SAYTLARDA SAKKIZINCHI MO‘JIZA
28.08.2006
Rukn: Internet.
Muallif: .
pic

Kompyuter, axborot va kommunikasiya texnologiyalarining jadal taraqqiyoti tufayli, bugungi kundagi yuzaga kelgan axborotlashgan jamiyatda har bir muassasa, tashkilot, shuningdek, jismoniy shaxslar o’zlarining davr talabiga mos hamda sifatli web-saytlarini yaratishga tobora ko’proq ehtiyoj sezmoqdalar. Negaki, yaratilgan boy mazmunli, doimo xizmatga shay turgan saytlar zamonaviy web-resurslarning ajralmas bo’lagi, mamlakat yagona axborot makonining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi, u axborotlashtirish sohasida davlat siyosatining asosiy masalalarini hal etishga xizmat qiladi. Web-resurslar, xususan, adabiyotga oidlarining jamiyat a’zolari ma’naviy ehtiyojlarini qondirishdagi ahamiyati to’g’risida alohida to’xtalishning zaruriyati bo’lmasa kerak.

Yigirmanchi asr Navoiysi, nomini qozongan Abdulhamid Cho’lpon- adabiyotni jamiyatni o’zgartiruvchi asosiy kuch, muhim tarbiya vositasi, deb ta’kidlagandi.Xo’sh, Internet olamida o’ziga xos segment mavqeini egallashga intilayotgan Uznet doirasida adabiyotga oid saytlar qanday o’rinni egallaydi? Saytlarning dizayni (sarlavhalarning joylashish tartibi, menyusi, mazmuni va boshqa xususiyatlari), ularda ranglarning tanlanishi hamda shriftlarning ishlatilish holati qanday? Saytning amaliy jihatdan qulayligi (inglizchada usability) qaysi darajada? Saytda foydalanuvchiga nisbatan munosabat («do’stona», sodda yoki murakkab) qanday?

«O’zbek adabiyoti» sayti shubhasiz, Uznet ning mavqeini yanada oshiradigan saytlardan biri hisoblanadi. Negaki, u anchagina mukammal, chiroyli bezatilgan va ma’lumotlarga boy. Sayt dizayni o’ziga xos, ham oddiy, ham jozibali. Bosh sahifaga she’riyat mulkining sultoni, ulug’ shoir Alisher Navoiyning suratlari va «O’zbek adabiyoti» so’zi zeb berib turibdi. Surat va sayt nomining yonma-yon qo’yilgani ham bejiz emas, albatta. Zero, ulug’ adib Alisher Navoiy o’zbek adabiyotining asoschisidir. Saytga tashrif buyurgan har bir adabiyot ixlosmandi mumtoz musiqa ohanglari og’ushida, ekranda birin-ketin paydo bo’ladigan buyuk adiblarning suratlarini ko’rib, ko’nglida o’zgacha bir his sezishi tabiiy.

«O’zbek adabiyoti» sayti O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni topshirig’iga binoan 2003 yilda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti bazasida yaratilgan. Loyiha mualliflari: Abdulla A’zamov, Avaz Maraximov, Bahodir Karimov, Begali Qosimov, Hamidulla Boltaboev, Abdug’ofur Rasulov, Abduzuhur Abduazizov, Botir Olimov va Vasliddin To’ychiev kabi soha mutaxasislari hamda olimlardir.

pic

Sayt manzili: [url=http://www.literature.uz/]http://www.literature.uz/[/url] Mazkur sayt o’zbek adabiyoti va uning namoyondalari, adabiy-ilmiy jarayon yangiliklari, nodir kitoblar, badiiy asarlar, adabiy nashrlar haqidagi ma’lumotlarni yangi texnologiyalar asosida dunyoga olib chiqish, O’zbekiston yozuvchilar uyushmasining xalqaro munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi masalalarni uzluksiz yoritib borishga bag’ishlangan.

Saytning bosh menyusi: «Yangiliklar»; «Shoir va yozuvchilar»; «Kitoblar»; «Nashrlar»; «Yozuvchilar uyushmasi»; «Mulohazalar»; «Aloqalar»; «Forum» va «Sayt haqida» deb nomlangan bo’limlardan iborat. «Shoir va yozuvchilar» bo’limida hozirgi davrda yashab, ijod etayotgan taniqli shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olimlarning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlar (1-jadval), «Kitoblar» bo’limida esa adiblarning tarixiy ahamiyatga ega adabiy-badiiy asarlari hamda ulardan namunalar keltirilgan (2-jadval).

«Nashrlar» bo’limida turli tarixiy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-badiiy, ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy jurnallar, o’tgan asr nashrlari («Al-isloh», «Maorif va o’qituvchi», «Oyna») va davriy nashrlar («Guliston», «Jahon adabiyoti», «Sharq Yulduzi», «Tafakkur», «Yoshlik») bilan tanishib chiqish mumkin. Shuningdek, saytda yozuvchilar uyushmasining faoliyati, uning xorijiy aloqalari, davriy adabiy nashrlar, adabiy jarayondagi yangiliklar haqidagi ma’lumotlarga ham keng o’rin ajratilgan. Adabiyot sohasida yaratilgan saytlar Uznetda 2001 yildan boshlab, e’lon qilina boshlangan. «Abdulla Oripovning hayoti va ijodiy faoliyati» to’g’risidagi sayt o’zbek yozuvchilari va shoirlari ijodiga bag’ishlab, yaratilgan saytlarning birinchilaridan hisoblanadi. Sayt manzili: [url=http://www.aoripov.uz/]http://www.aoripov.uz/[/url] .
Sayt «Shoir haqida», «Saylanma», «Fotoalbom» va «Ijodi» deb nomlangan bo’limlardan iborat. «Shoir haqida» bo’limida sevimli shoir qalamiga mansub asarlar tahlili berilgan. «Saylanma» bo’limida esa shoirning turli mavzulardagi o’z fikr-mulohazalari bilan tanishib chiqish mumkin. Sayt dizayni sodda, ranglar ortiqcha quyuqlashtirilmagan. U bejirimgina bezatilgan bo’lib, o’qish uchun qulay, chunki sahifalash faqat vertikal yo’nalishda amalga oshiriladi. Shriftlarni o’zgartirish imkoniyati mavjud.

Saytdagi ma’lumotlar Abdulla Oripovning G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida 2001 yil chop etilgan to’rt jildlik tanlangan asarlari:

o 1-jild (she’rlar va dostonlar) — 420 bet;
o 2-jild (she’rlar va dostonlar) — 496 bet;
o 3-jild (tarjimalar) — 384 bet;
o 4-jild (kinossenariy, maqolalar, suhbatlar, xotiralar) — 384 bet asosida keltirilgan.

«Erkin Vohidovning hayoti va ijodiy faoliyati» to’g’risidagi sayt «Biografiya», «Stati», «Tvorchestvo» va «Fotogalereya» deb nomlangan bo’limlardan iborat. Sayt manzili: [url=http://www.evohidov.madaniyat.uz/]http://www.evohidov.madaniyat.uz/[/url] . Sayt dizayni sodda, ranglar anchagina quyuq. Qizil rangdan ko’proq foydalanilgan. Bosh sahifa guldor naqshli. Shu bezak menyu tanlanganda o’zgarmaydi. Saytda faqat vertikal sahifalash ishlatiladi. Shriftlar doimo bir xil tarzda saqlanadi.

Saytning «Biografiya» bo’limida shoirning tarjimai holi o’zbek tilida keltirilgan. «Stati» bo’limida esa Robert Rojdestvenskiyning «O stixax Erkina Vaxidova» deb nomlangan maqolasi keltirilgan. «Tvorchestvo» bo’limida Erkin Vohidov qalamiga mansub asarlarning ro’yxati xronologik tartibda berilgan: Tong nafasi (1961); Qo’shiqlarim sizga (1962); Lirika (1962); Yurak va aql (1963); Nido (1964); Mening yulduzim (1965); Palatkada yozilgan doston (1966); Yoshlik devoni (1968); Hozirgi yoshlar (1969); Muhabbat (1972); Bedorlik (1974); Tirik sayyoralar (1976); Ruhlar is’yoni (1978); Muhabbatnoma (1986, ikki jildlik); Sadoqatnoma (1986, ikki jildlik); Ishq savdosi (1996-1999, uch jildlik); She’r dunyosi (1996-1999, uch jildlik); Umrim dunyosi (1996-1999, uch jildlik).

«Xurshid Davronning hayoti va ijodiy faoliyati» to’g’risidagi saytning asosiy bo’limlari: «Bosh sahifa», «Tarjimai hol», «Asarlarim», «O’zbek she’riyati», «Turkiy bo’ston», «Dunyo she’riyati», «Tasavvuf», «Samarqand», «Bag’ishlov», «Kutubxona», «Ishoratlar», «Forum», «Mehmonlar kitobi» va «Sayt xaritasi» kabi bo’limlardan iborat. Sayt manzili: [url=http://khurshiddavron.wol.bz/]http://khurshiddavron.wol.bz/[/url] . Sayt dizayni murakkab emas. Oddiy ranglar yordamida bejirimgina ishlangan bo’lib, o’ziga xos did bilan bezatilgan. Ko’proq ko’k rangdan foydalanilgan. Har bir bo’lim mazmuniga mos suratlar bilan to’ldirilgan. Chaqnab turgan qizil olma, tinimsiz qanot qoqib turgan qush, yugurik otdagi chavandoz suratlari esa ham bezak vazifasini o’taydi, ham kishini (ular shunchaki keltirilmagandir axir) o’ylantiradi. Saytda ham vertikal, ham gorizontal sahifalash ishlatiladi. Shriftlarni o’zgartirish mumkin. Saytdagi ma’lumotlar birvarakayiga o’zbek, rus va ingliz tillarida keltirilishi nazarda tutilgan.

Saytning «Asarlarim» deb nomlangan bo’limidan shoirning barcha ijodiy ishlari o’rin olgan. Saytning «O’zbek she’riyati» deb nomlangan bo’limidan o’zbek (mumtoz, XX asr va zamonaviy) she’riyatining taniqli namoyandalari, «Turkiy bo’ston», «Dunyo she’riyati» deb nomlangan bo’limlaridan esa turk va dunyo she’riyati yirik vakillarining ijodiy namunalari o’rin olgan (4-jadval). Saytning keyingi bo’limlarida shoirning tasavvufga oid asarlari va Samarqandga bag’ishlangan she’rlari bilan yaqindan tanishib chiqish mumkin. Shuningdek, bo’limda Samarqand rivoyatlari, afsonalari hamda Samarqand tarixiga oid tarixiy-badiiy asarlarga ham keng o’rin ajratilgan. «Bag’ishlov» bo’limida Xurshid Davronga bag’ishlangan asarlar, uning shaxsi va ijodi haqida fikr-mulohazalar, tadqiqotlar, adib kitoblariga yozilgan taqrizlar, turli manbalardan olingan ma’lumotlar keltirilgan.

«Kutubxona» bo’limida hikmat, falsafa, tasavvufga oid asarlardan namunalar, o’zbek prozasidan saralangan qissalar va hikoyalar, shuningdek, taniqli olimlarning adabiyot tarixi va adabiyotshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlaridan ayrimlari keltirilgan. «Ishoratlar» bo’limida Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti, ijodiga oid, O’zbekiston tarixi va adabiyotiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan yaqindan tanishib chiqish mumkin. Shuningdek, mazkur bo’limda Xurshid Davronga bag’ishlangan boshqa web-sahifalarning ro’yxati ham keltirilgan:

o Muhabbat olami — [url=http://nizom-z.narod.ru/index.html]http://nizom-z.narod.ru/index.html[/url] ;
o Xurshid Davron: Poeticheskiy mir — [url=http://xurshiddavron.narod.ru/rusbosh.html]http://xurshiddavron.narod.ru/rusbosh.html[/url] ;
o ZIYO.UZ da Xurshid Davron sahifasi — [url=http://ziyo-uz.narod.ru/Poems/xurshid_davron.htm]http://ziyo-uz.narod.ru/Poems/xurshid_davron.htm[/url] ;
o Gumilev.ru da Xurshid Davron sahifasi — [url=http://www.gumilev.ru/main.phtml?cid=30010263]http://www.gumilev.ru/main.phtml?cid=30010263[/url] ;
o UzTRANSLATIONS da Xurshid Davron sahifasi — [url=http://linguists.narod.ru/rivoyat.html]http://linguists.narod.ru/rivoyat.html[/url] ;
o Xurshid Davron — [url=http://www.xurshiddavron.madaniyat.uz/]http://www.xurshiddavron.madaniyat.uz/[/url] .

pic

«Usmon Azimning hayoti va ijodiy faoliyati» to’g’risidagi sayt quyidagi bo’limlardan iborat: «Muallif haqida»; «Mening kitoblarim»; «Mehmonxona»; «Mening suratlarim»; «E-mail». Sayt manzili: [url=http://www.uazim.madaniyat.uz/]http://www.uazim.madaniyat.uz/[/url] .

Saytning «Muallif haqida» bo’limida «o’zbek she’riyatida o’z so’zini aytgan va bugun ham mag’rur ohangda aytayotgan shoir» (Azim Suyun) ijodiy faoliyati to’g’risida qisqacha ma’lumotlar keltirilgan Usmon Azim o’zining 1979 yilda chop etilgan ilk she’riy to’plami — «Insonni tushunish» kitobi bilan adabiy jamoatchilikning e’tiborini qozongan shoir. Nasrda ham qalam tebratayotgan shoirning shundan so’ng nashr etilgan kitoblari to’g’risidagi ma’lumotlar bilan saytning «Mening kitoblarim» bo’limida tanishib chiqish mumkin. Bular: «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko’zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg’onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Bor ekanda, yo’q ekan» (1995), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to’plamlaridir.

Sayt dizayni o’ziga xos kompozisiyali. Ekranning yuqori qismidagi menyudan keyin uchta vertikal polosa ko’rinishida bo’lib, ularning chap tomondan birinchisidagi ma’lumotlar (fotosurat, fikrnoma) doimo o’zgarmas, qolgan ikkitasidagi matnlar va tasviriy ma’lumotlar menyu bandlariga mos o’zgaruvchan. Jigarrang, sariq va to’q yashil ranglardan foydalanilgan. Shriftlarning kattaligini o’zgartirish hisobga olingan. Sahifalash ham vertikal, ham gorizontal yo’nalishda. O’zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim hayoti va ijodiy faoliyatiga bag’ishlangan sayt manzili: http:/www.zulfiya.edunet.uz . Sayt Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti o’qituvchisi Nigora Umarova tomonidan yaratilgan (28.04.2005). Bunga uning adabiyot sohasidagi bilimi, maktabda adabiyot fanini o’qitishdagi tajribasi, o’z kasbini sevishi hamda fanni o’qitishda yangi axborot va pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishga bo’lgan qiziqishi turtki bo’lgan desak mubolag’a bo’lmas. Yosh ijodkor shu yilning mart oyida O’zbekiston Respublikasi xotin-qizlarining birinchi Internet festivalida ana shu sayti bilan qatnashib, «O’zbekiston Respublikasi xotin-qizlariga bag’ishlangan eng yaxshi web-sahifa» nominasiyasi bo’yicha birinchi o’rinni egallagan.

Sayt dazayni juda ham nozik did bilan jozibali qilib ishlanganligini ta’kidlash lozim. Negaki saytning bosh sahifasida aks ettirilgan kishi ko’ngliga bahoriy kayfiyat berguvchi ajib bir manzara ko’pchilikni befarq qoldirmasa kerak. Ranglar sodda va uyg’un. Asosan oq va yashil ranglardan jilo berilgan. Saytda vertikal sahifalash bilan birga (ayrim bo’limlarda) gorizontal sahifalash ham ishlatilgan. Shriftlarning kattaligini bemalol o’zgartirish mumkin.
Sahifaning asosiy bo’limlari: «Bosh sahifa», «Hayot yo’li», «Lirika», «Fotoalbom», «Hamid Olimjon», «Tarjimalar», «Xotiralar», «Yo’qlov», «Bag’ishlov», «Zulfiya nomli mukofot», «Rus tilida», «Bosh qotirma», «Testlar», «Mening ustozim» va «Mehmonxona» dan iborat.
Neru xalqaro mukofoti laureati Zulfiyaxonim Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Lesya Ukrainka, Mirzo Kempe, Solomeya Neris, Marvarid Dilboziy, Amrita Pritam she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Ularning ayrimlari bilan «Tarjimalar» bo’limida yaqindan tanishib chiqish mumkin.

Saytning «Xotiralar» bo’limida taniqli yozuvchilar, shoirlar, davlat arboblarining O’zbekiston xalq shoiri haqidagi fikrlarini o’qishingiz mumkin. Adabiyotshunos olim Ozod Sharafitdinnovning vafo va sadoqat ramzi bo’lmish nafis kechinmalar kuychisi, kuchli sabr, matonat, iroda sohibasi bo’lmish o’zbek shoirasi haqida yozganlari ko’pchilikni, ayniqsa, yosh ijodkorlarni to’lqinlantirmay qolmasa kerak. Alohida bir bo’lim Zulfiya nomidagi Davlat mukofotni va unga sazovor bo’lganlarga bag’ishlangan.

pic

Saytda shoira Zulfiyaning she’rlarini o’qibgina qolmasdan, ularni audiofayllar yordamida tinglash ham mumkin. Vatan, muhabbat va tabiat go’zalligi haqida qalam tebratib, ajoyib asarlar yaratib kelayotgan shoira Oydin Hojievaning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag’ishlangan sayt ham yaratilgan.

Sayt manzili: [url=http://www.oydin.madaniyat.uz/]http://www.oydin.madaniyat.uz/[/url] .

Sayt dizayni o’ziga xos mazmunli va bezakli. Ekrandagi uchta vertikal ustunlarning chapdan birinchisida menyu, o’rtasidagida menyuga mos ma’lumotlar va oxirgisida albatta, shoira she’rlaridan biri bayon etilgan. Oddiy: oq, sariq, jigarrangdan foydalanilgan. Sahifalash ham vertikal, ham gorizontal yo’nalishda amalga oshirilgan. Shriftlarning kattaligini o’zgartirish mumkin.

Saytning bosh sahifasida asosiy bo’limlar sifatida quyidagilar ko’rsatilgan: «Muallif haqida»; «Mening kitoblarim»; «Mehmonlar kitobi»; «Mening suratlarim»; «E-mail».

pic

«Muallif haqida» deb nomlangan birinchi bo’limda shoiraning ijodi to’g’risidagi fikr-mulohazalar, uning hayotidagi eng muhim sanalar va shoiraning «Siz bilan» deb nomlangan she’ri keltirilgan.

Shoiraning asarlari «Mening kitoblarim» bo’limida ajoyib bir tarzda keltirilgan. Bo’limdagi bir necha sahifada barcha kitoblar muqovasining rasmlari keltirilgan bo’lib, ularda nashriyot nomi va nashr etilgan yili to’g’risidagi ma’lumotlar ham ko’rsatib o’tilgan.

«Erkin A’zamning hayoti va ijodiy faoliyati» to’g’risidagi sayt quyidagi bo’limlardan iborat: «Muallif haqida»; «Mening kitoblarim»; «Mehmonlar kitobi»; «Mening suratlarim»; «E-mail».

Sayt manzili: [url=http://www.eazam.madaniyat.uz/]http://www.eazam.madaniyat.uz/[/url] .

pic

Sayt dizayni ajoyib, kompozisiyasi original. Ekrandagi ikkita gorizontal polosaning yuqori qismi uchta bo’lakdan iborat bo’lib, ulardagi ma’lumotlar (surat, menyu, fikrnoma) doimo o’zgarmas ko’rinishda. Pastki polosada esa menyuga mos ma’lumotlar matni. Oq fondagi qora (kursiv) shriftlarning kattaligini o’zgartirish mumkin. Sahifalash ham vertikal, ham gorizontal yo’nalishda. Saytning «Muallif haqida» deb nomlangan bo’limda tarjimai hol sarlavhasi bilan yozuvchi hayotidagi muhim sanalarning ayrimlari keltirilgan. Shuningdek, bu yerda yozuvchining 1977 yilda nashr etilgan dastlabki xikoyalar to’plami — «Chiroqlar o’chmagan kecha» va undan keyin nashr etilgan asosiy nasriy kitoblarining nomlari sanab o’tilgan. Bular: «Otoiyning tug’ilgan yili» (1981), «Olam yam-yashil» (1984), «Javob» (1986), «Bayramdan boshqa kunlar» (1988), «Mir v cvetax» (1999), «Pakananing oshiq ko’ngli» (2001), «Kechikayotgan odam» (2002).

Saytning barcha bo’limlari ularning nomlariga mos ma’lumotlar bilan to’ldirilgan. «Mening suratlarim» bo’limida jami 25 dona fotosurat keltirilgan bo’lib, ulardan ikkitasida yozuvchi kompyuterda ijod qilayotgan holat aks ettirilgan. Kompyuter bajara oladigan yumushlarni uning zimmasiga hech tortinmasdan yuklay ola bilishlik ijtimoiy-falsafiy yo’nalishdagi «Tafakkur» jurnalining bosh muharririday ziyoli insonning, talabchan va adolatli rahbarning hayotiy tamoyillaridan biri bo’lsa, ajab emas.

«O’tkir Hoshimovning hayoti va ijodiy faoliyati» deb nomlangan sayt yosh ijodkor Nigora Umarovaning adabiyot sohasidagi ikkinchi ijodiy ishi hisoblanadi. Sayt manzili: http:/www.utkir.edunet.uz . Sayt boy mazmunli, sodda va chiroyli bezatilgan o’ziga xos jiddiy ijodiy ish ko’rinishida taqdim etilgan.

Garchi sayt hozirgi kunda e’lon qilinayotgan ko’pgina sahifalarga tegishli ayrim kamchiliklardan xoli bo’lmasada, shunday ajoyib saytning oddiy adabiyot o’qituvchisi tomonidan mustaqil ravishda yaratilganligi quvonarli hol, albatta. Sayt sahifalaridan hozircha yozuvchining barcha chop etilgan asarlarining to’la matnlari o’rin olganicha yo’q. O’ylaymizki, sayt to’ldiriladi, yangi asarlar bilan boyitiladi. Negaki ijod davom etadi.
Saytning «Biografiya» deb nomlangan bo’limida O’tkir Hoshimov hayoti va ijodining muhim sanalari xronologik tartibda keltirilgan. «Chop etilgan asarlari» bo’limida esa yozuvchining hikoyalari (43), hajviy hikoyalari (72), qissalari (8), romanlari (3), dramalari (5), publisistik asarlari (29), o’ylari va kuzatuvlari (8), shuningdek, yozuvchining hayoti va ijodi haqida chop etilgan maqolalarning nomlari (41) e’lon qilingan yillari ko’rsatilgan holda keltirilgan. Bu ikki bo’limdagi ma’lumotlar talabalar va o’quvchilarga o’zbek tili va adabiyotidan bo’ladigan test sinovlariga tayyorlanishlarida juda ham foydali.

pic

«Hikoyalar» bo’limida «Urushning so’nggi qurboni» (1967) hikoyasining to’liq matni, «Dunyoning ishlari» bo’limida esa «Dunyoning ishlari» asaridan parchalar keltirilgan. Parchalarning matni ularning mazmuniga mos ajoyib suratlar bilan boyitilgan. Bu narsa badiiy matnni idrok qilish kalitini qo’lga kiritishda, badiiy tahlil usullarini amaliyotda qo’llashda muhim vosita bo’lib xizmat qiladi va u albatta, ma’rifatga xizmat qiladi.
«XX asrning ikkinchi yarmi va mustaqillik davri o’zbek adabiyotiga bag’ishlangan saytning manzili:

[url=http://ozbekadabiyoti.freenet.uz/]http://ozbekadabiyoti.freenet.uz/[/url] . Mazkur saytda foydalanuvchilar XX asrning ikkinchi yarmi va Mustaqillik davri adabiyoti ijodkorlarning hayoti va ijodiy faoliyati bilan tanishib chiqishlari mumkin. Unda taniqli ijodkorlarning o’zbek xalqining ruhi va ichki kechinmalarini ifodalovchi asarlaridan namunalar keltirilgan.

Ilmu fan taraqqiy etgan hozirgi davrda insonlarni hayratga solish oson ish emas. Shu ma’noda adabiyot sohasida mana shunday ajoyib saytlar yaratilib bo’lindi, deb ko’pchilikni qoyil qoldirish qiyin albatta. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Aytaylik, kompyuter, faks, «uyali» telefon, parabolik antenna, elektron pochta kabi mo»jizalar hayotimizga nisbatan yaqinda kirib keldi. Lekin hozir shu mo»jizalar bilan yurtimizning eng olis va chekka qishlog’ida yashayotgan umumta’lim maktabi o’quvchisini yo bo’lmasa, biror otaxonni hayratga solish mumkinmi? Ehtimol, ular bu narsalarga birpas hayron bo’lib turar, ammo keyin xuddi bu asboblarni umr bo’yi biladigandek tezda ko’nikib, o’zlashtirib ketadi» .

Fikrimizcha, yuqorida nomlari zikr etilgan saytlarning dunyo yuzini ko’rishining o’zi katta voqea. Bu narsani muxlislarning saytlar to’g’risida bildirgan fikr-mulohazalari ham to’la tasdiqlaydi. Ayrim saytlarning «Mehmonlar kitobi»ga muxlislar tomonidan maktublarda bitilgan fikr-mulohazalar va tilaklardan ba’zi birlarini e’tiboringizga havola qilishni lozim topdik. Mana ular:

«Assalomu alaykum Xurshid aka! Siz o’zbek adabiyoti va tarixini Internet orqali butun olamga yoyish tashabbusini boshlaganingiz tahsinga loyiq. Xayrli ishlaringizda omadlar tilayman» (Ahtam, [email]kmedkollej@rambler.ru[/email], 07/05/2006, 09:35).
«Assalomu alaykum Xurshid aka! Men juda ham xursandman, shunday sayt ochganingizdan. Ayniqsa, biz o’zbeklar chet ellarda bo’lganimizda ona yurtimiz nafasi ufurib turgan ushbu saytdan juda ham mamnunmiz» (Jahon, [email]tutor859@mail.ru[/email], 30/03/2006, 12:29).

pic

«Men birinchi marta ona tilimda bunday go’zal va mazmunli saytni ko’rishim. Xurshid aka, muhabbat haqida bitgan she’rlaringizday inja va betakror bo’libdi» (Jamolxon, [email]xojaahror@mail.ru[/email], 15/09/2005, 13:26).

«Informasiyaga gap yo’q! Mening fikrimcha, bunday saytlarni hamma ijodkorlarga, shoirlarga va rassomlarga qilish zarur. Dizaynga kelsak, ozgina ishlaish mumkin, lekin baribir yaxshi» (Revizor, [email]revizor@revizor.rev[/email] , 18/06/2005, 15:59).
«Calom Nigoraxon! O’zbek adabiyoti uchun fidoiylik ko’rsatib mana shunday sayt tashkil qilganingiz

uchun tashakkur. Qani endi bu sohada ana shunday saytlar ko’paysa… Sizga baxt va omad tilayman.

Zulfiyaxonim ruhlari doim madadkoringiz bo’lsin! » (Zarif, 2005 yil 28 dekabr).
«Assalomu alaykum! Xurshid aka, Internetda chiroyli ishlangan saytingizni o’qib juda xursand bo’ldim. O’zbek ijodkorlarining ham sermahsul ijod namunalarini dunyoga ana shunday qilib ko’rsatish mumkin ekan-ku. Ana shu saytni men O’zbekiston haqida ma’lumot qidirganimda boshqa bir yo’naltiruvchi saytning ichidan topdim. Asli-da ko’pgina yozuvchi va shoirlarimizda bir oz qiziqish, zamonaviy dunyo bilan hamohang yashash kayfiyati yetishmayotganday. Bo’lmasa haligacha Internetda o’zbek tili segmenti ancha boyigan va dunyo ahli biz haqimizda ko’proq bilib olgan bo’larmidi?! Saytni yangi ijod mahsulingiz bilan muntazam boyitib borishingizni so’rab, muxlisingiz» (Lazizbek, [email]lazizbek_uza@mail.ru[/email] , 06/09/2005, 18:05).

Xa, sakkizinchi mo»jizaning sirlaridan, saytlardagi ma’lumotlar orqali tanishish — har bir zamondoshimiz, kompyuter va adabiyot ixlosmandi uchun o’zlashtirilgan axborotlardan ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amallarni bajarishda foydalanish-muhim ahamiyat kasb etishiga ishonchimiz komil.

pic

Mavzuni yanada to’laroq o’rganishni istaganlar uchun qo’shimcha web-resurslar ro’yxati:
o [url=http://www.htwm.de/truziboy/adabiyot/adabiyot.htm]http://www.htwm.de/truziboy/adabiyot/adabiyot.htm[/url] — To’ychi Ro’ziboev web-sahifasida o’zbek adabiyotiga bag’ishlangan bo’lim;
o [url=http://www.e-ilm.uz/]http://www.e-ilm.uz/[/url] — Davlat test markazi (DTM)ning web-sahifasi;
o [url=http://www.guldu.uz/philol.html]http://www.guldu.uz/philol.html[/url] — Guliston Davlat universiteti filologiya fakultetining web-sahifasi;
• [url=http://litmedia.edunet.uz]http://litmedia.edunet.uz[/url] — Электронные уроки литературы (Автор: Елена Сорокина, учитель школы №300, 9.08.2005);
• [url=http://rusdars.edunet.uz]http://rusdars.edunet.uz[/url] — Русский язык в национальных классах (Автор: Рано Ботирова, учитель школы №8, 10.08.2005);
• [url=http://folk.edunet.uz]http://folk.edunet.uz[/url] — Устное народное творчество (Avtor: Irina Anisimova, учитель школы №285, 28.02.2006).

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq