MILLIY TARMOQDA — TEXNOBLOG IShLAB TURIBDI
01.10.2006
Rukn: Internet.
Muallif: Karimjon Mullaboev.

pic
Joriy yil avgust oyining boshida, milliy tarmoqda TexnoBlog deb nomlangan (www.TechBlog.uz) veblogi ishga tushdi. Mazkur veblog axborot texnologiyalari sohasida bir qator yangiliklar va qiziqarli maqolalarni o‘zbek tilida nashr qilib borishni yo‘lga qo‘ydi. Shuning uchun ham uni o‘zbek tilidagi ilk veblog deb atash mumkin.

Avvalo, veblog degan atama haqida. Eng muhimi, Internet tarmog‘i jadallik bilan rivojlanib borayotgan bir paytda, veb -resurs hamda veblog atamalarini farqlash muhimdir. Internet tarmog‘ida «resurs» so‘zining mazmuni — bu Internet tarmog‘idan joy olgan, domen manziliga ega bo‘lgan va ma’lumotlar bilan boyitilgan, shuningdek, bir qancha veb sahifalarning yagona to‘plamini tashkil etgan manbadir. Veblog esa aynan Internet tarmog‘ida resurslarning yangi yo‘nalishdagi veb xizmatlaridan biri hisoblanadi va bu atamani jahon axborot to‘ridagi Vikipediya materiallariga tayansak, blog (ingliz tilida blog hamda web va log, «voqea va hodisalarning tarmoqdagi ro‘yxati» deya atash mumkin), ya’ni veblog — bu vebsaytlarining bir turkumi hisoblanib, o‘z ichiga muntazam ravishda maqolalar, yozuvlar, yangiliklar, tasvirlar hamda multimediya ma’lumotlarini qamrab oladi. Bloglarga asosan, muayyan davr mobaynida qisqa ma’lumotlarni yoritib borishi bilan xarakterlanadi. Bloggerlar deb — aynan bloglarni boshqarib boruvchi kishilarga aytiladi. Shu tariqa, o‘zbek tilida axborot texnologiyalarini yoritib borishga asoslangan mazkur TexnoBlog sayti milliy tarmog‘imizni yanada boyitishga va uni rivojlantirishda dastlabki qadamlardan biri, deya ta’kidlab o‘tish joiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Axborot va telekommunikatsiya tizimlari masalalari bo‘yicha kompleksi» ning 2006 yil birinchi yarim yillik natijalari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 iyuli holatiga qadar, O‘zbekistonda Internet tarmog‘i xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 1200 mingtaga yetgan edi. Bu esa O‘zbekistonda Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni tobora o‘sib borayotganidan dalolat bermoqda. Lekin, sir emaski, mazkur foydalanuvchilarning aksariyat qismi albatta, xorijiy resurslarga ko‘proq murojaat qilmoqdalar. Eng achinarlisi, xorijdagi ma’naviy jihatdan qoloq bo‘lgan ayrim manbaalardan foydalanilmoqda. Bugun jamiyatimiz oldida milliy tarmog‘imizda o‘zbek tilidagi veb resurslarning yanada boyitish, ularning sonini oshirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanmoqda.

Aynan, axborot texnologiyalari sohasiga asoslangan «TexnoBlog» loyihasining bosh maqsadi tinimsiz texnologik taraqqiyotdan ortda qolmaslik hamda bu boradagi bilim va tafakkurni keng yoritish ekanligini loyiha yaratuvchilari tomonidan e’tirof etmoqda. Mazkur blog bir qancha hurfikr shaxslar mehnatining mahsuli bo‘lib, birinchi navbatda, jamiyatning yangi texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, uni imkon qadar qondirib borish, taraqqiyot garovi bo‘lmish yangi texnologiyalar, so‘nggi ilm-fan yutuqlari, tadqiqotlar kabi boshqa qiziqarli hamda foydali ma’lumotlarning omma oldida, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilishga hissa qo‘shish, shuningdek, ularni ilmiy-texnik taraqqiyotining ahamiyatli tomonlarini anglash, yangi texnologiyalarning butun jamiyat, alohida olingan shaxs turmushi va mehnat faoliyatini yanada boyitishda egallaydigan o‘rni haqida fikrlashga, ushbu taraqqiyot yo‘nalishlari, samara yoki oqibatlaridan xabardor bo‘lish, ilmiy texnik taraqqiyot jarayonida o‘z hissalarini qo‘shishga chorlash kabi uzoq muddatli maqsadlarni ko‘zlamoqda. Ushbu blog, bosh sahifa, loyiha xususida va lug‘at bo‘limlaridan iborat. Shuni aytib o‘tish lozimki, mazkur blog yaratuvchilari homiy sifatida O‘zbekistondagi yetakchilardan biri bo‘lib turgan «Design.uz Studio» veb studiyasi tomonidan yaratilgan. Bosh sahifada, bloglar xabarlar tasmasi ko‘rinishida nashr qilib borilgan hamda sahifaning chap qismida, esa saytning tarkibiga kiruvchi qidirish tizimi, yangi maqolalar, obuna, boshqarish tizimi, ruknlar va yangiliklar arxivi bo‘linmalari tarkib topgan. Mazkur TexnoBlog orqali foydalanuvchilar e’tiboriga audio, uyali telefon, kamera, operatsion tizim, tashuvchi vosita, prosessor, video, videoo‘yinlar, gadjet, laptop singari bir qator qiziqarli ruknlar ostida tegishli yangiliklar va maqolalarni berib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, ushbu loyiha doirasida yangi texnologiyalar bilan bog‘liq yangi atamalarni o‘zbek tiliga olib kirish, ularga oddiy o‘quvchi uchun tushunarli, sodda va ravon tilda ta’rif berish tizimi amalga oshirilgan. TexnoBlogning to‘liq o‘zbek tilida chop qilinishi ortida ham yaratuvchilar tomonidan mazkur maqsad ko‘zda tutilganini e’tirof etmoqdalar. Hozirda blog to‘liq tahrirdan o‘tkaziladi. Sifat darajasiga ko‘ra blog umumiy andozalarga javob bermaydigan maqolalar, muhokama va fikrlar yoki blog mazmuni, maqsadlari hamda yo‘nalishiga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday shakldagi ma’lumot tahririyat tarafidan ogohlantirishlarsiz, o‘chirib boriladi.

Milliy tarmog‘imizda veb resurslarning ko‘payishi, ayniqsa, o‘zbek tilida nashr qilinishi jamiyatimiz, eng avvalo yoshlarimizning tafakkur va dunyoqarashlarini kengaytirishida yana bir vosita vazifasini o‘taydi. Biz mazkur loyiha yaratuvchilarining ijodiy faoliyatlariga hamda keyinchalik yana shu kabi bir qator istiqbolli loyihalarni tatbiq etishlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq