INTERNET VA BAG‘RIKENGLIK MUAMMOLARI
21.11.2005
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Iroda Shamsiyeva.
pic

Bag‘rikenglik-boshqalarning o‘z g‘oya­lari, turmush tarzi va faoliyati, mavjudligini anglab, tushunib yeta olish, insonlar turfa xil ekanligiga ko‘nikish va o‘ziga o‘xshamaganlarni hurmat qilish demakdir. Biroq yer yuzida ayrim odamlar orasida murosasizlik hukm surmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1995 yilni Xalqaro bag‘rikenglik yili deb e’lon qilgan edi, o‘shandan beri har yil 16 noyabr Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanadi.

Global axborotlashuv asri nomi bilan tarixga kirgan XXI yuz yillikda ham bag‘rikenglik tushunchasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, Internet insoniyat jamiyatining barcha jabhalariga shiddat bilan kirib borayapdi. Ayniqsa, Internetning imkoniyatlari keng va cheksiz bo‘lib, u gazeta, radio va hatto televideniyedan ko‘ra ham kuchliroq ta’sirga ega. Lekin uning o‘ziga yarasha ayrim salbiy tomonlari ham mavjud. Internetning ijtimoiy tarkibi turfa xil ekanligi qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Kishilik jamiyatida siyosiy, ma’naviy, axloqiy, diniy, etnik va boshqa kuchlarning muvozanati muayyan darajada mavjud bo‘lsa hamki, Internet tarmog‘ida bunday tenglikni ko‘rmaysiz. Bunday ahvol boy ma’naviy va milliy an’analarga to‘g‘ri kelmaydigan, virtual olamning o‘zigagina xos bo‘lgan Internet «madaniyati»ni yuzaga keltirdi. Tarmoq ichida insoniyatga qarshi, yoshlarga qarshi tajovuzlarni ko‘rishingiz mumkin. Internet nazoratsizlik tufayli giyohvand moddalarni targ‘ib etib, axloqsizlik, zo‘ravonlik, qotillik va terrorchilikka undovchi resurslar bilan to‘lib-toshgan tajovuzkor axborot makoniga aylanib bormoqda.

pic

Bugungi kunda tarmoq targ‘ib qilayotgan jinoyatchilik va kiberterrorchilik jahon xalqlariga va har bir millatga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Global tarmoqning boy imkoniyatlaridan turli ekstremistik, terrorchi tashkilotlar va guruhlar irqiy, diniy va boshqa turdagi murosasizlikni targ‘ib qilish uchun foydalanmoqdalar. Hozir Internetda axloqsizlik, zo‘ravonlik va adovatga chorlovchi esktremistik hamda hayosiz (pornografiya) axborot resurslari nihoyatda ko‘p.

Xalqaro tarmoqning har bir foydalanuvchisi turli toifadagi insonlarga, boshqa millat vakillariga nisbatan o‘zining ijobiy yoki salbiy munosabati, qarashlari va g‘oyalarini erkin namoyon etish imkoniyatiga ega. Ya’ni Internetda har bir inson o‘ziga xos «nashriyotchi»ga aylanadi. Bu hol esa, o‘z navbatida keskin tusdagi, nafrat g‘oyalari bilan sug‘orilgan ma’lumotning hech moneliksiz keng tarqalishiga olib keladi.

Xalqaro terrorchi tashkilotlar ekstremizm, ayirmachilik va terrorchilikni targ‘ib qiluvchi saytlarini hech qanday to‘siqlarsiz Islomning turli radikal oqimlarining jihod va «kofirlar»ga qarshi g‘oyalarini targ‘ib qilish uchun ishlatadilar. Shu kabi axborotlar nafaqat alohida olingan yagona bir yoki ikki davlat uchun, balki butun jahon hamjamiyati uchun katta xavf tug‘diradi. Bunday saytlar terrorchilik hurujlarini amalga oshirishga undash bilan bir qatorda, ayirmachilik, diniy kelishmovchilik va millatlararo adovat kabi g‘ayri insoniy tashviqotni tarqatadilar. Terrorchilar tomonidan harbiylar va tinch aholini qiynoqlarga solish, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan usullar bilan jazolash sahnalarini namoyish etish orqali keng qamrovli axborot terrori olib boriladi. Masalan, Iroqdagi amerikalik fuqaroni «jazolash» sahnasi jahon afkor ommasini larzaga keltirdi. Bunday saytlar o‘z internet-manzillarini (domen nomlari) boshqa mamlakatlarda («com», «org», «info» kabi xalqaro «internet-makonlarda) joylashtiradilar. Islom terrorchi guruhlari umumjahon kompyuter tarmog‘ining virtual makonida «muqaddas urush» — «elektron jihod» ham olib bormoqdalar.

Ekstremistlar o‘z tarafdorlariga kodlangan ma’lumotlarni yuborish uchun Internetdan keng foydalanadilar, elektron pochta orqali xabarnomalar tarqatib, ularni ommabop, shu jumladan, hayosiz (pornografik) saytlarga joylashtiradilar. Kiberterrorchilar asosan ommaviy bo‘lgan Hotmail va Yahoo portallarining pochtasidan foydalanadilar, chunki, ularni tutib olish nihoyatda murakkab. Ular maxfiy xizmat tashkilotlariga noma’lum bo‘lgan o‘z do‘stlari va qarindoshlarining elektron pochtasini ishlatadilar. «Al-Qoida», XAMAS, «Xezbollax» kabi tashkilotlar axborotni yaxshi shifrlay oladigan kompyuter dasturlaridan ustalik bilan foydalanib kelmoqdalar. Shifrning kaliti faqat ma’lumotni oluvchigagina ma’lum.

Mana shunday o‘ziga xos «xilvatgoh»larda yashirilgan materiallar orasida terrorchilik hurujlarini amalga oshirish uchun ko‘rsatmalar, rejalar, joylarning fotosuratlari va sxemalari bo‘ladi. Amerika maxsus xizmat xodimlari tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, Usama Ben Loden o‘zining telefoni AQSh milliy xavfsizlik xizmati tomonidan tekshirilayotganini sezib qolgach, Internetdan foydalanishga o‘tgan.
Virtual makonda hech kimni befarq qoldirmaydigan shunday axborot resurslar borki, ular orqali millatlararo, dinlararo va irqiy murosasizlik keng targ‘ib qilinadi. Shu kabi saytlar (ko‘p hollarda etnik saytlar), asosan turli millat va e’tiqod vakillari, boshqa irqdagi insonlarga nisbatan nafrat va adovat tuyg‘ulari to‘lib-toshib, ularni kamsitish g‘oyalari bilan sug‘orilgan, Internet foydalanuvchilarini ularga qarshi kurash olib borishga da’vat etadi. Misol tariqasida AQSh Internet makonidagi «Osvensimdan yaxshiroq» («Better Than Auschwitz») nomli saytni keltirish mumkin. Sayt noma’lum skinxed tomonidan yaratilgan.
Uning bo‘limlaridan birida negrning g‘azabini keltirish uchun «tavsiyalar», ya’ni, haqorat so‘zlar bor. Qora tanlilarga va shu jumladan, mayda millatlarga qarshi qanday qurolni ishlatish afzalliklariga doir tavsiyalar ham uchraydi. Eng ayanchli tomoni shuki, mana shunday «maslahat» bilan tanishgan har qanday ekstremist yoki millatchi jinoyatchilikka qo‘l urishi turgan gap. Ushbu saytni yaratgan shaxsning no‘malumligi, uni topishning hozircha iloji yo‘qligi yoki o‘ta murakkabligi bunday saytlarning ko‘payishiga imkon tug‘diradi. Sayt muallifi qonunga xilof ma’lumotlarni tarqatgani uchun mas’uliyat hamda jazoga tortilishini his etmaydi. Insoniyat tafakkurining o‘sib borayotganligi, axborot texnologiyalarning shiddatli rivoji odamlarning osoyishta hayotiga tahdid solayotgan saytlar mualliflarini fosh etish imkonini hademay yaratadi, degan umiddamiz.
Yoshlarning ongini zaharlayotgan, ruhiy ta’sir qilayotgan resurslar — hayosiz (pornografik) saytlardir. Internetning Rossiya segmentidagi aksariyat axborot-qidiruv tizimlarining bosh sahifasida foydalanuvchining e’tiborini bevosita o‘ziga tortadigan turli qiyofadagi behayo va andishasiz fotosuratlar mavjud.

Hayosiz (pornografik) resurslar mualliflari bunday fotosuratlarni reklama qilish orqali Internet foydalanuvchilarini o‘z saytlari bilan tanishish va u yerda namoyish etiladigan «xizmatlar»dan foydalanish uchun undaydilar. Axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi shu kabi manbalar butun jahon hamjamiyati diqqat-e’tiborini befarq qoldirmayotganligi tabiiydir. Pornosaytlar aksariyat holda bunday axborotni qabul qilishga hali tayyor bo‘lmagan yoshlarning ruhiyati va salomatligiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazib, insoniyatning ma’naviy rivojiga putur yetkazishi mumkin.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ushbu muammoni bartaraf etishning ishonchli vositalari ishlab chiqilmoqda. Pokiston hukumati global tarmoqdan foydalanayotgan fuqarolarining ma’naviy pokligini saqlab qolish maqsadida 1800 ta pornosaytlarni blokirovka qildi. Xitoyning milliy Internet domenida har qanday andishasiz fotosuratlarni aniqlagan insonga 240 AQSh dollari miqdorida mukofot berilishi va’da qilindi. Hozirga qadar 1125 ta hayosiz saytlar aniqlanib, 445 ta kishi hibsga olingan. Internetning vatani-Amerika Qo‘shma Shtatlarida mamlakat maktablaridagi axborot texnologiyalarini shu mazmundagi saytlardan muhofaza etish uchun kontent filtrlar bilan ta’minlash maqsadida mablag‘ ajratilgan. Avstraliya ta’lim vazirligi barcha maktab va universitetlarda andishasiz saytlarga kirishni ta’qiqlash uchun 1,3 mln dollar sarf qildi. Isroilda esa, maxsus ultratovushli asbob ishlab chiqildiki, uning yordamida foydalanuvchining yoshini aniqlash mumkin. Agar u yosh bo‘lsa, asbob uni avtomat ravishda hayosiz saytlarga kiritmaydi. Isroilning I_Mature firmasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu uskuna foydalanuvchining yoshini uning mushtiga qarab belgilay oladi. AGR (Age Group Recognition, ya’ni «Mushtni baholovchi» nomini olgan bu uskuna kompyuterning klaviaturasiga joylashtirilgan.

pic

Axborot texnologiyalari kundalik hayotimizga shiddatli odimlar bilan kirib borayapti. Buni quyidagi dalillardan ham yaqqol kuzatish mumkin: Hozirgi kunda O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 800 ming kishidan oshib ketdi. So‘nggi uch yil mobaynida umumta’lim maktablarida xususiy kompyuterlar 1.1 barobariga ko‘payib, 59 ming 400 taga yetdi. Kollej va litseylarda esa, deyarlik ikki barobar ko‘paydi.

Ta’lim muassasalari ma’lumotlarni uzatishning milliy tarmog‘iga, jumladan, Internetga ulanmoqda.»Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan Internet tarmog‘idan jamoa bo‘lib foydalanish uchun joylar tashkil etish yuzasidan alohida dastur amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yil badalida mamlakatimiz bo‘yicha Internet-xonalarning soni 20 barobardan ziyod o‘sib, salkam besh yuzta (493) ga yetdi. Yosh avlodni g‘ayri insoniy ma’lumotlar tarqatadigan saytlardan muhofaza etish bugun o‘ta dolzarb vazifa bo‘lib qoldi. Ba’zi bir Internet-kafelarda pornosaytlarni tomosha qiluvchilardan 1000 so‘m miqdorida jarima olinadi. Bu usulni samarali vosita deb bo‘lmaydi. Internet-kafelar egalarining javobgarligini oshirish ustida qonunchilar o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lar edi.

Yoshlar ma’lumot olish maqsadida Internetning Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari domenlaridagi resurslarga murojaat qilib, u yerda esa, ko‘pincha axloqsizlik, dinlararo, millat va elatlararo dushmanlik, murosasizlik va adovatni targ‘ib qiluvchi, respublikamizdagi haqiqiy vaziyatni buzib, noxolis baholaydigan, axborotdan foydalanuvchilarda davlatimiz olib borayotgan siyosatga ishonchsizlik uyg‘otuvchi, yurtimizda tartibsizliklar, beqarorlik keltirib chiqarishga da’vat etuvchi xabarlarga duch keladilar. Shu vaqtga qadar, Internetning O‘zbekiston segmentida bevosita yoshlarga mo‘ljallangan axborot resurslari joy olgan emas edi. Chunki, ta’lim muassasalari yoshlarga mo‘ljallangan axborot resurslarini bir tizimga soladigan yagona axborot tarmog‘i respublikamizda yo‘q edi.

Endilikda O‘zbekistonning turli tuzilmalari tomonidan axborotlarni uzatish tarmoqlarida ta’lim va yoshlar bo‘yicha yaratilayotgan axborot resurslari yagona ZiyoNET axborot tarmog‘iga birlashtiriladi. Bu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 29 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Uning vazifalari: yoshlar uchun milliy axborot resurslarini shakllantirish va rivojlantirish; yoshlarning ma’naviy va aqliy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashadigan axborotdan keng ko‘lamda foydalanishlarini ta’minlash: sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va jismoniy tarbiya va sport turlarini ommalashtirish: o‘quvchilar va yoshlar uchun masofadan turib ta’lim olish usullarini va boshqa axborot-kommunikatsiya xizmatlarini ta’lim tizimiga joriy etishda ko‘maklashish. «ZiyoNET» tarmog‘i mamlakat maktablari, akademik litseylar, kollejlar, oliy o‘quv yurtlari, yoshlar tashkilotlari, hattoki kutubxona va muzeylar ham xalqaro axborot tarmoqlariga, shu jumladan, Internetga ulash faqat ZiyoNET orqali amalga oshiriladi.

«O‘zinfokom»ning kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish Markazi «O‘zAAA» tarkibida «ZiyoNET» resurs markazi tuziladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda xalq ta’limi vazirliklari huzurida uning bo‘limlari ochiladi.
Tadbirning yana bir yaxshi tomoni shuki, tarmoqdan foydalanuvchilardan domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, «ZiyoNET» texnologik maydonchasida joylashish va axborot resurslarini to‘ldirish hamda elektron pochta xizmatlari uchun haq talab qilinmaydi. Markazni moliyalashtirish, uning texnologik maydonchasini ochish va rivojlantirish «O‘zAAA»ning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

pic

«ZiyoNET» tarmog‘ining shakllanishi maktab, litsey va kollejlar o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurtlari talabalarining axborotlarga ehtiyojlarini to‘la-to‘kis qondirish, shuningdek, Internetning O‘zbekiston segmentida yoshlar uchun ta’lim olish va o‘z bilimlarini orttirishga xizmat qiladigan axborot resurslarini rivojlantirish imkoniyatini yaratadi.
Yoshlarni Internetdan olinayotgan axborotlarga tanqidiy yondashish va uning foydali manbalari asosida o‘z dunyoqarashini kengaytirish, g‘arazli ma’lumotlarni inkor eta bilish idrokini shakllantirish g‘oyat muhimdir. Ma’naviyat va ma’rifat uchun mas’ul shaxslar, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining o‘quv yurtlardagi bo‘limlari xo‘ja ko‘rsinga ish qilish o‘rniga mana shu sohani kuchaytirish uchun haqiqatan jon kuydirishlarini yurtimiz istiqboli talab etmoqda. O‘zbekiston segmentida bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi saytlar yaratilsa, kiberterrorchilikka qarshi shahdam tashlangan qadam bo‘lar edi. Jahon mamlakatlari tajribasi Internetning Milliy segmentida o‘zbek, rus va ingliz tillarida «Internet va bag‘rikenglik» degan axborot resursining yaratilishini taqozo qilyapti.

Bugun virtual makonda tajovuzkor web-sahifalar, sayt va chatlar kun sayin ko‘payib bormoqda. AQShda ularning soni 1400, Angliyada-1000, Rossiyada -900 dan ziyoddir. Modomiki shunday ekan, ularga qarshi samarali usul qo‘llanib, ishonchli vosita ishlab chiqilishini real hayot talab qilyapti. Taklif etilayotgan saytda axborot makonidagi yovuz niyatli tajovuzkorlik, boshqa millat va boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilarga nafrat g‘oyalariga qarshi o‘laroq, o‘quv dasturlari, suhbatlar, maqolalar e’lon qilinishi kerak. Internetda bag‘rikenglikka doir virtual davra suhbatlari (forumlar), konsultatsiyalar o‘tkazish ham maqsadga muvofiqdir.

Bugun global tarmoqda bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan resurslar soni oz emas. Ularni o‘rganib olsak, foydadan holi bo‘lmaymiz.
Quyida ularning nomlari keltiriladi: [url=http://www.tolerance.ngo.ru]www.tolerance.ngo.ru[/url] — Irqchilikka qarshi turuvchi va bag‘rikenglikka bag‘ishlangan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning maxsus loyihasi. Loyihaning maqsadi -milliy kamsitish, irqchilik va ekstremizm muammolari bilan shug‘ullanuvchi Rossiya nohukumat tashkilotlarining yagona tarmog‘ini yaratish. [url=http://www.hro.org]www.hro.org[/url] — «Rossiya inson huquqlari» portali. [url=http://www.un.org]www.un.org[/url] — Birlashgan Millatlar Tashkiloti sayti; [url=http://www.coe.int/ecri]http://www.coe.int/ecri[/url] — Yevropa komissiyasining irqchilikka qarshi sayti; [url=http://www.unhchr.ch]www.unhchr.ch[/url] — BMTning inson huquqlari Oliy komissarining sayti; www1.umn.edu/humanrts/ -Minnesota universitetining huquqni himoya qilish kutubxonasi sayti; [url=http://www.cultureofpeace.org.ru/tolerantnost.shtml]http://www.cultureofpeace.org.ru/tolerantnost.shtml[/url] — Moskva Tinchlik Madaniyati Markazining «Rossiyadagi bag‘rikenglik: biznikilar va o‘zgalar» dasturi sayti: [url=http://www.peace.ru/tolerance/]http://www.peace.ru/tolerance/[/url] — Tinchlik madaniyati axborot tarmog‘ining «Bag‘rikeng tafakkur» sayti; [url=http://www.unesco.ru/toler/toler.html]http://www.unesco.ru/toler/toler.html[/url] — YuNESKOning «Bag‘rikenglik» xalqaro dasturi sayti; [url=http://www.memo.ru/hr/diskrfram.htm]http://www.memo.ru/hr/diskrfram.htm[/url] — «Memorial» Huquqni himoya qiluvchi markazning sayti, «Diskriminasiya» bo‘limi; [url=http://www.innovations.ru/tolerant]http://www.innovations.ru/tolerant[/url] — Ijtimoiy innovasiyalar markazi resursining bag‘rikenglikka bag‘ishlangan sahifasi; [url=http://www.tolerance.ru/]http://www.tolerance.ru/[/url] -«Rossiya jamiyatida bag‘rikenglik tafakkurini tatbiq qilish va ekstremizm profilaktikasi (2001-2005 yillar)»» nomli federal maqsadli dastur sayti; [url=http://www.tolerance.narod.ru/]http://www.tolerance.narod.ru/[/url] — Elatlararo bag‘rikenglik. Axborot-analitik portal; [url=http://www.intercenter.uz/]http://www.intercenter.uz/[/url] — O‘zbekiston Respublikasi Baynalminal markazi sayti; Bag‘rikenglikni namoyon qilish inson huquqlariga ehtirom bilan hamohang, u ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan sabr-toqatli munosabatda bo‘lishni, o‘z iymon e’tiqodidan voz kechish yohud boshqalarning e’tiqodiga yon berishni anglatadi. U shuni anglatadiki, har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkindir va har kim bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini tan olmog‘i lozim.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq