxona statistikasini yuritish;
• kutubxona kataloglarini bir necha nusxada ishonchli saqlash;
• kutubxonaga qabul qilinayotgan hujjatlar oqimiga ishlov berish va fondni butlash xarajatlarini qisqartirish;
• yangi axborot manbalari jalb qilish hisobiga iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish doirasini kengaytirish.

Kutubxonadagi barcha asosiy jarayonlar (axborotlarni yig‘ish, ishlov berish, saqlash, qidirish, uzatish) avtomatlashtirilgach elektron kutubxona yaratish uchun zamin hozirlangan bo‘ladi va barcha asosiy kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirgan kutubxona Internet yoki Intranet orqali Elektron kutubxona xizmatini yo‘lga qo‘ya oladi. Eng asosiysi, kutubxonalarni avtomatlashtirish, kitobxonlarini Vatan va jahon axborotlar fazosiga chiqishini ta’minlaydi. Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, kutubxonalarni avtomatlashtirish jamiyatni axborotlashtirishning muhim bir bosqichi ekan.

pic

Bugungi kunda kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan bir qator kutubxonalarni avtomatlashtiruvchi tazimlar mavjudki, ularda quyidagi funksional bo‘limlar mavjud:
• kataloglashtirish, elektron katalog (EK), ma’lumot-bibliografik xizmat;
• optik disklardagi yoki boshqa kutubxonalardagi EK larning ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda, bibliografik xizmat ko‘rsatish;
• kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish (kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob berish, qaytarib olish va boshqalar);
• kitob almashishni ham o‘z ichiga oluvchi fondni butlash;
• davriy nashrlarni ro‘yxatga olish va unga mos EK ni yuritish;
• kutubxonalararo abonement;
• avtomatlashtirilgan tarzda bibliografik nashrlarni tayyorlash (katalog kartochkalarini ham tayyorlash);
• kutubxonani boshqaruv (hisobga olish, statistika, kadrlar, buxgalteriya va boshqalar).

Kutubxonadagi asosiy axborot jarayonlarni avtomatlashtirish AKM va ARM barpo qilishda muhim bosqich hisoblanadi, odatda dastlab, kutubxona fondini o‘zida aks ettiruvchi elektron katalog bazasini shakllantirish bilan ish boshlanadi.

Shunday qilib, biz AKM va ARM barpo qilishda dastlab avtomatlashtirilishi kerak bo‘lgan asosiy kutubxona texnologiyalarini ko‘rib chiqdik va bu jarayonlar avtomatlashtirilmasdan AKM va ARM yaratish mumkin emasligiga ishonch hosil qildik. Ammo kutubxonada biz yuqorida ko‘rib o‘tgan jarayonlardan tashqari ham bir qator jarayonlar borki, ularni ham avtomatlashtirmay turib, kutubxonani to‘liq avtomatlashtirishga erishish mumkin emas. Keyingi yillarda RFID (radio to‘lqinli identifikatsiya) texnologiyasini kutubxonalarda tatbiq qilish to‘g‘risida ko‘plab axborotlar e’lon qilinmoqda, jumladan, Qrimda va Moskva viloyatining Zvenegorod shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalarda, RFID texnologiyasini kutubxonalarda tatbiq qilish bo‘yicha bir qator taqdimotlar ilmiy ma’ruzalar qilindi.

RFID texnologiyasi nima ekanligini shtrix kod texnologiyasi misolida tushuntirishga harakat qilamiz. RFID texnologiyasi mohiyati bo‘yicha bir oz shtrix kod texnologiyasiga uxshab ketadi, ammo RFID ning bir qator afzalliklari bor. Qanday? Bularni aniqlashga harakat qilamiz. Rivojlangan mamlakatlar kutubxonalarida ishlatilayotgan shtrix kod texnologiyasi o‘z vaqtida kutubxonachilarga beminnat yordam ko‘rsatib kelgan, shtrix kod texnologiyasi yordamida kitob berish va qaytarib olish jarayonlari tezlashgan, xatolar soni sezilarli darajada kamaygan. Bularning barchasi, kitobxonlarga berilayotgan va qaytarib olinayotgan har bir kitob to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lda yozish zaruratini cheklash va ayni paytda bu operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kompyuter xotirasiga avtomatik ravishda kiritish mikoniyatini berar edi. Bu jarayonlarni avtomatlashtirishda shtrix kod texnologiyalaridan unumli foydalanilgan. Mazkur texnologiya yordamida kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishda muhim bir muammo hal qilindi, ya’ni kitob berish va qaytarib olish jarayonlari, har bir kitobga biriktirilgan shtrix kod shaklidagi axborotlarni skaner qurilmasi yordamida o‘qish orqali, avtomatlashtirildi.

Dastlab, shtrix kod texnologiyalarini kutubxona jarayonlariga tatbiq qilish, kutubxonadagi barcha jarayonlarni avtomatlashtirgandek tuyuldi. Ammo, kutubxonalarda avtomatlashtirilmagan yana ikki jiddiy muammo bor ediki bulardan birinchisi kutubxonalarda o‘tkaziladigan inventarizatsiya jarayoni, ikkinchisi esa KBK, UDK yoki boshqa biror bir klassifikatsiyalash tizimi asosida joylashtirilgan fonddagi o‘z joyiga qo‘yilmagan kitoblarni qidirish va o‘z joyiga qo‘yish muammosi edi. Kutubxonachilarga ma’lumki kutubxona fondidagi har bir kitob o‘z (adresiga) o‘rniga ega, o‘z o‘rniga qo‘yilmagan kitob odatda kitobxonlar uchun yo‘qotilgan hisoblanadi va u navbatdagi inventarizatsiya paytida topiladi va o‘z joyiga qo‘yiladi. Bundan tashqari, keyingi paytda ko‘plab kutubxonalar «ochiq fond» tartibida ishlamoqdalar. Bunday holda fondlardan kitoblarning yo‘qolishi ko‘payyadi, ya’ni kitoblarni «kitob o‘g‘rilaridan» himoya qilish ehtiyoji tug‘iladi. Bunday muammolarni shtrix kod texnologiyasi hal qila olmas edi.

pic

Fondda, bevosita har bir kitobga kontaktsiz, ma’lum bir masofadan turib identifikatsiyalash orqali inventarizatsiya o‘tkazish, inventarizatsiya jarayonini tezlashtirishning yagona usuli hisoblanadi. Kutubxona fondini inventarizatsiya qilish bu kutubxonada eng uzoq davom etadigan jarayondir. Bunda tokchadagi har bir kitob qo‘lga olinib u identifikatsiya qilinadi va o‘z joyiga qo‘yiladi. Demak, kutubxonadagi har bir kitob qo‘l bilan ushlanib, tegishli ma’lumotlar taqqoslanib so‘ngra kitob o‘z urniga qo‘ilishi kerak. Kutubxona fondida 10 000 — 15 000 kitob bo‘lganda bu shni bajarish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ammo, fonddagi kitoblar soni 100 000 — 1 000 000 bo‘lgandachi? Bunday holda inventarizatsiya bir necha oyga cho‘zilishi mumkin. Inventarizatsiya uchun qancha vaqt ketadi? O‘z joyiga qo‘yilmagan kitoblar odatda, kitobxonlar uchun yo‘qotilgan hisoblanadi, chunki so‘rovni bajarayotgan kutubxonachi kitobni maxsus shifr bo‘yicha izlaydi, kitobni o‘z o‘rnidan topmagach, kitobxon so‘roviga rad javobini beradi. Bunday hol katta fondga ega va «ochiq fond» tartibida ishlayotgan kutubxonalarda ko‘p uchraydi. Chunki «ochiq fond» tartibida ishlayotgan kutubxonalardan foydalanayotgan kitobxonlarning kitobni o‘z o‘rniga qo‘ymaslik ehtimoli katta bo‘ladi. Masalan, Vatikan kutubxonasining «nodir kitoblar» bo‘limi fondida 2 000 000 saqlash birligi hajmida kitob saqlanadi. Bu yerda o‘z o‘rniga qo‘yilmagan kitoblarni izlash muammosi juda oson hal qilingan, ya’ni o‘z o‘rniga qo‘yilmagan kitob faqat navbatdagi invertarizatsiya paytida topilib, o‘z joyiga qo‘yilgan. Kutubxonaning «ochiq fond» tartibida ishlashining afzalliklari bilan bir qatorda kamchiliklari ham bor. Bunday tartibda ishlaydigan kutubxonalar fond xavfsizligini to‘liq ta’minlashlari lozim. Buning uchun shtrix kod texnologiyasidan tashqari, har bir kitobga o‘g‘rilanishga qarshi metka o‘rnatilishi va kitob berish kafedrasida bu metkalar faolsizlantirilishi kerak. Bunday holda kitobxonlarga mustaqil ravishda xizmat ko‘rsatish stansiyalaridan foydalanish imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. Shu sababli ham bu sohadagi barcha tajribalar muvofaqiyatga olib kelmadi. Shunday qilib, kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirishda shtrix kod texnologiyalaridan foydalanish ham o‘z imkoniyatlari chegarasiga yetdi. Mazkur texnologiya bugungi kunda zamonaviy kutubxonalar oldida turgan muammolarni hal qila olmay qoldi. RFID texnologiyasi shtrix kod texnologiyalaridagi barcha yutuqlarni o‘zlashtirgan holda, ular yecha olmagan muammolarni hal qilishga kirishdi. RFID texnologiyasi quyidagi prinsipda ishlaydi: har bir kitobga radiochastotali metka yopishtiriladi, bu metkada unikal identifikasion kod saqlanadi va kutubxonaning AKAT dagi aniq bir kitobga biriktiriladi. Maxsus qurilma yordamida metkalar identifikatsiyalanganda o‘qish qurilmasi kitob to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda kompyuterga uzatadi. RFID texnologiyasidagi afzalliklardan biri shundaki, ma’lumotni o‘qish qurilmasi (rider) bir paytning o‘zida bir necha metkani o‘qiy oladi, bunda metkalar to‘g‘ridan to‘g‘ri riderning «ko‘rish zonasida» bo‘lishi shart emas, bu hol kitob berish jarayonini tezlashtiradi.

pic

Ma’lumotlarni avtomatik ravishda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan skaner qurilmalaridan foydalanganda, shtrix kod skanerning ko‘rish zonasiga aniq o‘rnatilishi kerak edi. RFID texnologiyasi yordamida kitob berish va qaytarib olish jarayonlari avtomatlashtirilganda, kitobxon chiptasini skaner qurilmasi orqali o‘qish, har bir kitobni alohida qo‘lga olib, uni skaner orqali o‘qishga ehtiyoj qolmaydi. RFID qurilmasi bir yo‘la bir necha kitobni va kitobxon chiptasini avtomatik tarzda o‘qiy oladi va kitoblarni kitobxonning elektron formulyariga yozib qo‘ya oladi hamda berilayotgan kitoblardagi «o‘g‘rilashga qarshi» funksiyani faolsizlantiradi. RFID texnologiyasini kutubxonadagi inventarizatsiya jarayonlarini tezlashtirishda muvofaqiyat bilan qo‘llash mumkin. Bunda stellaj tokchasidagi har bir kitobni tokchadan olish, undagi shtrix kodni skaner yordamida o‘qish, kitobni o‘z joyiga qo‘yish operatsiyalari o‘rniga, stellaj tokchalari yonidan rider qurilmasi bilan bir marotaba o‘tish kifoya qiladi. Rider tokchadagi barcha kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kompyuterga uzatadi. Umuman olganda, RFID texnologiyasidan foydalanish kutubxonalagi inventarizatsiya jarayonini 20 martaga qisqartirish imkoniyatini berar ekan.

O‘z faoliyatini «ochiq fond» tartibida tashkil etgan kutubxonalarda fondni himoya qilish uchun maxsus RFID eshik o‘rnatilishi kifoya. Bu eshik, kutubxonadan ruxsatsiz olib chiqilayotgan har bir kitobga nisbatan tovush yoki nurli signal berish orqali e’tibor qaratadi. Eshik kutubxonaning AKAT ga ulangan holda kompyuter ekranida kimning qanday kitob olib chiqayotganligi aks etadi. Bunday holda fondni o‘g‘rilashga qarshi standart metkalar bilan ta’minlashga hamda bunday metkalarni faolsizlantiruvchi va faollashtiruvchi qurilmalarga ham hojat qolmaydi. Radiochastotali metka xotirasidagi sektor o‘g‘irlashga qarshi funksiyani ham bajaradi.

RFID tizimi ko‘pdan beri jahondagi juda ko‘p kutubxonalarda muvofaqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Bu sohadagi eng yirik loyiha Singapurdagi milliy kutubxonada amalga oshirilgan. Bu yerda kutubxonani avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi RFID tizimi asosida amalga oshiriladi. Singapur milliy kutubxonasida RFID texnologiyasini tatbiq qilishdan asosiy maqsad, kitobxonlarni kutish vaqtini qisqartirish bo‘lgan. Avval kitobxonlar navbatda turib kitob olishga bir soatdan ortiq vaqt sarf qilsalar (tig‘iz paytda), RFID texnologiyasini tatbiq qilinganda bu ko‘rsatkich 10 minutga qadar pasaygan. Kutubxonadan foydalanuvchilar va qatnovlar soni keskin oshgan. Albatta, bunda «ochiq fond» g‘oyasini to‘g‘ri va ilmiy asosda amalga oshirilishining ham hissasi bo‘lgan.
Kutubxona avtomatlashtirilgan kitob berish va kitoblarni qaytarib olish imkoniyatini beruvchi stansiyalar bilan ta’minlangach, kitobxonlar tomonidan tanlangan kitoblar mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi (kitobxon tomonidan tanlangan kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, kitob berish stansiyasi yordamida, kitobxonlarning elektron formulyariga yozib qo‘yiladi). Kitoblarni qaytarib olishga mo‘ljallangan robot-saralagich mustaqil ravishda kitoblarni saralaydi, kutubxonachi esa kitoblarni tokchalaga joylashtiradi xolos.
Vatikan kutubxonasi fondini inventarizatsiya qilishning o‘zoq vaqtga cho‘zili RFID texnologiyasini tatbiq qilishga olib kelgan. Bu kutubxonada inventarizatsiya jarayoni ikki oy davom etib, bu ishga ko‘plab xodimlar jalb qilingan. Kutubxonada RFID texnologiyasini tatbiq qilingach, ko‘p millionli fondni inventarizatsiya qilish, ikki xodim tomonidan bir kunda bajarilgan. Vatikan kutubxonasidagi kitoblarning ko‘pchiligi qadimiy kitoblar bo‘lgani uchun ham ularni o‘z o‘rnidan siljitmay inventarizatsiya o‘tkazish juda muhim bo‘lgan. 2007 yildan boshalb, Germaniyaning Gamburg shahridagi ommaviy kutubxonalarda RFID texnolgiyasidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Yillik kitob aylanishi 2 000 000 birlikdan iborat bo‘lgan kutubxonalarda hujjatlarni berish va qaytarib olishni avtomatlashtiruvchi terminallar o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda. Terminallar dastlab kutubxonaning bo‘limlarida keyinchalik esa markaziy binoda o‘rnatiladi. Loyiha ishlarini boshlash 2007 yilning aprel oyidan va 2008 yilning yoz fasliida uni tugallash mo‘ljallanmoqda. RFID tizimi amaldagi bar-kod tizimi o‘rniga tatbiq qilinadi va u kitob berish va berilgan hujjatlarni qaytarib olish operatsiyalari uchun sarf bo‘ladigan vaqtni qisqartiradi hamda fondni inventarizatsiya qilish, o‘g‘rilashga qarshi funksiyalarni bajaradi. Kutubxonadagi barcha hujjatlarga (kitoblar, jurnallar hamda DVD disklar) 13,56MHz chastotada ishlovchi passiv RFID-metkalar yopishtiriladi. Kitobxonlar kutubxonaning ixtiyoriy bo‘limidagi «ochiq fonddan» o‘zlariga kerakli kitoblarni mustaqil ravishda tanlash va qaytarib topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Kutubxonaning markaziy binosida o‘z o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi 7 ta terminal, 17 ta bo‘limning har birida bittadan terminal o‘rnatish mo‘ljallanmoqda.

pic

Kitobxon o‘ziga kerakli kitobni tanlab uni 80x80X60sm o‘lchamli stol ustiga qo‘yadi, terminal stoliga o‘rnatilgan RFID-o‘qish qurilmasi metkadagi identifikasion unikal nomerni o‘qiydi va kerakli ma’lumotlarni kompyuterga uzatadi. Kitobni qaytarib berish operatsiyasi ham xuddi shunday bo‘ladi. Kompyuter tizimidagi AKAT sensorli ekranda kitobni qaytarib berish to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlanishini so‘raydi. Kitob qaytarib topshirilgach, tizim kitob uchun o‘g‘rilashga qarshi funksiyani faollashtiradi. Kitobni olgan kitobxon uni terminal stoli ustiga qo‘ymasa, kitobxon eshikdan chiqish paytida signalizatsiya ishlaydi. Tanlangan kitob yoki biror bir hujjatni olgan kitobxon o‘ziga kutubxonadan foydalanish huquqini beruvchi shaxsiy kartasini maxsus slotga o‘rnatishi lozim. Programma ta’minoti kim tomonidan qanday kitobni qachon olganligini nazorat qilish imkoniyatini beradi. Oktabr oyidan boshlab, kutubxona xodimlari hujjatlarni markirovka qilishni boshlaydilar. Har bir hujjatga o‘zi yopishib qoluvchi kvadrat shaklidagi RFID-metka yopishtiriladi.
Bugungi kunda RFID texnologiyasidan jahondagi juda ko‘plab kutubxonalar foydalanishmoqda. 2006 yilning birinchi yarmida turli tipdagi 250 dan ortiq kutubxonalarda mazkur texnologiyalar tatbiq qilingan. Shunday qilib, kutubxona texnologiyalari avtomatlashtirishda AKAT laridan foydalanish quyidagi kutubxona texnologiyalarini avtomatlashtirish imkoniyatini beradi:
• kitobxonlar elektron formulyarini yaratish;
• kutubxona elektron katalogini shakllantirish va foydalanish;
• kitoblarga buyurtma berish;
• berilgan buyurtmalarni bajarish;
• turli sabablarga ko‘ra rad etilgan buyurtmalar tahlili;
• kitob berish va qaytarib olishni nazorat qilish;
• fondni butlashga oid masalalar;
• masofadan turib elektron katalogdan foydalanish va buyurtmalar berish;
• korporativ kataloglashtirish;
• kutubxonani boshqarish va boshqalar.

RFID texnologiyasidan foydalanish AKATlar bajara olmaydigan kutubxonadagi quyidagi:
• mustaqil ravishda (kutubxonachining ishtirokisiz) kitob berish va qaytarib topshirish;
• kutubxona fondini inventarizatsiya;
• o‘z o‘rniga qo‘yilmagan kitoblarni izlab topish;
• kitobni ruxsatsiz kutubxonadan olib chiqishga chek qo‘yish texnologiyalarini avtomatlashtirishga imkon yaratadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq